O‘zbekiston Rossiyaga egiladimi yoxud “yalang‘ochlar bazmi”. Hafta tahlili
Tahlil
−
30 dekabr 2023
361722023 yil qaysi voqealar bilan esda qoldi? Sizni bilmadimu tugayotgan yilni men Jahongir Ortiqxo‘jayev va Sardor Umurzoqov kabi daxlsizdek ko‘ringan amaldorlarning lavozimdan olinishi bilan xotirlasam kerak. Bundan 10 yil avval ham aynan Yangi yil arafasida mamlakatda butkul daxlsiz bo‘lgan Gulnora Karimovaning bizneslari, fondlari jarlikka yuz tutib, o‘zi hibslangandi. Siz bu yilni qanday eslaysiz? Mayli, davlat va jamiyatdagi voqealarni qo‘ying, shaxsiy hayotingizda nimalar sodir bo‘ldi? Oramizda turmush qurgan, farzand ko‘rgan, avtomobil olgan, ota-onasini Umra safariga jo‘natgan, yaqinlarini yo‘qotganlar talaygina... Bularni izohlarda yozing, bilaylik sizning boshingizdan nimalar o‘tganini, har holda odam taftini odam oladi, deyishadi. Qolaversa, 2024 yildan maqsadlaringiz nima? Buni ham izohda yozingki, yil o‘tib yana bir eslashamiz, xo‘sh niyatlaringizga yetdingizmi yo yo‘q?! Xullas gapiramiz, gaplashamiz, desang gap ko‘p. Bularning barchasi bilan ko‘rayotganingiz Hafta voqealari dasturining 2023 yil hisobidan so‘nggi sonida tanishasiz.
Yilni larzaga keltirgan “tozalash”
O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon daxlsiz bo‘lib kelgan kriminal avtoritetlarning qo‘lga olinishi, bir necha jinoiy ayblovlar qo‘yilishi nafaqat hafta yo oyning, balki yilning unutilmas voqeasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu voqealar qanday tugashi, qo‘lga olinganlar qanday jazo olishi hozircha noma’lum, ammo jamoatchilik davlatdan qat’iyat va oxiriga qadar siyosiy iroda kutayotgani aniq.
Davlat ham kunda kunora bu hazil emasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgandek, nafaqat jinoiy olam vakillari, balki ularning yaqinlariga nisbatan ham o‘vni to‘xtamay davom ettirmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev ham qo‘lga olindi. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, ushlangan. Agar ayblov sudda o‘z isbotini topsa, u ushbu modda sanksiyasiga ko‘ra, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Hibslanganlar ro‘yxatidagi 1994 yilda tug‘ilgan Begzod Baxtiyorovich Zafarov ham bor. U ham “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li ekani aytilmoqda. Zafarov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan ayblanmoqda. Agar uning ham aybi isbotlansa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
O‘zbekistonda qidiruvga berilgan MMA jangchisi Doniyor Mamajonov 25 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida qo‘lga olindi. “Baxti Tashkentskiy”ning qo‘riqchilaridan biri bo‘lgan va Qudratullayevning topshiriqlarini bajarib kelgani aytilmoqda.
Shuningdek, jinoiy olamga kurash tadbirlarida birinchi marta ayol kishi qo‘lga olindi. U 1983 yilda tug‘ilgan Nargiza Rustamovna Jumaniyozova. Ayol Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. U ham 5 yildan 10 yilagacha qamalishi mumkin.
Qamalayotgan hokimlar
Qama-qamalar faqat jinoyat olami vakillari bilan cheklanayotgani yo‘q. Shundoq ham bu yil hokimlar uchun og‘ir keldi. Yil boshini Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev iste’foga chiqish bilan boshlab bergan bo‘lsa, yil oxiriga kelib hokimlarning shunchaki bo‘shashi yoki bo‘shatilishi oson bo‘lmay qoldi. Yer sotganlik, byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish, vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa ko‘plab ayblovlar bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan va tergovi hamon davom etayotgan hokimbuvalar ko‘p.
Masalan shu hafta Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanining sobiq hokimi Rustam Pardayev 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida ko‘rilgan ishda Rustam Pardayev Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 2 yil 6 oy muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi, jazoni o‘tash muddati 2023 yil 5 iyul kunidan boshlab hisoblanishi belgilangan.
44 yashar Pardayev 2020 yil noyabr oyidan 2022 yil yanvar oyiga qadar Denov tumani, 2022 yilning fevralidan 2023 yilning yanvariga qadar Qiziriq tumani hokimi, sudgacha “O‘zagrosug‘urta” AJ Surxondaryo viloyat filiali boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Sudlangan va jazo olgan birgina Pardayev emas. Tugayotgan haftada Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Xudoyberganovga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Uning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Xudoyberganov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlari, 184-1-moddasi 2-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Tanzila Norboyeva Prilepinga qarshi “tilga kirdi”
O‘tgan haftadagi dasturimizda “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va “Adolatli Rossiya – haqiqat uchun” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olish haqidagi gaplari katta rezonans bergani, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir necha a’zosi Prilepinga javob qaytargani, ammo Senatdagilar sukut qilib kelayotganini aytgandik. Ko‘pchilik Tanzila Norboyevadan munosabat kutayotganini yozdi va sukutga Senat raisi Rossiyadan “Do‘stlik” ordenini olganini ham pesh qildi. Lekin opa jim turgani yo‘q. Hafta boshida Senatda o‘tgan kichik mashvaratda Prilepinga javob qildi.
“Mana ko‘ryapsizlar, internetda “O‘zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz”, degan qanaqadir chiqishlar bo‘lib ketdi, to‘g‘rimi? O‘zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi. Bundan keyin bo‘lmaydi. Mana shu narsani miyangizga qo‘yib oling! Bilasizlar, buni men sizlarga targ‘ibot qilishim kerak emas. Hammangizning yuragingizda shu bor”, degan Norboyeva yoshlar bilan uchrashuvda.
Norboyeva Senatda rossiyalik siyosatchiga va uning mustamlaka orzusiga qarshiligini ifoda etayotgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga, Sankt-Peterburgda o‘tadigan MDH mamlakatlari rahbarlarining norasmiy sammitiga yo‘l oldi. Bu Shavkat Mirziyoyevning yil davomidagi xorijiy tashriflarining oxirgisi bo‘ldi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mezbonligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etdi. Mirziyoyev, Berdimuhamedov va Aliyevdan boshqalar Rossiyaga bir kun avval borib bo‘lgandi. Chunki Putin bir o‘q bilan ikki quyonni urib, bir kun avval Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi oliy kengashi yig‘ilishini ham o‘tkazdi.
Tashrif davomida Mirziyoyev va Putin o‘rtasida uchrashuv ham o‘tkazilgan. Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari bilan gaz sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgan.
Norasmiy sammitda Putin Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarni Rossiyaning insonparvarlik tashabbuslarini amalga oshirishda, xususan, Yevroosiyo kinoakademiyasi va kino mukofotlarini yaratishda ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda u kecha, 26 dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining norasmiy sammitida so‘z ochgan.
Putin gumanitar hamkorlik haqida gapirar ekan, 13 oktyabr kuni Bishkek sammitida Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolanganini eslatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shtab-kvartirasi Sochida joylashgan ushbu tuzilma rus tilini nafaqat MDHda, balki uning chegaralaridan tashqarida ham targ‘ib qilish uchun mo‘ljallangan.
2024 yilda MDHga raislikni Rossiya o‘z qo‘liga oladi. Putinning maqsadi esa hozirdan aniq. U dollardan butkul voz kechib, oldi-berdini milliy valyutalarda amalga oshirishga undamoqda.
“Tabiiyki, biz MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratamiz. O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. 10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, u 2 foizga o‘sdi va 83,7 milliard dollarni tashkil etdi”, deydi Vladimir Putin.
Putin mehmon prezidentlarni zeriktirib qo‘ygani yo‘q. Ularni Sankt-Peterburgdagi Pavlovsk muzey-qo‘riqxonasiga va temir yo‘l vokzaliga olib bordi. Konstantin saroyining Moviy zalida bo‘lib o‘tgan kechki ziyofatda esa MDH rahbarlarini seld balig‘idan tayyorlangan shuba salati va qisqichbaqa qo‘shilgan chuchvara, chakanda (oblepixa) sharbati, sabzavot va ikra sousi bilan pishirilgan sterlet balig‘i, kashtan pyuresi va qora smorodinali kiyik go‘shti, ryajenkali muzqaymoq va olmali rulet bilan siylagan.
“Yalang‘ochlar bazmi”
Rossiyalik teleboshlovchi, kinoaktrisa va videobloger Nastya Ivleyeva mashhurlarning "yalang‘och" bazmini tashkil etdi. Filipp Kirkorov, Kseniya Sobchak, Lolita Milyavskaya, Jigan, Oksana Samoylova, Anna Asti, Dima Bilan, Glyukoza kabi mashhurlar ishtirok etgan. Ushbu tadbirda O‘zbekistondan kim qatnashgan, deb o‘ylaysiz? O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi – Lola Karimovaning qizi Maryam Tillyayeva.
