Prezidentni uxlatmagan penalti– Sport dayjesti
Sport
−
18 may
7376Bugun Rahmonaliyevning zarbasidan keyin 3 kun uxlolmagan Prezident, Magnus Karlsenni sakratib yuborgan Nodirbek Abdusattorov va onlayn qimor o‘yinlari o‘ynaganlarni tanqid ostiga olgan Nusulton Ro‘ziboyev haqida gaplashamiz.
Penaltini urolmaganidan keyin 3 kun uxlolmay chiqdim – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Kinochilar saroyida san’at vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo kubogi finali va Parij-2024 Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida fikr bildirib o‘tdi.
“Bilasizlarmi, penaltini urolmaganidan keyin 3 kun uxlolmay chiqdim. Uning o‘rniga o‘zim bo‘lsam, deyman-da. Nimaga bunday bo‘lishi kerak ekan-a, bittagina to‘p-a? Shunday mahorat ko‘rsatdi, ularning ko‘pi bilan gaplashdim. Ularga telegramma yubordim. Endi biz ham darrov chempion bo‘lamiz, deymiz-da. Birinchi marotaba jamoaviy turda Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Bu ham katta yutug‘imiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident futbol ham oson ish emasligi, hozirda 5-6 nafar o‘zbekistonlik futbolchilar dunyoga mashhur jamoalarda to‘p surayotganini va bundan faxrlanishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoas bir necha kun oldin Qatar yashil maydonlarida yakuniga yetgan Osiyo chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixida ilk bor jamoaviy sport turlari bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Osiyo kubogi finalida Kapadze shogirdlari Yaponiyaga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib, qit’a birinchiligining kumush medallari bilan kifoyalangandi.
Ro‘ziboyev Bakliga mag‘lub bo‘ldi
12 mayga o‘tar kechasi AQSHning Sent-Luis shahridagi Enterprise Center arenasida o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev amerikalik Xoakin Bakli bilan jang qildi.
3 raundlik jangda Xoakin Bakli faollik ko‘rsatdi. Aniq zarbalar va teykdaunlar sonida ham Bakli ustunlik qildi. Hakamlar 30-27, 30-26, 29-27 hisobida Baklining g‘alabasini qayd etdi.
Ro‘ziboyev tashkilotdagi 3-jangidan 40 ming AQSH dollari foyda ko‘rdi. Bu haqda sportchining o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etish joiz, UFC on ESPN turnirning bonusi Billi Goff va Trey Uoters o‘rtasidagi jangga taqdim etildi. Yorqin bellashuv uchun har ikki sportchiga 50 ming AQSH dollari berildi.
Baxsdan keyin Ro‘ziboyev onlayn qimor o‘yinlarida uning g‘alabasiga pul tikib, yutqazganlarni tanqid ostiga oldi.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Ro‘ziboyev shu vaqtga qadar MMA'da 34 ta jangda g‘alaba qozongan, 8 ta bahsda esa imkoniyatni boy bergan. Ro‘ziboyevga tengdosh bo‘lgan Bakli esa 24 ta jangda qatnashib, shulardan 18 tasida zafar quchgan, 6 ta to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchragan.
Karlsenni sakratgan Abdusattorov 175 ming dollarlik turnirdan qancha ishlab oldi?
Polsha poytaxti Varshava shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha “Superbet Poland Rapid & Blitz” turniri nihoyasiga yetdi.
Turnirning blits bahslarida amaldagi jahon tojdori norvegiyalik Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgan o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov musobaqada 8 ochko jamg‘arib, bu yo‘nalishda hindistonlik Arjun Erigaysi bilan 6-7 o‘rinni qo‘lga kiritdi.
10 nafar grossmeyster ishtirok etgan musobaqaning rapid bahslarida 1-o‘rin xitoylik Vey Iga nasib etdi. U bahslar davomida 13 ochko ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Blits bahslarining 3-turida Nodirbek Abdusattorovga imkoniyatni boy bergan Magnus Karlsen esa rapidda 2-o‘rinni egalladi.
Blits o‘yinlarida esa Karlsen chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu yo‘nalishda Nodirbek 9,5 ochko bilan 5-o‘rinni band etdi.
Umumiy natijalarga ko‘ra, Karlsen birinchi, Vey I ikkinchi, Abdusattorov esa 6-o‘rinni egalladi. Garchi turnida o‘zbekistonlik grossmeyster sovrinli o‘rinlarni egallay olmagan bo‘lsa ham, 11 ming dollar pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Nodirbek blits bahslarining 3-turida Karlsenni mag‘lubiyatga uchratib, uni o‘ziga xos reaksiya qilishga majbur qilgani bilan ham turnir kuzatuvchilarining yodida qoldi.
Magomed Ibragimov karerasini yakunladi
Asli rossiyalik erkin kurashchi, faoliyati davomida ko‘plab nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Rio-2016 Olimpiadasi sovrindori Magomed Ibragimov sport bilan xayrlashdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
38 yoshli Ibragimov oxirgi marta Turkiyaning Istanbul shahri mezbonlik qilayotgan Parij-2024 Olimpiadasi uchun litsenzion turnirda ishtirok etdi.
Ibragimov faoliyatidagi oxirgi bahsda xitoylik 25 yoshli Xabila Avusayimanga mag‘lubiyatga uchradi.
Kurashchi faoliyati davomida ikki karra Osiyo chempioni bo‘lgan. Shuningdek, o‘tgan yili Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida bronza medaliga ega chiqqan.
Shahram G‘iyosov Madrimov jang qiladigan turnirda ringga ko‘tariladi
O‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov 3 avgust kuni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan boks kechasida jang qiladi. Bu haqda sportchining o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Katta ehtimol bilan G‘iyosovning bo‘lajak jangi chempionlik kamari uchun o‘tkazilmaydi, chunki G‘iyosovning vaznidagi litvalik Eymantas Stanyonisning jang o‘tkazganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Stanyonis 3 avgustgacha chempionlik jangiga tayyor bo‘la olmasligi mumkin.
30 yoshli o‘zbekistonlik bokschining raqibi kim bo‘lishi hozircha noma’lum. G‘iyosovga ko‘ra, uning chempionlik jangi taxminan dekabr oylarida o‘tkaziladi.
Qayd etish joiz, 3 avgust kuni o‘tkaziladigan boks oqshomining markaziy jangi o‘zbekistonlik Isroil Madrimov va amerikalik Terens Krouford o‘rtasida WBA chempionlik kamari hamda birinchi o‘rta vaznda vakant, ya’ni egasiz bo‘lib turgan vaqtinchalik WBO kamari uchun bo‘ladi.
O‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov amerikalik yengilmas Terens Kroufordga qarshi jang uchun maxsus taktika tayyorlamoqda. Bu haqda Shahram G‘iyosov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Boksda bitta zarba hamma narsani hal qilishi mumkin. Oldindan hech narsa deya olmayman, lekin Madrimovning g‘alaba qozonishiga ishonaman. Hozir Madrimov qizg‘in mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Isroil jismoniy va texnik tomondan yetuk bokschi. U hozirda murabbiylari bilan Kroufordga qarshi jang uchun taktika tayyorlamoqda. Uning imkoniyatlari yaxshi. Nasib etsa, Kroufordga qarshi jangda uning oldida bo‘laman”, deydi G‘iyosov.
Qayd etish joiz, Madrimov va Krouford aprel oyida jang oldidan rasmiy tadbirda ishtirok etib, ilk marta nigohlar jangida ro‘baro‘ kelishgandi.
Habib Nurmuhammedovning Rossiyadagi kompaniyalari yopilmoqda
Rossiyalik aralash yakkakurashlar (MMA) bo‘yicha mashhur jangchi, yengil vazn toifasida UFC sobiq chempioni Habib Nurmuhammedov Federal soliq xizmatidan 306 million rubl qarzdorligi ma’lum bo‘ldi. Departament Eagle FC va unga aloqador xayriya jamg‘armasining akkauntlarini blokladi. Bu haqda “Mash” Telegram-kanali xabar berdi.
O‘zining sport karerasini tugatganidan so‘ng, Habib sport ozuqalarini sotish, Eagle FC promousheniga homiylik qilish bilan shug‘ullangan.
Manbaga ko‘ra, sportchi keyinchalik Sildi, First Mobile kompaniyalari, shuningdek, Ta’lim, sport va ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirish jamg‘armasi ta’sischiligidan iste’foga chiqqan. Nurmuhammedov o‘ziga tegishli kompaniyalar egaligini qarindoshlari va do‘stlariga topshirgan.
Federal soliq xizmati tekshiruvni boshladi, hozirda Nurmuhammedovning bir qancha kompaniyalari yopilgan. Masalan, turizm bilan shug‘ullanuvchi Hikmet Travel kompaniyasi ham faoliyatini to‘xtatdi. Xuddi shunday holat Eagle FC bilan kuzatilishi mumkin, deyiladi xabarda.
Nurmuhammedovning jamoasi esa sportchining Federal soliq xizmati oldidagi qarzlari haqidagi ma’lumotlarga javob qaytardi.
“Soliq qarzi haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri. Habib biznes loyihalari bilan shug‘ullanishda va ularni rivojlantirishda davom etmoqda”, deydi Nurmuhammedov jamoasi vakili.
Magomed Ibragimov karerasini yakunladi
Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan, hozirda Kanada fuqaroligi bilan MLS o‘rinbosarlar ligasida to‘p tepayotgan futbolchi Kamron Habibulloh O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining Parij mezbonlik qiladigan Olimpiada uchun tarkibiga jalb etilishi mumkin. Bu haqda “Scout in Eurasia” X sahifasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston futbol federatsiyasi Kamron Habibullohni Olimpiada o‘yinlariga jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
20 yoshli Kamron Habibulloh hozirda AQSHning “Sporting Kanzas Siti” o‘rinbosarlar jamoasida to‘p tepadi. Futbolchi Kanada U-17 terma jamoasi safida qit’a birinchiligi va Jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
Joriy mavsum Habibulloh “Sporting Kanzas Siti” klubi safida MLS Next Pro chempionati doirasida 7 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi.
Biroz vaqt o‘tgach O‘zbekistonda tug‘ilib, hozirda AQSHda to‘p tepayotgan futbolchi Kamron Habibullohning futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-23 terma jamoasi safida Olimpiadada ishtirok etishi haqiqatdan yiroq holatligi aniq bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi ustozi Temur Kapadze QALAMPIR.UZʼga batafsil va ishonchli ma’lumotni berdi.
“Men bu futbolchini tanimayman ham. Shunaqa futbolchi borligini endi bildim. Olimpiada uchun kengaytirilgan ro‘yxat allaqachon kerakli joyga taqdim etilgan. Ro‘yxatda esa bu bolaning nomi yo‘q. Qaysidir manbalar bu futbolchini yanada tanitish uchun shunaqa xabarlar tarqatayotgan bo‘lsa kerak”, deydi Kapadze.
Qayd etilishicha, 20 yoshli Kamron Habibulloh hozirda Kanada U-20 jamoasi a’zosi hisoblanadi. Hozirda unda Afg‘oniston fuqaroligini olish varianti ham mavjud.
LiveBarchasi