O‘ziga kelgan terma jamoa. UFC’ni “yondirgan” o‘zbek

Sport

O‘zbekistonda futbolsevar emas, ko‘proq milliy terma jamoani yaxshi ko‘radigan insonlar juda ko‘p. Chunki MTJ futbolchilari uchun hukumat charter reyslar yo‘lga qo‘yadi, minglab ishqibozlar garchi yomg‘irda bo‘lsa ham futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘ldan palon pulga bilet sotib olib, stadionga boradi va kamida ba’zida o‘yin tugagach futbolchidan malomat eshitib ham uyiga qaytaveradi. Nima bo‘lgan taqdirda ham tugayotgan haftada MTJ katta qiyinchilik bilan katta g‘alabani rasmiylashtirib, JCH sari yana bir qadam tashladi.  Ortda qolayotgan hafta shuningdek, dunyodagi eng nufuzli aralash yakkakurash ligasidagi o‘zbek jangchisining yorqin chiqishi bilan yodda qoldi. Shu mavzular haqida bugun batafsil so‘z ochamiz. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ. Sport dayjesti. Biz boshladik.

O‘zbekiston qiyinchilik bilan BAAni mag‘lubiyatga uchratdi

2026 yil AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga saralash bosqichining 4-turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari vakillari bilan bahs olib bordi. Ushbu turga 7 ochko jamg‘arib, guruhda yetakchi sifatida kelgan o‘zbekistonliklar bir qancha imkoniyatlar yuzaga kelganiga qaramay, o‘yinning ilk taymida gol ura olmadi. BAA vakillari ham qator vaziyatlar yaratdi, ammo ular ham raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi o‘zbekistonlik futbolchilarning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Shunday hujumlarning birida, 65 daqiqada mehmonlar futbolchisi Salmon Abdulla Hamad Jaloliddin Masharipovga qarshi qo‘pol o‘ynadi va bosh hakam unga qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatdi. O‘yinning 76 daqiqasida Bobur Abduxoliqov ishlagan penaltini Otabek Shukrov golga aylantirdi. Shu tariqa mezbonlar hisobda oldinga chiqib oldi. O‘yinning yakunigacha hisob boshqa o‘zgarmadi va O‘zbekiston MTJ ilk bor Toshkentda BAA jamoasi ustidan g‘alabaga erishdi.

Bir paytlar chiroyli futbol o‘ynab, 2 ta Jahon chempionatidan quruq qolganmiz – Otabek Shukurov

Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 4-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston-BAA o‘yini yakunlangach, uchrashuvdagi yagona gol muallifi Otabek Shukurov matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Barcha o‘yinlarimizda bosh murabbiyning yo‘qligi jamoaga ta’sir qiladi. Eron bilan oxirgi o‘yinlardagi natijamizga e’tibor berish kerak. BAA bilan Eron ikki xil jamoa. Oxirgi paytlarda jurnalistlar tomonidan bizga nisbatan ko‘p negativ bo‘lyapti, lekin bilingki biz natija uchun o‘ynaymiz, faqat chiroyli futbol uchun maydonga tushmaymiz. Men bir paytlar terma jamoada chiroyli futbol o‘ynab, 2 ta Jahon chempionatidan mosuvo bo‘lganman. Shuning uchun hozirgi natijamizni qadrlashingizni so‘rayman”, deydi Shukurov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ortda qolgan 4 ta turdan keyin “A” guruhida 10 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. 4-turda Qatarni 4:1 hisobida mag‘lub etgan Eron ham 10 ochko to‘plagan. To‘plar nisbatining yaxshiroqligi evaziga forslar kvartetda yetakchilik qilmoqda.

Osiyo jamoalarining JCHga chiqish imkoniyatlari yangilandi

2026 yilgi Jahon chempionati saralashining 3-bosqich 4-tur o‘yinlari yakunlangach, O‘zbekiston milliy terma jamoasining mundialga chiqish imkoniyati 93,1 foizga yetdi. Bu haqda “We Globall Football” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, saralashning oxirgi turida BAA ustidan qozonilgan g‘alaba “oq bo‘rilar”ni JCHga chiqish imkoniyatini 10,3 foizga oshirdi. Hozirda Osiyo qit’asi bo‘yicha Srechko Katanets shogirdlari JCHga chiqishga da’vogarlar orasida 4-o‘rinda qayd etilgan.

Bu borada Yaponiya terma jamoasi qit’ada yetakchilik qilmoqda. Kun chiqar yurt vakillarining imkoniyatlari salkam yuz foizga baholanmoqda. 99,6 foiz bilan Eron ikkinchi, 99,5 foizlik ko‘rsatkich bilan Janubiy Koreya 3-o‘rinni egalladi.

Masharipov BAA bilan o‘yinda nega penaltini tepmadi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashining 4-turida BAAni 1:0 hisobida mag‘lub etib, ochkolari sonini 10 taga yetkazdi. Uchrashuvdagi yagona gol penaltidan Otabek Shukurov tomonidan kiritildi.

Hakam Amirliklar darvozasiga penalti belgilagach, dastlab Masharipov 11 metrlik nuqtadan zarba berishga hozirlanayotgandi, biroq keyinroq u bu vazifani Otabek Shukurov amalga oshirishini xohladi.

Ma’lum bo‘lishicha, BAA safida bir paytlar Masharipov bilan “Shabab Al-Ahli” jamoasida to‘p tepgan futbolchilar bo‘lgan. Masharipovning sobiq jamoadoshlaridan biri darvozabonga Masharipovning qanday penalti tepishi bo‘yicha ma’lumot bergan, buni payqagan O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi esa Qatar mezbonlik qilgan Osiyo chempionatidagi xato takrorlanmasligi uchun zarba berishdan bosh tortgan.

Qayd etish joiz, yil boshida Qatarda kattalar o‘rtasida Osiyo kubogi bahslari o‘tkazilgandi. Musobaqaning 1/8 finalida O‘zbekiston milliy terma jamoasi mezbonlar bilan to‘qnash kelgandi. Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha daqiqlari 1:1 hisobida yakun topgach, penaltilar seriyasida Jaloliddin Masharipov, Rustam Ashurmatov va Zafarmurod Abdurahmatov kabi futbolchilarning urinishlari muvaffaqiyatsiz yakun topishi ortidan O‘zbekiston musobaqa bilan xayrlashishga majbur bo‘lgan.

Milliy terma jamoa uchun charter reys yo‘lga qo‘yiladi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati saralashi doirasidagi keyingi 2 ta o‘yini uchun Doha - Ventyan - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reys tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Milliy jamoa keyingi uchrashuvlarni 14 noyabr kuni Qatarda mezbonlarga qarshi hamda 19 noyabr kuni Laosda Shimoliy Koreyaga qarshi o‘tkazadi. Mehmondagi ikkita o‘yinda jamoaga qulaylik yaratish maqsadida O‘FA tomonidan reja asosida maxsus reys yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

O‘zbekistonlik ikki futbolchi JCH saralashining ramziy jamoasiga kiritildi

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Otabek Shukurov va Husniddin Aliqulov Jahon chempionati saralashining 3-bosqich 4-tur ramziy jamoasidan o‘rin oldi. Bu haqda “SofaScore” xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, Shukurovning BAA bilan o‘yindagi harakatlari 8,1 ballga, Aliqulovniki esa 7,9 ballga loyiq ko‘rilgan. Shuningdek, Shukurov uchrashuvdagi yagona golga ham mualliflik qilgan. 

Ramziy terma jamoaga O‘zbekistondan tashqari Qirg‘iziston, Eron va Iordaniya terma jamoalaridan ikki nafardan futbolchi kiritildi. Qatar va KXDR jamoalaridan bir futbolchi ramziy jamoadan joy oldi.

Ramazon Temirov UFC'dagi debyutini g‘alaba bilan boshladi 

13 oktyabrga o‘tar kechasi AQSHda o‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov mezbon jangchi Sijey Vergaraga qarshi oktagonga chiqib, g‘alaba qozondi.

Ilk raunddayoq Temirov raqibini ikki bor oktagonga qulatdi. Raqibining tana qismiga yo‘llangan zarbalardan keyin Sijey katta og‘riqni his qildi va hakam jangni to‘xtatdi.
Shunday qilib, 27 yoshli Temirov tashkilotdagi debyutini muvaffaqiyatli boshladi. 33 yoshli Vergara esa UFC’dagi 4-mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

“Bu divizionga tomoshabop jang qiladigan yangi chempion keldi”, deydi Temirov jangdan keyingi intervyusida.

Temirov debyut jangidan umumiy hisobda salkam 80 ming dollarga yaqin mablag‘ ishlab topdi. 27 yoshli o‘zbekistonlik jangchiga g‘alaba uchun 28 ming, undan tashqari musobaqadagi yorqin ishtiroki uchun yana 50 ming AQSH dollari taqdim etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Sport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing