Ketmoni uchgan abituriyentlar, nafratga uchragan Leps, 51 yoshni qarshilagan GooGoosha, “samolyot olgan” Usmonova – Hafta tahlili
Tahlil
−
08 iyul 2023
18100Ertaga O‘zbekistonda navbatdan tashqari Prezident saylovi. Shunday bo‘lsa-da, odamlarning ko‘pchiligi xonanda Munisa Rizayevaning turmushga chiqayotganiyu Yulduz Usmonovaning shaxsiy samolyot olgani haqidagi o‘zi o‘ylab topgan mish-mishlarni muhokama qilish bilan band. Men 2015 yilgacha 5 yil davomida “Darakchi” gazetasida ishlaganman. O‘shanda odamlar siyosatni muhokama qilolmas edi. Jurnalistlar esa sohada jon saqlab qolish uchun artistlar haqida yozishga mahkum qilingandi. 2016 yildan keyin esa mamlakat siyosiy hayoti hamin qadar ochildi. Bugun uni muhokama qilish, elakdan o‘tkazish, jarayonlarning ishtirokchisiga aylanish mumkin. Biroq ko‘pchilikning diqqat markazida hamon maishiy masalalar. Odamlarimiz qanchalik siyosat bilan qiziqyapti, mamlakat taqdiri ular uchun qanchalik muhimligi esa ertangi saylovda ko‘rinadi.
51 yoshni qarshilagan Gulnora Karimovaning “dacha”si sotilmaydigan bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 8 iyul kuni yana bir yoshini panjara ortida nishonladi. U 51 yoshga to‘ldi.
Joriy haftada esa unga tegishli bo‘lgan “Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlari, to‘g‘rirog‘i Gulnora Karimovaning “dacha”lari xususiylashtiriladigan ob’ektlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 iyundagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir” qarori bilan xususiylashtirish rejalashtirilayotgan ob’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan o‘zgartirishlarda keltirilgan.
“Sijjak” dam olish maskani 2022 yil oktyabr oyida sotuvga qo‘yilgandi. Maskan bundan oldin ham ikki marta: 2020 yil iyun, 2021 yil aprel va 2022 yil aprelda sotuvga qo‘yilgan. Bino 7 milliardga baholangan.
Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan ushbu “dacha”da mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud. Oromgohga 2017 yil 10 fevralda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan sanksiya qo‘yilgan.
Keyinroq oromgoh O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga mashg‘ulot bazasi sifatida foydalanish uchun berilishi rejalashtirilgandi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqilgandi.
Mirziyoyev Qur’onni yoqishni yovuzlik deb atadi
Ma’lumki, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiyada muqaddas Qur’oni Karim yoqib yuborilgan edi. Ushbu holat butun duyoni g‘azablantirdi. Putindan Erdo‘g‘angacha, Rim papasidan, AQSH rasmiylarigacha ushbu holatni qoraladi. Odatda O‘zbekiston dunyoda sodir bo‘ladigan bunday voqealarga munosabat bildirmaydi. Biroq bu safar jim turilmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev toshkentlik saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ushbu masala haqida ham so‘z ochib, buni yovuz harakat deb atadi va keskin qoraladi.
“Ayni vaqtda biz radikalizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga, turli millat va xalqlarning diniy qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishga mutlaqo qarshimiz. Jumladan, yaqinda Shvetsiyada sodir etilgan, muqaddas Qur’oni karimni yoqib yuborishdek yovuz harakatlarni keskin qoralaymiz. Yer yuzidagi millionlab insonlarning dinu diyonati, ezgu hissiyotlarini haqorat qiladigan bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi Mirziyoyev.
Joriy haftada Qur’onning yoqilishini qoralagan bir Mirziyoyev bo‘lmadi. Qatorda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham bor. Uning aytishicha, Qur’oni Karimning yoqib yuborilishi va tahqirlanishi, bu harakatlarning so‘z erkinligi niqobi ostida oqlanishi mutlaqo mas’uliyatsizlikdir.
“Biz islomofobiya va ksenofobiyaning kuchayishi, shuningdek, Islomni zo‘ravonlik va terror bilan tenglashtirishga urinishlardan xavotirdamiz. Daniya, Niderlandiya, Shvetsiyada Qur’oni Karimning yoqib yuborilishi va tahqirlanishi, bu harakatlarni so‘z erkinligi niqobi ostida oqlanishi mutlaqo mas’uliyatsizlik, qabul qilib bo‘lmaydigan narsa va qoralanishi kerak”, deydi Ilhom Aliyev.
“Urush homiysi”ning O‘zbekistondagi konserti bekor qilindi
Joriy haftada rossiyalik qo‘shiqchi Grigoriy Leps nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston jamoatchiligi orasida ham diqqat markazida turdi. U hafta boshida nemis tanki Leopard'ni yo‘q qilgan harbiyga million rubl mukofot puli berganini ma’lum qildi. Bu esa urushni ochiqdan ochiq ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlayotgan xonandaning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda e’lon qilingan konsertlariga nisbatan norozilik kayfiyatini yanada kuchaytirdi.
Eng avvalo Lepsning joriy yil 8 iyul kuni Qozog‘istonning Olma ota viloyatidagi kazinoda o‘tishi rejalashtirilgan konserti bekor qilindi. Odamlar Lepsning Ukrainadagi bosqinni moddiy qo‘llab-quvvatlashi haqidagi bayonotidan keyin ushbu konsertga nisbatan norozilik bildira boshladi, hatto, konsert uchun zal ajratayotgan tadbirkorlarni ham urush homiysi sifatida aybladi.
Ko‘p o‘tmay, Qozog‘istondagi norozilik Qirg‘izistonga ham yoyildi. Lepsning 2 avgust kuni Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Cho‘lponota shahrida o‘tishi belgilangan konserti sabablar ko‘rsatilmay va hech qanday izohsiz bekor qilindi. Gap shundaki, konsert e’lon qilinganidan so‘ng Qirg‘izistondagi ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinini qo‘llab-quvvatlovchi san’atkorning kelishiga qarshi chiqqan.
Ushbu harakatga O‘zbekiston ham qo‘shildi. Lepsning joriy yilning 23 oktyabr kuni Toshkent shahridagi "Xalqlar do‘stligi" san’at saroyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan konserti bekor qilingani haqidagi xabarni rasman Madaniyat va turizm vazirligi e’lon qildi. Vazirlik konsertning bekor qilinishiga texnik holatlarni sabab qilib ko‘rsatgan.
Bu orada esa Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi hududida Rossiyaning qurolli tajovuzini qo‘llab-quvvatlagan san’atkorlarning konsertlari o‘tkazilayotgani yuzasidan mamlakatdagi vakolatli organlarga murojaat yuborgani ma’lum bo‘ldi.
Elchixona urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning O‘zbekistondagi chiqishlari ularning O‘zbekiston Respublikasi obro‘siga tahdid soladigan urushni qo‘zg‘atishga qaratilgan jinoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning soxta ko‘rinishini yaratishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.
“Rossiyalik ijrochilar tomonidan olingan mablag‘lar ular tomonidan urush, terrorizm va Ukraina xalqining genotsidini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin”, deyiladi elchixona bayonotida.
Shuningdek, elchixona urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning chiqishlari uchun O‘zbekistonning konsert maydonlaridan foydalanishga qarshi chiqqani uchun o‘zbek jamoatchiligiga o‘z minnatdorligini bildirgan.
Ichki ishlar xodimi 13 yashar qizni zo‘rlagani aytildi
Toshkent viloyatida Ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda.
