Davlatlar G‘azoni tiklash uchun 70 mlrd dollar berishga tayyor – BMT
Olam
−
15 Oktabr 2025 3624 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) rasmiylari Yevropa va arab davlatlari, Kanada hamda AQSH G‘azoni qayta tiklash uchun kerak bo‘lgan 70 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ni ajratishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP) vakili Jako Sillersning ma’lum qilishicha, Isroilning HAMASga qarshi ikki yillik urushi oqibatida 55 million tonnadan ortiq vayrona paydo bo‘lgan — bu Giza ehromlaridan 13 baravar ko‘p. G‘azo hududining to‘liq tiklanishi o‘nlab yillar davom etadi.
“Yevropa davlatlari, Kanada kabi ko‘plab hamkorlarimizdan ijobiy xabarlar oldik. AQSH bilan ham bu borada muzokaralar olib borilmoqda”, deydi Sillers matbuot anjumanida.
O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgach, minglab falastinliklar o‘z uylari – xarobalariga qaytishgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idorasiga ko‘ra, Isroilning ikki yillik bombardimonlari oqibatida G‘azo hududining katta qismi vayronaga aylangan. Urushda 68 ming kishi halok bo‘lgan.
BMT Sun’iy yo‘ldosh markazi (UNOSAT) ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta vayronagarchilik G‘azo shahrida kuzatilgan – bu yerda barcha binolarning 83 foizi shikastlangan.
UNDP hozirgacha 81 ming tonna vayronani tozalaganini va bu ishlar davom etayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Misrning Sharm-al-Shayx shahrida o‘tgan sammitda mintaqadagi boshqa rahbarlar – Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Qatar Amirishayx Tamimbin Hamad Ol Soniy bilan birga G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolagandi.
Live
Barchasi