Toshkentda yashayotgan va o‘zini Islom Karimovning nabirasi emas, balki bloger deb tanishtirishlarini talab qiladigan Maryam Tillyayeva bu tadbirga borib xato qilganini aytib chiqdi.
U videoda bazmga Ivleyevaning tug‘ilgan kuni, degan o‘y bilan borganini aytdi. Ammo Tillyayevaning bu gapi tanqidlarga sabab bo‘ldi.
“Men haqiqatan ham Nastya Ivleyevaning tug‘ilgan kuniga boraman, deb o‘yladim. Ular menga shunday deb aytishdi. Bu meni tushkunlikka tushirishdi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bularning barchasi uning yuzlab yalang‘och personajlari Playboy muqovasida chiqishi sharafiga bo‘lgan”, deb tushuntirdi Tillyayeva.
Maryam Tillyayeva tidbirga futbolka va jinsi shimda borgan. Ammo mehmonlarning katta qismi deyarli yalang‘och ekanidan hayratda qolgan. Ziyofatda 40 daqiqa qolgan, so‘ngra u yerni tark etgan.
“To‘g‘risini aytsam, bunday ziyofatda bo‘lmaganman, qoyil qoldim. Bu, albatta, mening uslubim emas, biz u yerda bir muddat qoldik va boshqa oddiy ishlar qilish uchun ketdik. Men dinim va o‘z qarashlarim tufayli bir oz boshqacha voqealarga o‘rganib qolganman. Lekin yigitlarni jasoratlari uchun hurmat qilaman”, degan Maryam videoda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ziyofat aslida juda qiziqarli bo‘lgan, biroq u ilgari bunday tadbirda qatnashmagan va juda ta’sirlangan. Shuningdek, u keyingi safar bunday tadbirlarga borishdan oldin, ma’lumotni yaxshilab tekshirib ko‘rishini qo‘shimcha qilgan.
Yulduzlarni tanqid qilishi bilan tanilgan Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha federal loyiha rahbari Vitaliy Borodin ushbu tadbirga borgani uchun Filipp Kirkorovni Rossiya xalq artisti unvonidan mahrum qilishga chaqirdi.
Ushbu shov-shuvlardan so‘ng, xonanda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga bo‘lgan voqealardan afsusda ekanini bildirib video joyladi.
“Uzr aytish erkakka xos emas, shuning uchun hammaga birdaniga javob beraman. Men qilgan xatomni tushunaman. Rossiya xalq artisti o‘zi qatnashayotgan tadbirlarda ehtiyotkorroq bo‘lishga majbur. Rossiyada san’atkor va fuqaro sifatida ijodimning cheklanish ehtimoli yuzaga kelganiga o‘zimning harakatim sabab bo‘ldi”, deydi xonanda.
Rossiyalik yana bir taniqli xonanda Lolita Milyavskaya “yalang‘och” bazmdan so‘ng, ziyofatda qatnashgan san’atkorlarga cheklovlar bo‘layotgani, jumladan, uning konsertlarini bekor qilish talab qilinayotganini aytdi.
Yana ikki xonanda – Dima Bilan va Olga Orlova ushbu kechada qatnashgani uchun muxlislaridan uzr so‘radi.
O‘zbekiston Rossiyadan ko‘proq gaz so‘rayapti
Tugab borayotgan yilning yanvar oyi Toshkentni 5 yil boshqargan Jahongir Ortiqxo‘jayevning iste’fosi bilan boshlangan edi. O‘shanda shahardagi energetik inqirozning asosiy aybdori sifatida Ortiqxo‘jayev ko‘rildi. Ammo u ketib ham energetik muammolar yechilib qolgani yo‘q. O‘tgan qishdan omon chiqqanlar bu qish boshlanmay turib yana o‘sha muammolarni boshidan o‘tkazdi. Dekabr oyida kuzatilgan bir haftalik sovuq kunlar yana elektr energiyasi va gaz o‘chishlariga olib keldi.
Ma’lumki, 2023 yil iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan ikki yillik gaz sotib olish to‘g‘risida shartnoma tuzgan, unga ko‘ra kunlik yetkazib berish hajmi 9 million kub metrni, yillik yetkazib berish esa deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil qiladi. Ammo “Gazprom” o‘zbekistonlik hamkorlari gaz yetkazib berishni imzolangan shartnoma bo‘yicha kunlik majburiyatlardan ikki baravar ko‘proq hajmda oshirishni so‘ragan. Bu haqda MDH prezidentlari ketgach, o‘sha kunning o‘zida Putin bilan uchrashgan “Gazprom” rahbari Aleksey Miller aytgan.
“Dekabr oyida O‘zbekistonga sovuq havo keldi, o‘zbekistonlik do‘stlarimiz va hamkasblarimiz O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni imzolangan shartnoma bo‘yicha kunlik majburiyatlarimizdan ikki baravar ko‘proq hajmda oshirishni so‘rashdi. Hozirda dekabr oyida biz O‘zbekistonga texnik jihatdan mumkin bo‘lgan maksimal hajmdagi gazni Markaziy Osiyo – Markaz gaz quvuri orqali yetkazib beramiz”, deydi Aleksey Miller.
Millerning yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan hisobot yig‘ilishida aytishicha, “Gazprom” 2024 yilning yozida bo‘ladigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha 15 yillik muddatga yangi shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda.
Navoiydagi qamoqxonadan o‘lik chiqdi
Navoiyda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum saqlash kamerasida o‘z joniga qasd qildi. 24 yoshli mahkum Samarqand viloyati Toyloq tumani sudining 2021 yil 10 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) va 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan 14 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lgan.
Ombudsmanning bildirishicha, marhum muqaddam ruhiyatining o‘zgarishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklarga moyilligi bo‘lgan mahkumlar ro‘yxatida turgan. U jazo muddatini o‘tashi davomida 23-sonli mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan shifoxonaning psixiatriya bo‘limida 2 marotaba davolangan.
Marhumning oila a’zolari uning jazo muddatini o‘tashi davomida qisqa va uzoq muddatli uchrashuvga kelmagani, faqatgina 6 marotaba telefon orqali suhbatlashgani aniqlangan.
Shuningdek, marhumning noodatiy xatti-harakatlari sababli muassasadagi boshqa mahkumlar u bilan bir kamerada o‘tirishni istamagan va o‘limidan bir ikki kun avval alohida saqlangan.
Hozirda holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.
Chiqindixonada yashayotgan ayol tiriklayin yoqib yuborildi
Toshkentda 57 yashar erkak chiqindilar tashlash joyida yashab kelayotgan 48 yashar ayolning ustidan benzin to‘kib, uni yoqib yubordi. Oqibatda ayol og‘ir darajada kuyish tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, u hozirda tirik.
Voqea Yashnobod tumanidagi qurilish ob’ektiga qarashli maishiy chiqindilar tashlash joyida sodir bo‘lgan.
Erkak ayol bilan avval qattiq janjallashgan, keyin esa uning ustiga yelim idishdagi benzinni sepib, yoqib yuborgan. Jabrlanuvchi ayolning tanasida 18% kuyishi, bosh o‘ng tepa qismining lat yeyishi kabi tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U protsessual tartibda ushlagan.
Yigit o‘zini maktab hovlisidagi daraxtga osdi
28 dekabr kuni 31 yoshli erkak Mirzo Ulug‘bek tumani 248-sonli maktabning orqa tomonidagi daraxtga o‘zini osib, joniga qasd qildi.
Aniqlanishicha, marhum ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turgan, muqaddam bir necha marotaba o‘z joniga suiqasd qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
IIB xodimi 13 yilga qamaldi
2023 yil O‘zbekistonda bolalarga qilingan zo‘ravonliklar, ularga nisbatan shahvoniy harakatlarning sodir etilishi, pedofiliya masalasi bilan yodda qolyapti. Yil boshida Xorazmdagi pedofil amaldorlarning qilmishlari jamoatchilikni larzaga keltirgan bo‘lsa, yil davomida ota-onalarning o‘z farzandlariga nisbatan qilmishlari yuraklarni ezishda davom etmoqda. Eng achinarlisi, zo‘rlash va qiynoq jinoyatlarini sodir etayotganlar orasida amaldorlarning, huquq himoyachilarining borligi.
Toshkent viloyatida 13 yoshli qizni zo‘rlagan ichki ishlar xodimi 15 yilga qamaldi. 25 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudida 1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Mirobod tumani Ishchi ishlar bo‘limida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan yigitga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan.
Sud hukmiga muvofiq erkak voyaga yetmagan qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Bundan tashqari, sud tomonidan yigitga o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish uchun shart–sharoit yaratib bergan uch kishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun Bo‘stonliq tumani prokuroriga xabar yuborilgan.
Hayvondan farq qilmayotgan ota-onalar
Hayvon ham o‘z bolasiga ozor bermaydi. Boqolmasa qo‘yib yuboradi, o‘z kunini o‘zi ko‘rsin, deydi. Ongli mavjudot bo‘lgan odam o‘z bolasiga ozor berib, ona sutidan ajralmagan go‘dakni urishi uchun yo jinni bo‘lishi kerak yo shu darajada maraz. Afsuski, bunday odamlar biz yashayotgan jamiyatda ham bor.