Ushbu holat shu yili may oyining oxirida sodir bo‘lgani aytilmoqda. 13 yoshli qiz dugonasi bilan ko‘chada ketayotgan bo‘lgan. Ularning qo‘shnisi qizlarni mashinaga o‘tirib, sayr qilib kelishni taklif qilgan. Qiz qo‘shnini yaxshi tanigani uchun mashinaga o‘tirgan.
Shundan so‘ng, qo‘shni erkak o‘smir qizlarni ijaraga olingan “dacha”ga olib ketgan va qizni zo‘rlagan. Qizlar yana mahallaga olib kelib tashlab ketilgan.
Qayd etilishicha, bir hafta davomida qiz o‘zini yaqinlaridan uzoq tutgan va onasi keyinchalik bu ishdan xabar topgan. Qizning onasi darhol Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Bir hafta o‘tgach, tekshiruv tayinlangan, ammo natijalar juda uzoq vaqt davomida e’lon qilinmagan.
Holat yuzasidan qizlarni olib ketayotganini ko‘rgan guvohlar, shuningdek, “dacha” egasi ko‘rsatma bergan. Gumonlanuvchining shaxsi jabrlanuvchi tomonidan aniqlangan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, u Yashnobod tumani IIB xodimi bo‘lib chiqqan. Shundan so‘ng, erkak ishdan bo‘shatilgan.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi va uning yaqinlariga erkak tomonidan tahdidlar, do‘q-po‘pisalar qilingan. Ayol tahdidlar fakti haqida ham ariza yozgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) bilan ish ochilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, u 15 yildan 20 yilgacha qamalishi mumkin.
Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning aprel oyida 2022 yilda Xorazmda amaldorlar tomonidan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari zo‘rlangani haqidagi xabarlar mamlakatni larzaga keltirgandi. Hatto, bu voqea xorijda ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bong urayotgan bunday voqealarni odamlar o‘qimayapti, eshitmayapti, ko‘rmayaptimi yo shu darajada nafs botqog‘iga botganmi? Savollar ko‘p, javob beradigan odam yo‘q. Qolaversa, Ichki ishlar xodimi bilan haqiqatan ham shunday voqea sodir bo‘lgan bo‘lsa, ey janoblar, yetar endi, qachon bir etagingingizni qoqib, ketma-ket bu xatolardan xulosa chiqarasizlar, sharmanda bo‘lib ketyapmiz-ku degan gapni aytaman.
DXXning sobiq binosi kimlarning qo‘liga o‘tdi
Toshkentda Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosi buzilayotgani haqidagi xabar bu hafta diqqat markazida turdi.
Gap shundaki, DXXning sobiq [“Markaziy bino”] binosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabridagi 846-sonli qaroriga ko‘ra, arxitektura yodgorligi sifatida ro‘yxatga olingan hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o‘zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo‘llanilishi mumkin emasligi qayd etilgan.
“Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi ham belgilab qo‘yilgan.
DXXning sobiq binosi auksionda 210 milliard so‘mga “Metropol Group” kompaniyasiga sotilgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 2,2 gektarni, bino va inshootlar maydoni hududi esa 40 243 kvadrat metrni tashkil etadi. Mazkur hududda injinerlik aloqa tarmoqlari (suv, gaz, elektr, issiqlik ta’minoti) mavjud.
Xo‘sh, Auksionda g‘olib bo‘lgan kompaniya kimga tegishli deb o‘ylaysiz? DXX binosiga egalik qilgan “Metropol Group” kompaniyasining 100 foiz ulushga ega ta’sischisi Doniyor Abdulazizovich Komilov. Sharifi sizga tanish bo‘lgan shaxs 2012 yildan 2022 yilning aprel oyiga qadar O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri, 2022 yilning aprelidan boshlab O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi.
Komilovlar oilasiga oid yana bir xabarimiz bor. Shu hafta Doniyor Komilov Rossiyadagi Ural kon-metallurgiya kompaniyasining benefitsiar egasi bo‘lgani haqidagi xabarlar matbuotga sizdi.
Joriy haftada QALAMPIR.UZ DXX binosining buzilishi va uning o‘rnida nima qad rostlashi haqida alohida surishtiruv tayyorlagan. Uni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Hibslangan jurnalistlar ishi sudga yuborildi
Keyingi haftadan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida “Kompromat uzb” Telegram kanaliga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqiladi.
Keltirilishicha, mazkur ish bo‘yicha 1984 yilda tug‘ilgan “Human” axborot portali asoschisi va muharriri Xurshid Daliyev, 1983 yilda tug‘ilgan “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot kotibi Siyovush Hoshimov, 2004 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Ahmadullo Ahmadjonov hamda 1973 yilda tug‘ilgan Mehnat munosabatlari va bandlik vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva jalb qilingan. Oliy sudga ko‘ra, Ahmadullo Ahmadjonov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” va 25,165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, Siyovush Hoshimov yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda JKning 243-moddasi bilan, Xushid Daliyev esa xuddi shu moddalar va JKning 184-moddasi 3-qismi bilan, Mavjuda Mirzayeva esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari bilan ayblanmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davrida jinoyat ishining boshqa ishtirokchilariga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi (JPK) talablari asosida alohida ish yurituviga olingan.
Oliy sud bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 mlrd 138 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda u “E-XSUD” elektron axborot tizimi orqali sudyalar o‘rtasida taqsimlanish jarayonida turibdi.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi nomlari sanalgan shaxslar joriy yilning yanvar oyida hibsga olingan edi.
Jurnalist va advokatni o‘lasi qilib do‘pposlatgan Qodirovmi?
Tugayotgan haftada Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Chechenistonning Grozniy shahrida “Novaya gazeta” jurnalisti Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga hujum qilindi. Ular o‘tirgan avtomobil aeroportdan Grozniyga, chechenistonlik sobiq sudyaning rafiqasi va huquq faollari, ta’bir joiz bo‘lsa Qodirovning ashaddiy muxoliflari Abubakr va Ibrohim Yanguboyevlarning onasi, Zarema Musayevaga nisbatan firibgarlik ayblovi bo‘yicha sud ishida qatnashish uchun ketayotgan edi.
Yo‘lda niqobli odamlar ularni to‘xtatgan. Jurnalist va advokat dubinkalar bilan kaltaklangan va tepilgan. Ularning telefonlari olib qo‘yilib, blokdan chiqarishlari talab qilingan. Shuningdek, boshqa jihozlari va hujjatlari yo‘q qilingan.
Milashina va Nemov olgan jarohatlari oqibatida tanib bo‘lmaydigan ahvolga kelib qolgan. Advokat Nemovga pichoq bilan hujum qilingan.
Jurnalist va advokat Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkovaning yordami bilan xavfsizligi ta’minlashi va zarur tibbiy yordam olishi uchun Beslan shahriga yuborilgan. Keyinroq Moskvaga olib kelingan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalist Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga qilingan hujumni ta’sirchan choralar ko‘rishni talab qiluvchi jiddiy voqea deb atadi. U Vladimir Putin allaqachon hujum haqida xabardor qilinganini bildirdi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa huquq-tartibot idoralariga jurnalist Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga hujum qilganlarni aniqlashni topshirganini xabar qildi.
Chechenistonda Qodirovning xabarisiz jurnalistlarga hujum qilinishi tugul qush ham uchib o‘tmasligiga ishonmayotgan jurnalist Milashina, ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida hujumni uyushtirilgan deb atamoqda.
AQSH elchisi Nukus voqealari uchun hisob so‘ramoqda
Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik joriy haftada Nukus voqealariga bir yil to‘lishi munosabati bilan o‘zining Twitter sahifasiga o‘zbek tilida tvit yozdi. Unda garchi oradan bir yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Nukusdagi fojiali qurbonlarni unutmaslik kerakligi aytilgan.
“Biz o‘sha voqealar uchun, jumladan, mustaqil Nukus komissiyasi tomonidan to‘liq hisobdorlik zarurligini ta’kidlashda davom etaveramiz", deydi u.
Shuningdek, u so‘nggi paytlarda ayrim mustaqil saytlardan Nukus fojialariga oid maqolalarning o‘chirib tashlanayotganini ham tanqid ostiga olgan.
“Bu borada ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynaydi. Maqolalarni saytlardan olib tashlash uchun qilinadigan bosim matbuot erkinligi va Yangi O‘zbekiston tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi”, degan AQSH elchisi.
Biroq Jonatan Henikning ko‘plab o‘zbek kuzatuvchilari uni O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishda ayblamoqda.
“Afg‘oniston, Eron, Iroq, Livan, Suriya va boshqa shunga o‘xshash mamlakatlar uchun ham AQSHda komissiya tuzib, hisob so‘rang. Bizning ichki ishlarimizga aralashmang. Sizning O‘zbekistondagi missiyangiz mamlakat ichki siyosatiga aralashish emas, balki ikki mamlakat o‘rtasida ko‘prik hosil qilishdir”, deya yozgan unga javoban kuzatuvchilardan biri.
Putin Prigojin isyonini bostirgan Prezidentlarga rahmat aytdi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarga 24 iyun kuni mamlakatda isyon ko‘tarishga urinish paytida Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u 4 iyul kuni SHHTning Hindiston raisligidagi 23-sammitida so‘z ochdi.
Putin Rossiya tomoni tashkilotga a’zo davlatlarning pozitsiyasini yuqori baholashini va ular bilan aloqalarni yanada chuqurlashtirish niyatida ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, SHHTga a’zo bo‘lgan davlatlarning munosabatlari tobora ko‘p qirrali va mustahkam bo‘lib bormoqda.
Sammitda Eron rasman Shanxay hamkorlik hashkilotiga a’zo bo‘ldi. Pekindagi tashkilot kotibiyatida Eron bayrog‘ini ko‘tarishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy G‘arb ta’siridan chiqib ketish uchun AQSH dollaridan voz kechishga chaqirdi.
“G‘arbning gegemonligiga AQSH dollarining gegemonligi yordam beradi. Yangi iqtisodiy tizim yaratish uchun undan voz kechib, davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish kerak”, deydi Eron rahbari.
Raisiyning aytishicha, mamlakat mintaqada transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida. Shuningdek, Eron rahbari SHHTga a’zolik respublikaga iqtisodiy rivojlanish imkoniyatini berishini qo‘shimcha qilgan.
Xitoy Raisi Si Szinpin esa sammit davomida “sovuq urush”ni qo‘zg‘atishga urinishlarga, shuningdek, gegemonizm va kuch siyosatiga qarshi turish zarurligi haqida gapirgan.
Sammit tugagach, “Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘oniston Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida qatnashish taklifi bilan chiqdi.
“Tolibon” mintaqada totuvlik va xavfsizlikni ta’minlash, hamkorlikni mustahkamlash uchun bunday uchrashuvlar o‘tkazilishini olqishlagan. Shuningdek, SHHT sammitining yakuniy deklaratsiyasida ko‘zda tutilgan erkin, barqaror, birlashgan, urushlarsiz va narkotiklardan holi Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash haqidagi bandni ham e’tirof etgan.
Bundan tashqari, Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi afg‘onlarga gumanitar yordam ko‘rsatish va qochqinlarning qaytishiga ko‘maklashishni davom ettirish zarurligini bildirgan.
Zelenskiy Gruziyadan Saakashvilini berishni talab qildi
Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili bu hafta ozib-to‘zib ketgan ko‘rinishi bilan xalqaro matbuotning diqqat markazida bo‘ldi. U Tbilisi shahar sudining 2007 yildagi mitingni tarqatib yuborish bo‘yicha ishi yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida videoaloqa orqali ishtirok etdi.
Saakashvili videoaloqada jismoniy holatini ko‘rsatish uchun ko‘ylagini ko‘tarib, u jismonan zaif bo‘lsada, ruhan juda kuchliligini aytgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 3 iyul kuni Tashqi ishlar vazirligiga Gruziya elchisiga qo‘ng‘iroq qilib, Saakashvili masalasi bo‘yicha maslahatlashish uchun 48 soat ichida mamlakatni tark etish haqida buyruq berishni topshirdi. U yana Tbilisini Ukraina fuqarosi bo‘lgan Saakashvilini davolanish uchun Kiyevga o‘tkazishga chaqirdi. Zelenskiyning fikricha, Ukrainaning sheriklari Saakashvilini saqlab qolish uchun uni himoya qilishlari kerak.
4 iyul kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Gruziyaning Kiyevdagi elchisini maslahatlashish uchun Tbilisiga qaytishga taklif qildi. Departamentning xabar berishicha, diplomatga Gruziya sobiq prezidentining ahvoli sezilarli darajada yomonlashgani munosabati bilan keskin norozilik bildirilgan.
Shundan so‘ng, Ukrainadagi elchisi Georgiy Zakarashvili Kiyevni tark etdi. Gruziya Tashqi ishlar vazirligi Zelenskiyning Saakashvilini topshirish bo‘yicha maslahatlashish uchun Gruziya elchisini vataniga yuborish to‘g‘risidagi qarorini "ichki ishlarga aralashish" deb atadi.
Gruziya Tashqi ishlar vaziri Ilya Darchiashvili Zelenskiyning talabiga ko‘ra Tbilisiga qaytib kelayotgan elchi bilan hech qanday maslahatlashuv o‘tkazishni rejalashtirmayotganini aytdi.
Saakashvili 2013 yilda Gruziyani tark etgan, shundan so‘ng mamlakatda unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan, shundan ikkitasida siyosatchi sirtdan uch va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2021 yil oktyabrt oyida Saakashvili Gruziyaga yashirincha kelganida hibsga olingan. 2022 yil may oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u Tbilisidagi "Vivamed" xususiy klinikasiga olib o‘tilgan va u shu kungacha o‘sha yerda qolmoqda. Gruziya rasmiylarining fikricha, Saakashvili qamoqdan chiqish uchun o‘zini og‘ir ahvolda deb ko‘rsatishga urinmoqda.
Urganchning sobiq hokimi 3 yilga qamaldi
Tugayotgan haftada 2018-2020 yillarda Xorazm viloyati Urganch shahar hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat Abdullayev 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
4 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida sudlanuvchi Shuhrat Abdullayevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqilgan. Sud hukmi bilan, Abdullayev Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi 2-qismi “a”, “b” (yer berish tartibini buzish) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. U davlat va davlat ishtirokidagi tashkilot hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan 2 yilga chetlatilgan va unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Abdullayev 1967 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, 2018-2020 yillar mobaynida Urganch shahar hokimi bo‘lib ishlagan. Hozirda bu lavozimda Bog‘ot tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan Oybek Xolboyev faoliyat olib bormoqda.
Abituriyentlarga tushda ko‘rilmaydigan yengillik berildi
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab OTMga kirish imtihonlarini topshirish “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi hamda abituriyentlarga test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi imzolandi.
Shuningdek, umumta’lim fanlaridan xalqaro imtihon natijalari bo‘yicha sertifikatlar ham davlat OTMga qabul qilishda inobatga olinadi.
Qarorda keltirilishicha, 2023/2024 o‘quv yilidan abituriyentlarga “davlat granti” yoki “ta’lim yo‘nalishi” ustuvorliklaridan birini tanlash va tanlagan ustuvorligi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilidan akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi, kollej va texnikumlarning ta’lim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 2 baravarga oshiriladi.
LiveBarchasi