Gazga navbat uchun yoqalashayotgan o‘zbek Hafta tahlili
Tahlil
−
03 mart
10680O‘zbekistonning qishi oxirgi yillar juda egoist chiqdi-da. Anomalligi yetmagandek, bahor kelsa ham o‘rnini bo‘shatay demaydi. Mart kirib kelganiga qaramay, falakning qor xaltasi bo‘shamayapti. Qish etagini tortavermagach, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar tugayotgani yo‘q. Kunmi, tunmi farqi bo‘lmay qoldi. Kechagina Yangi O‘zbekiston bog‘i tomonlarga borgandim. Bog‘dan sal nariroqda bir necha yuz metrlik navbatga ko‘zim tushdi. Odamlar nimani poylayapti yo biror narsa bepul tarqatilyaptimi, desam o‘sha yerda ham metanga “ocherd” ekan. Bo‘stonliqdan qaytishda yana shunday holatga ko‘zim tushdi. Navbatda esa yo‘lovchi tashiydigan avtobuslar ham borligi meni hayratga soldi. Yo‘lovchi avtobuslari uchun alohida yonilg‘i quyish shoxobchalari yo‘qmi? Ular ham shu uzun navbatlarda sarson bo‘laveradimi? Eng qizig‘i, men duch kelgan ikki holatda ham gaz quyish shoxobchalari yopiq edi va odamlar umid bilan kutishda davom etardi. O‘sha kunning o‘zida esa ijtimoiy tarmoqda gaz “zapravka”da chiqqan janjal, unda o‘nlab barzangining kuchi bir yigitga yetgani, uni o‘lasi qilib do‘pposlayotgani aks etgan videoga ko‘zim tushdi. Siz ham ko‘rganingiz aniq. Xo‘sh, biz qachondan gaz, unga navbat talashib qirpichoq bo‘ladigan odamlarga aylanib qoldik? Bunga kim aybdor? Izohlarda faol bo‘ling. Biz esa kutganingizdek Hafta voqealari tahlilini boshlaymiz.
Metan “zapravka”da mushtlashuv ro‘y berdi
Metan “zapravka”dagi janjal 26 fevral kuni, Yuqori Chirchiq tumani hududida joylashgan metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan.
Holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan nazoratga olinib, hududiy IIB tomonidan JKning 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Garchi metan “zapravka”dagi janjalda bir necha kishi jarohatlangan, unda o‘nlab yigitlar qatnashib, mushtumzo‘rlik qilgani aks etgan videoisbot Telegram’da tarqalgan bo‘lsa-da, Ichki ishlar necha kishi jarohatlangani va necha kishi qo‘lga olinganiga oid ma’lumotlarni oshkor etgani yo‘q.
Videoda o‘lasi qilib kaltaklangani aks etgan yigit esa videomurojaat bilan chiqib, tirikligini e’lon qildi.
Qayd etish o‘rinliki, Energetika vazirligi 22 fevraldan boshlab O‘zbekistondagi metan “zapravka”lar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanayotganini ma’lum qilgandi.
Benzin narxi oshdi, Komilovlar yana boyidi
Gapning sirasi kelganda gaz ortidan benzinni ham eslab o‘tsak, keyin bu mavzuga qaytmasdik.
26 fevraldan boshlab “O‘zbekneftgaz”ning avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzin narxi 200 so‘mga qimmatlab, 7000 so‘mdan sotila boshladi. Bu yil boshidan buyon ushbu markadagi benzin narxi 1000 so‘mga yoki 16,6 foizga qimmatlashishidir.
“O‘zbekneftgaz” rasmiy sahifalarida AI-80 markali benzin narxi nega oshirilgani haqida hech qanday ma’lumot berilmadi.
Bundan ikki oy avval, 1 yanvar kuni ham “O‘zbekneftgaz” AI-80 markali benzin narxini 6050 so‘mdan 6800 so‘mga oshirgan edi. Narxning ko‘tarilishiga sabab sifatida kompaniya yonilg‘i uchun berilgan nol stavkali aksiz solig‘ining imtiyozli davri tugaganini keltirgan.
Hozirda ayrim xususiy yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzin 8500 so‘mdan sotilmoqda. Gaz quyish shoxobchalarida bo‘lgani kabi “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida ham turnaqator navbatlar yuzaga kelgan, ba’zi navbatlar 1 kilometrgacha va undan oshiqqa cho‘zilgan.