Bu hafta esa ijtimoiy tarmoqlarda erkakning go‘dak bolani turli shaklda qiynayotgani, uni hayoti va sog‘lig‘ini xavfga soluvchi xatti-harakatlar qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Uni siz ham ko‘rgan bo‘lishingiz tayin.
Videoda aks etgan insoniylikka mutlaqo zid mazkur jinoiy harakatlar Jizzax shahrida yashovchi, bolaning otasi deb aytilayotgan shaxs tomonidan muttasil ravishda sodir etilgan.
Mazkur holat yuzasidan bolaning onasi IIBga murojaat etgan va joriy yilning 20 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 110-(Qiynash), 112-(O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
12 yoshli qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lgan otaxon
Andijon viloyatida 12 yoshli qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lgan erkak 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qizchaning onasi shu yilning iyul oyida bolalarni qo‘shnisiga qoldirib, opasining to‘yiga ketgan. Ona qaytib kelganida qo‘shnining otasi uning qizini zo‘rlashga urinayotganini ko‘rgan.
Qayd etilishicha, erkak o‘sha kuni mast holatda bo‘lgan va u uxlab yotgan qizning qo‘lidan televizor pultini olmoqchi bo‘lganini aytgan. Keyinchalik tergov jarayonida pult o‘sha paytda boladan uch metr uzoqlikda bo‘lgani aniqlangan va erkakning gapi o‘z tasdig‘ini topmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining hukmiga muvofiq erkak voyaga yetmagan qizchaga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Imomali Rahmon xalqidan xavotirda
Migratsiya masalasi joriy yildagi eng yirik muammolardan bo‘ldi. Bir tomonda Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga mehnat muhojirlari jalb qilinayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yana minglab odamlar Ukrainani tark etib boshqa mamlakatlar eshigiga sig‘indi. G‘azodagi vaziyatni esa o‘zingiz ko‘rib, bilib turibsiz. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa xorijdagi tojik muhojirlari o‘limidan xavotirda. Uning 28 dekabr kuni parlamentda aytishicha, har yili tojikistonlik muhojirlarning yuzlab jasadlari vataniga keltiriladi. Lekin u aniq statistik ma’lumotlarni keltirmagan.
“Men xorijdagi muhojirlarning turmush sharoitini yaxshi bilaman. Biz uyalmaymizmi? Nafaqat erkaklar, minglab tojikistonlik ayollar migratsiyada. Bizda g‘urur bormi? Har yili farzandlari uchun ro‘zg‘or tebratish ilinjida mamlakat tashqarisiga chiqqan yuzdan ortiq tojikistonlik muhojirlarning jasadi vataniga olib kelinmoqda. Chunki biz, rahbariyat yuqoridan pastgacha faqat o‘zimizni o‘ylaymiz!” deydi Imomali Rahmon.
Tojikiston hukumati joriy yilda bir necha bor rasmiy darajada o‘z fuqarolarining ommaviy hibsga olinishidan xavotir bildirgan.
Imomali Rahmon vaqti-vaqti bilan Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvlar chog‘ida Tojikiston fuqarolariga migratsiya amnistiyasi joriy etilishini va qonuniylashtirish tartib-qoidalarini soddalashtirishni so‘raydi. Ayni vaqtda Tojikistonning 1 milliondan ortiq fuqarosi Rossiyada ishlaydi.
Inson sharmandali vaziyatga tushishi uchun jisman yalang‘och bo‘lishi shart emas. Ma’naviy yalang‘ochlikning o‘zi yetarli. Jinoyat sodir etayotganlar, byudjet pulini o‘marayotganlar, korrupsionerlar, vatanfurushlar, odamlarni oyoq uchida ko‘rsatadigan ayrim amaldorlar, begonaning bolasini qo‘ying, o‘z jonidan jo bo‘lgan bolasini xorlaydiganlar, bolaga shahvoniy ko‘z bilan qaraydiganlar – aynan ma’naviy yalang‘ochlar. Jisman yalong‘och odamning ustiga qop kiydirib ham sharmandalikdan to‘sishingiz mumkin, lekin ma’naviy yalang‘och odamga davo bormikan? Yilni sarhisob qilarkanmiz, kelasi yilga umidimiz shu: bolalar yig‘lamasin, oilalar buzilmasin, yalong‘ochlarga vijdon to‘nini bichsin Xudo. Salomat bo‘ling.
LiveBarchasi