Kogonda oyoq kiyimiga gashish yashirgan erkak ushlandi (video)
Olam
−
13:50 516 2 daqiqa
Buxoro viloyatining Kogon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaroning oyoq kiyimi ichidan 12,78 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi topildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kogon shahar ichki ishlar bo‘limi tezkor vakillari hamda Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari hamkorligida maxsus tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri Hamdo‘stlik mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro to‘xtatilib, uning ust-boshi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Shunda uning oyoq kiyimi ichiga yashirilgan, o‘ziga xos o‘tkir hidli va yumshoq holatdagi shubhali modda topilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu modda tarkibida tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan, sof og‘irligi 12,78 grammga teng gashish giyohvandlik moddasi ekani tasdiqlangan.
Shundan so‘ng giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilgan. Olib borilgan surishtiruv va tezkor harakatlar natijasida Farg‘ona shahri Do‘rmon ko‘chasi, 61-uyda yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olingan. U 40 gramm miqdoridagi gashish moddasini 5 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida katta miqdordagi gashish giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yilgandi.
Live
Barchasi