Ha darvoqe, “O‘zbekneftgaz”ning 78 ta avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarini nazorat qiluvchi “UNG Petro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foizlik ulushi O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov 100 foiz hissadori bo‘lgan "PETROLEUM TECHNOLOGY GROUP" MCHJga o‘tdi.
Biroq, benzin narxining oshishi haqida miq etmagan “O‘zbekneftgaz” mazkur MCHJning qachon va qanchaga sotilganiga ham aniqlik kiritgani yo‘q.
Doniyor Komilov Rossiya fuqarosi hisoblanadi. U Rossiyadagi bir nechta yirik kompaniyalarda ulushlarga ega, shuningdek, o‘tgan yili Ural kon-metallurgiya kompaniyasining ham benefitsiar egasiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, Doniyor Komilov ta’sischiligidagi kompaniya poytaxt markazidagi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosini sotib olgan edi. O‘shanda ushbu ma’muriy bino Moddiy-madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida edi. Hozirda eski bino o‘rnida mehmonxona qurilmoqda.
“Svet” va gaz narxi ham oshyapti
O‘zbekistonda neft, gaz va elektr energetika sohasida tarif islohotlari amalga oshiriladi. Islohot doirasida 2024 yilning may oyiga qadar elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun tariflarni tannarxdan past bo‘lmagan darajaga oshirish loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda 2024 yilga mo‘ljallangan davlat dasturida ma’lum qilindi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi va gaz narxlarini belgilashda “ijtimoiy me’yor” tizimi joriy etiladi.
O‘tgan yili Energetika vazirligi elektr va gaz aholiga o‘z tannarxidan past qiymatda yetkazib berilayotgani, bir yilda o‘rtacha 1,15 mlrd dollar mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanayotganini ma’lum qilgan edi.
Tariflarni tannarxdan past bo‘lmagan miqdorga oshirish uchun Energetika vazirligi va Milliy ijtimoiy himoya agentligi mas’ul etib belgilangan.
Bundan avval Energetika vazirligi QALAMPIR.UZ'ga davlat iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olsagina uning narxi tannarxidan oshirilishini, narx mo‘ljali 450-500 so‘m bo‘lishini aytgan edi.
Hozirda 1 kVt/soat elektr narxi:
• aholi uchun – 295 so‘m;
• I va II guruh iste’molchilari (Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va ularning tarkibiy korxonalari, byudjet tashkilotlari, shuningdek, nasos stansiyalari) uchun – 1000 so‘m;
• boshqa yuridik shaxslar (kompaniyalar) uchun – 900 so‘m.
1 kubometr tabiiy gaz narxi:
• aholi uchun – 380 so‘m;
• Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va byudjet tashkilotlari uchun – 1800 so‘m;
• boshqa yuridik shaxslar uchun – 1500 so‘m.
BBC jurnalisti IIBga chaqirtirilib, “patriot” bo‘lishi so‘raldi
Xalqaro institutlar, xususan AQSH davlat departamenti va Human Rights Watch kabi tashkilotlar O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarga nisbatan munosabatlardan xavotir bildirib turgan bir paytda, ko‘p yillardan buyon Britaniyada istiqomat qilib, BBC o‘zbek xizmatida faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Ibrat Safo Toshkent shahri Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limiga ijtimoiy tarmoqda joylashtirgan posti ortidan “suhbatga” chaqirildi. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.
“Yigirma yil Londonda BBC’da jurnalist bo‘lib ishlab, bugun mana men ham O‘zbekistondagi Ichki ishlar boshqarmasiga "suhbat"ga chaqirildim. Meni qidirgan Chilonzor tuman IIBsi xodimi "Jasur" to‘liq ism-sharifi va rutbasini aytishdan bosh tortdi. Qizig‘i, men 2017 yildan beri Chilonzorda propiskada turmayman, propiskam Londondagi O‘zbekiston elchixonasida. Meni "topish"dan avval u ikki marta 58 yashar nafaqadagi o‘qituvchi opamni bezovta qilgan va Chilonzor RUVDsiga kelishini aytgan. Men opamga bormang dedim. Londondan telefon qildim.
Jasurning aytishicha, men O‘zbekiston haqida internetda "negativ" qoldirganim uchun "Prezident administratsiyasi qoshidagi ommaviy axborot vositalarini monitoring qiluvchi markaz" unga topshiriq bergan. Aytishicha, "O‘zbekiston hukumatini obro‘sizlantirish" degan qonun bor ekan, lekin aynan qaysi qonun ekanini so‘rasam-da, aytmadi. "Prezident administratsiyasi qoshidagi" markazdan kelgan topshiriq mening 1 fevralda yozgan postimdan norozi ekan. U qisqa postimda hech kimning ismini keltirmaganman, shunchaki kimdir o‘z hokimligi davrida bir parkni quritib o‘rniga o‘zi soqqa qilish uchun disneylend qursa, demokratik davlatlarda bu yirik skandal bo‘lishini, lekin O‘zbekiston boshqa mezonlar bo‘yicha yashashini yozganman. Bo‘ldi. Shundan norozi bo‘lishibdi.
Jasurning necha yoshligi yo jurnalistika borasidagi bilimini bilmayman, lekin u meni "patriot" bo‘lmaslikda aybladi va bunday postlarni yozishni to‘xtatishimni buyurdi. U o‘zining patriot ekanini ham aytdi. Aynan qanday mavzularda yozishim mumkinligi haqida maslahat so‘raganimda, javob bermadi. Qachon O‘zbekistonga kelishimni bilishga uringanida, undan aviachipta so‘raganim ham negadir unga yoqmadi. Endi shikoyatni Tashqi ishlar vazirligiga jo‘natar ekan”, deydi Ibrat Safo.
BBC xodimi Ibrat Safoning Ichki ishlarga chaqirilishi ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart vaziyatga o‘z munosabatini bildirib, jurnalist bilan sodir bo‘lgan voqeani qoralab chiqdi.
“O‘zbekiston Konstitutsiyasida jurnalist huquqlarini cheklash va senzuraga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Prezident Mirziyoyevning bayonotlari ham OAV erkinligiga sodiqlikni ko‘rsatadi. Ammo bu kabi holatlar asl vaziyat teskari ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, degan elchi.
Hozirgacha Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va AOKA holatga munosabat bildirgani yo‘q.
Tugayotgan haftada Toshkent shahar sudida “Dok-1 Maks” dori vositasi sabab 68 bolaning vafot etishi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi o‘qildi.
Sud hukmiga ko‘ra:
Hindistonlik “Quramax Medical” MCHJ direktori lavozimida ishlagan Singx Ragvendra Pratap Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 213-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin uni O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborish belgilandi.
“Quramax Medical” MCHJ savdo direktori lavozimida ishlagan Qambaraliyev Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi va 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 4 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 3 yil 11 oy 18 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
“Quramax Medical” MCHJ ro‘yxatga olish bo‘yicha menejeri lavozimida ishlagan Mirzaahmedova Jinoyat kodeksining 28,186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksning 72-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi.
“Quramax Medical” MCHJ bosh hisobchisi lavozimida ishlagan Mirzaahmedov Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan Sardor Qoriyev Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Azimov Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 25,205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori o‘rinbosari va Farmakopeya qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimlarida ishlagan Musayev Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 25,205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori yordamchisi, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan Soliyeva Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 1 yil 10 oy 10 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi vitse-boshlig‘i lavozimida ishlagan Shodmonov Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 25,205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi, 28,210-moddasi 3-qismi “a” bandi va 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan Erkiniy Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 212-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 4 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
Shuningdek, yana 9 kishiga ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Sudlanuvchilar Singx Ragvendra Pratap, Mirzaahmedova, Qoriyev, Azimov, Musayev, Shodmanov va Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib, vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 000 000 000 so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 000 000 so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 000 000 so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.
Sudlanuvchi Shodmonovdan olgan pora miqdori qiymati – 881 814 000 so‘mni, sudlanuvchilar Azimov va Musayevdan solidar tartibda – 93 810 000 so‘mni davlat foydasiga undirish belgilandi.
Singx Ragvendra Pratap, Qambaraliyev va Mirzaahmedovdan solidar tartibda 5 420 177 400 so‘m soliq qarzdorligi davlat foydasiga undirilishi belgilandi.
Nargiz Zokirova O‘zbekistondan voz kechdi
Nargiz Zokirova haqida gap ketganda, ko‘pincha uning mashhur Zokirovlar sulolasining davomchisi ekani aytiladiyu biroq Zokirovlar sulolasi o‘zi qanday oila ekaniga e’tibor qaratilmaydi. Ushbu ustazodalar sulolasining boshi O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov va Shoista Saidova. Bu san’atkorlar oilasidan Botir Zokirov, Farrux Zokirov, Jamshid Zokirov, Baxtiyor Zokirov, Luiza Zokirova, Bahodir Zokirov, Gavhar Zokirova, Javohir Zokirov kabi san’atkorlar yetishib chiqqan. Va albatta, Nargiz Zokirova ham shu sulola a’zosi – favquloddagi a’zosi. Qo‘shig‘ini bilmadimu lekin O‘zbekistonda asosan kal boshi, tatuirovkalari bilan tanilgan Nargiz Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushiga qarshi chiqqanidan o‘zbekistonliklar unga bag‘rini ochdi. Hatto, chopon kiyib, to‘ylarga borishni boshladi. Nom va non topdi. Zokirovaning oshig‘i olchi shekil, endi unga bu mamlakat ham kerak bo‘lmay qolibdi.
Nargiz Zokirova o‘zining navbatdagi bayonoti bilan hafta bo‘yi diqqat markazida turibdi. U Instagram’dagi sahifasida kuzatuvchilarining savoliga javoban, O‘zbekistonni ishonchsiz davlat deb atab, mamlakatni tark etgani, hozirda AQSH va Isroil bayroqlari ostida konsert berayotganini yozdi.
Xonanda O‘zbekiston uni emas, u O‘zbekistonni yuragidan chiqarib tashlaganini quvonchni ifoda etuvchi stiker bilan bayon qilgan. Keyin esa u o‘zining bayrog‘i va vatani borligini, bular Isroil va AQSH ekanini urg‘ulagan.
Xo‘sh, siz Nargiz Zokirovaning qo‘shiqlarini eshitasizmi? O‘zingizni uning muxlislari qatoriga qo‘sha olasizmi? Izohlarda faol bo‘ling.
Putin Navalniyning o‘ligidan ham qo‘rqadimi?
1 mart kuni marhum rus muxolifatchisi Aleksey Navalniyning dafn marosimi Moskvadagi Borisov qabristonida bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, ertalabdan minglab odamlar Navalniy bilan xayrlashish uchun cherkovga to‘plangan. Ma’badga navbat bir necha yuz metrga cho‘zilgan. Siyosatchining jasadi bo‘lgan tobut cherkovga olib kelinganida, odamlar "Navalniy!", “Putin – qotil”, “Biz kechirmaymiz!”, “Rossiya ozod bo‘ladi!”, deya hayqirishgan.
Marosimda Navalniyning yaqin qarindoshlaridan faqat ota-onasi qatnashgan, uning bevasi va bolalari u bilan vidolashuvga kelmagan. Biroq Navalnaya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida uni abadiy sevishini bildirgan.
Dafn marosimida AQSHning Rossiyadagi elchisi Linn Treysi, Fransiya, Germaniya, Norvegiya va Daniya diplomatlari ham ishtirok etgan.
Navalniyning dafn marosimi kuni Rossiyada, xususan Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Marosim politsiyaning kuchli nazorati ostida o‘tdi. Yo‘l bo‘yicha temir to‘siqlar o‘rnatilib, politsiya maxsus kuchlari va OMON navbatchilik qilgan, qabriston va cherkovga olib boruvchi yo‘llarga yuzni tanib oluvchi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, oliy o‘quv yurtlari talabalari videolashuv marosimida ishtirok etgudek bo‘lsa, talabalar safidan chiqarilishi haqida ogohlantirilgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlar va xalqaro OAVda Putin hukumati hatto Navalniyning o‘ligidan ham qo‘rqmoqda degan munosabatga sabab bo‘ldi.
Hindistonlik talaba O‘zbekistonda vafot etdi
28 fevral kuni Abu ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining 20 yoshdagi hindistonlik talabasi Navas Nasmel vafot etdi.
Qayd etilishicha, hindistonlik talabaning yotoqxonadagi o‘z xonasida sog‘lig‘i yomonlashgan va tez tibbiy yordam chaqirtirilgan. U zudlik bilan Buxoro viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. Ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordam va muolajalarga qaramay, vafot etgan.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Buxoro filiali tomonidan taqdim etilgan dastlabki tashxisga ko‘ra, marhumning o‘limiga ikki tomonlama o‘pkalarning total pnevmoniyasi oqibatida yuzaga kelgan o‘tkir nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Muzqaymoq yalayotgan Bayden dunyoni jarlikka tortyapti
Dunyo ostin-ustun bo‘lyapti. Ukraina urushidan odamlar zerikdi. Shaharlar vayron bo‘lgan. Urush esa tinay demayapti. AQSHning harbiy yordamlari ortgandan ortmoqda. G‘azodagi vaziyat esa kun sayin yomonlashmoqda. Qirg‘inning, to‘kilayotgan qonning oxiri ko‘rinmayapti. Shunday vaziyatda esa prezidentlik muddatining oxirgi yilini o‘tayotgan va bu urushlarda asosiy ishtirokchi bo‘lib qolayotgan AQSH Prezidenti Jo Bayden dunyoni muzqaymoq yegancha jarlikka tortish bilan band. Bu hafta uning muzqaymoq yalab turgani va ortida kuli ko‘kka sovurilayotgan dunyo aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda ommalashdi.
Gap shundaki, G‘azoda minglab bolalar o‘ldirilayotgan, chaqaloqlar oddiy ozuqaga zor qolayotgan, ikki oylik norasida Muhammad ochlikdan vafot etgan bir paytda Bayden bamaylixotir yalpizli muzqaymoq yeyayotib, jurnalistlarga Isroil va HAMAS o‘rtasidagi G‘azo sektoridagi o‘t ochish tez orada to‘xtashini aytdi.
“Dam olish kunlari oxirigacha. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchim menga kelishuvga yaqin ekanimizni aytdi. Biz yaqinmiz, lekin u hali to‘liq kelishuvga erishmadik. Va umid qilamanki, kelasi dushanbaga qadar biz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzamiz”, degan Bayden.
Amerika yetakchisi komik Set Mayers bilan birga Nyu-Yorkdagi NBC televideniyesi binosiga borganida, muzqaymoq do‘konida to‘xtab, u yerda jurnalistlar qurshovida qolgan. Bundan oldin Oq uy rahbari tok-shou uchun intervyu bergan.
OAV xabarlariga ko‘ra, Bayden komediyachi bilan suhbat o‘tkazar ekan, binoning qabulxonasida o‘nlab faollar namoyish o‘tkazgan va 50 ga yaqin odam hibsga olingan.
“Axios” portalining yozishicha, Vashington ma’muriyati 2024 yil 11 martda boshlanadigan Ramazon oyigacha kelishuvlarga erishmoqchi.
Turli manbalarning xabariga ko‘ra, Isroil anklavda garovga olingan isroilliklar evaziga qamoqxonalarda saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilishga tayyor. Kelishuv 400 nafar falastinlik mahbusni ozod qilish evaziga HAMAS tomonidan 40 nafar garovdagi isroillikni qo‘yib yuborishni o‘z ichiga olishi mumkin.
AQSHlik harbiy o‘zini yoqib yubordi
AQSH harbiy-havo kuchlarining xizmatchisi Vashingtondagi Isroil elchixonasi oldida o‘zini yoqib yubordi. Shu tariqa 25 yoshli Aaron Bushnell G‘azo sektoridagi genotsidga qarshi norozilik bildirishga qaror qildi.
Formadagi yigit o‘zini AQSH harbiy-havo kuchlarining faol a’zosi sifatida tanishtirib, “Men endi genotsidda qatnashmayman”, deb aytgan. Keyin askar o‘ziga boshdan-oyoq benzin quyib, olov yoqadi va baland ovozda “Falastinga ozodlik!” deb bir necha bor baqiradi. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan, biroq vafot etgan.
"The New York Post" nashrining yozishicha, radikal anarxistik guruhlar bilan onlayn aloqada bo‘lgan AQSH Havo kuchlarining 25 yoshli harbiysi o‘ta maxfiy ma’lumotni bilib qolgan. Marhum askar sirdosh do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, ayni paytda u guvohi bo‘lgan haqiqatlardan dahshatga tushayotganini aytgan.
"U shanba kuni menga G‘azoda bizning qo‘shinlarimiz ham borligini, qotilliklarda AQSH askarlari bevosita ishtirok etayotganini bildirdi", degan marhum Bushnellning do‘sti.
O‘z navbatida, askar AQSH harbiylarining qo‘li G‘azodagi falastinliklarning qoniga botayotganidan tushkunlikka tushib qolgan.
Qayd etilishicha, marhumning haqiqiy ishi razvedka ma’lumotlarini qayta ishlashdan iborat bo‘lgan. U tanishgan sirlarning ba’zilari Isroil va G‘azo mojarosi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Aaron o‘limidan avval do‘stiga Amerika qo‘shinlari ko‘p sonli falastinliklarni vahshiylarcha o‘ldirayotganini qo‘shimcha qilgan.
Yigitning vafotidan keyin Nyu-Yorkdagi dunyoga mashhur Tayms maydonida yuzlab odamlar namoyish o‘tkazdi. Yomg‘irga qaramay, fuqarolar bannerlar va Falastin bayroqlari bilan Tayms maydoniga borgan, Bushnell va G‘azoda halok bo‘lganlar uchun gullar qoldirgan va sham yoqqan. Namoyishchilar G‘azo sektorida 2023 yilning 7 oktyabridan beri halok bo‘lgan insonlarning ism-sharifi yozilgan ro‘yxatni ham olib kelgan. Mitingda Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga qarshi yaxudiy millatiga mansub kishilar ham qatnashgan. Bundan tashqari, Vashingtondagi Isroil elchixonasi oldida ham o‘nlab odamlar Aaron Bushnellning xotirasi uchun yig‘ilgan.
Erdo‘g‘an G‘arbni G‘azodagi genotsidga sheriklikda aybladi
Turkiyaning Antaliya shahri yana diplomatiya forumiga mezbonlik qilmoqda. Unda Turkmaniston Xalq kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedovdan tortib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovgacha ishtirok etdi. O‘zbekistonda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qatnashdi.
Forumning ochilishida nutq so‘zlagan Erdo‘g‘an Isroilni yana bir bor genotsidda, Birlashgan Millatlar Tashkilotini esa qo‘l qovushtirib o‘tirishda aybladi.
“G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar, urush emas, bu genotsidga urinishdir. Chunki urushda ham amal qilish kerak bo‘lgan axloq, odob va qonun bor. Men ona qo‘lidagi go‘daklarni ochlik va tashnalikka mahkum etuvchi, shifoxonalar, cherkovlar, masjidlar, maktablar, universitetlar, qochqinlar lagerlari va tez yordam mashinalarini bombardimon qilgan, oziq-ovqat yordami olish uchun navbatda turgan tinch aholini xiyonat va nomussizlik bilan nishonga olgan vahshiylik haqida gapiryapman. Oilasi bilan xavfsiz joy qidirayotganda mashinasi Isroil kuchlari tomonidan hujumga uchragan va butun oilasidan ayrilgan 6 yoshli Hind Rajabning hikoyasi fojiali voqeaga aylandi. Aslida, bu G‘azoda o‘ldirilgan 15 mingga yaqin begunoh bolaning hikoyasidir. “Inson o‘laroq meni olib ketgani kelasizmi? Qo‘rqyapman” degan 6 yoshli qizchaning hayotini 12 kun davomida saqlab qola olmadik. Afsuski, biz Hind va boshqa G‘azo bolalari oldidagi mas’uliyatimizni to‘liq bajara olmadik”, deydi Erdo‘g‘an.
Isroilning tinch aholi nishonlariga ataylab uyushtirgan hujumlari oqibatida shu kungacha 30 000 g‘azolik, asosan bolalar va ayollar halok bo‘ldi. 70 mingdan ortiq falastinlik tan jarohati oldi, 2 millionga yaqin odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Turkiya rahbari, shuningdek, butun dunyoda irqchilik, islomofobiya va ksenofobiya kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi.
G‘azodagi bosqinning birinchi kunidanoq Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan G‘arb davlatlari “ikkiyuzlamachilik siyosati tufayli qon to‘kilishiga sherik”dir.
Erdo‘g‘an, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatining tashkil etilishi Falastin muammosini yakuniy hal etishning ajralmas sharti ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya bu borada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, jumladan, kafolat berishga tayyor.
“Xalqaro hamjamiyat Falastin xalqi oldidagi qarzini faqat Falastin davlati tuzilgandan keyingina to‘laydi”, deya ta’kidladi u.
LiveBarchasi