“Rossiya o‘zbekistonliklarni tekinga boqmayapti”. Bekmurodov Delyaginga javob qaytardi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, rossiyalik deputat Mixail Delyagin o‘zbekistonlik migrantlarning farzandlari uchun Rossiyada bog‘cha va maktablar tashkil etish tashabbusini mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib chiqqan hamda O‘zbekiston o‘z fuqarolarini Rossiyadan olib ketishi kerakligini "taklif" qilgandi. Deputatning bu chiqishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Delyaginning O‘zbekistondagi mavqedoshlari qatori “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ham bunga o‘z munosabatini bildirdi.

Bobur Bekmurodovning fikricha, har qanday mamlakatning o‘z fuqarolari to‘g‘risida qayg‘urgan holda, ularga zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surishi normal holat hisoblanadi. Shuningdek, o‘zbekistonlik deputat ushbu tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish, so‘zsiz Rossiya qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishini qo‘shimcha qilgan.

“Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, tabiiyki, halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlamoqdalar, Rossiya ularni tekinga boqmayapti. Bu borada ularning aksariyati yoshlarni tashkil etgan holda, o‘zlarining ayni kuchga to‘lgan davrlarida Rossiya iqtisodi uchun xizmat qilmoqdalar”, deydi Bobur Bekmurodov.

Uning aytishicha, rus deputatining ittifoqchi mamlakatga nisbatan bu kabi o‘ta og‘ir ayblovlarni ilgari surishi, Rossiya bilan munosabatlarda hattoki eng yaqin hamkorlarini ham hushyorlikka da’vat etadi.

“O‘rtoq Delyagin Mixail, agar siz aytgandek, Rossiya Federatsiyasi kabi katta mamlakatni mehnat migrantlari “parchalay” olsa, oldingizda davlatchilikni mustahkamlash bilan bog‘liq boshqa muhimroq vazifalar turibdi”, deydi Oliy Majlis deputati.

Bekmurodov O‘zbekistonda erkin OAV borligi, duma deputatlari aytayotgan fikrlar O‘zbekiston jamoatchiligiga yetib borishi va shubhasiz Rossiyaga nisbatan salbiy fikrni shakllantirishini eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz,  oldinroq “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Bobur Bekmurodov Mixail Delyagin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing