DeepSeek asoschisi dunyoning eng boy SI tadbirkoriga aylandi
Olam
−
14 iyul 3198 2 daqiqa
Xitoyning DeepSeek sun’iy intellekt kompaniyasi asoschisi Lyan Venfen dunyodagi eng boy sun’iy intellekt kompaniyasi asoschisiga aylandi. Uning boyligi kompaniya jalb qilgan yangi investitsiyalardan so‘ng 36 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu haqda “The Economic Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, DeepSeek’ning so‘nggi investitsiya raundi natijasida kompaniya qiymati 50 milliard dollarga baholangan. Shundan so‘ng Lyan Venfenning shaxsiy boyligi 16,7 milliard dollardan 36 milliard dollarga oshgan. Natijada u Anthropic asoschisi Dario Amodei va OpenAI hammuassisi Greg Brokmandan o‘zib ketib, sun’iy intellekt sohasidagi eng boy asoschiga aylangan.
Ma’lum qilinishicha, DeepSeek 2026 yil iyun oyida 7,4 milliard dollarlik investitsiya jalb qilgan. Ushbu investitsiya bosqichida Lyan Venfenning o‘zi ham kompaniyaga 3 milliard dollar sarmoya kiritgan. Hozirda u DeepSeek aksiyalarining qariyb 78 foiziga egalik qilmoqda.
Lyan Venfen 1985 yilda Xitoyning Guandun provinsiyasida tug‘ilgan. U Chjetszyan universitetida elektron muhandislik hamda axborot va kommunikatsiya muhandisligi yo‘nalishlarida tahsil olgan.
Tadbirkor 2023 yilda DeepSeek kompaniyasiga asos solgan. Unga qadar u ikki nafar kursdoshi bilan birgalikda High-Flyer Asset Management nomli kvant investitsiya fondini tashkil etgan. Hozirda mazkur fond qariyb 8 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi.
Lyan Venfen sun’iy intellekt rivojlanish istiqbolini erta anglagan tadbirkorlardan biri sifatida e’tirof etiladi. U boshchiligidagi jamoa 2019 yildanoq sun’iy intellektni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yuqori quvvatli hisoblash tizimlariga va Nvidia protsessorlariga katta sarmoya kiritgan. Aynan shu tayyorgarlik keyinchalik DeepSeek’ning jahon bozoridagi tezkor o‘sishiga zamin yaratgan.
“Bloomberg Billionaires Index” ma’lumotlariga ko‘ra, 36 milliard dollarlik boyligi bilan Lyan Venfen Xitoyning eng badavlat kishilari reytingida sakkizinchi o‘rinni egallagan. U bu borada Cambricon Technologies hammuassisi Chen Tyanshidan keyingi o‘rinda qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘ylab milliarderlar soni 2031 yilga borib qariyb 4 ming nafarga yetishi mumkinligi va bu boylik yig‘ish jarayoni tobora tezlashayotganini ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi