Davlatga xiyonatda ayblanayotgan Poroshenko sudga arz qildi
Olam
−
17 yanvar 2022
5291Xabar berib borayotganimizdek, Kiyevning Pecherskiy tuman sudi Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoni davlatga xiyonatda gumon qilib, uni hibsga olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, sobiq prezident va uning advokatlari sud jarayonida Poroshenkoga davlat tomonidan bepul advokat olish aytilganini bildirib, shikoyat qilgan.
Porashenkoga ko‘ra, unga o‘zini himoya qilish uchun yetarli malakaga ega bo‘lgan advokatni yollashga yo‘l qo‘ymaslikni uni ochiqchasiga haqoratlash va o‘zini oqlash borasidagi huquqlarini cheklash sifatida qabul qilish mumkin.
Bunga javoban, Ukraina Davlat tergov byurosi (DTB) mamlakat sobiq prezidenti va uning tarafdorlari uchun hukumat tomonidan bepul advokat yollash taklif qilingani haqidagi xabarlarni rad etgan.
“Davlat tergov byurosi Pyotr Poroshenkoga sudda bepul ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatish uchun hech qanday advokat yollash taklif qilinmaganini ma’lum qiladi. Unga bepul advokat yollangani haqidagi xabarlarning ham asossiz ekanini bildiramiz”, deyiladi bugun, 17 yanvar kuni e’lon qilingan DTB Matbuot xizmatining bayonotida.
Bundan tashqari, Poroshenkoning advokatlari uning nomiga sud uchun hech qanday rasmiy chaqiruv qog‘ozi kelmagani va bo‘lib o‘tgan sud jarayonidan so‘ng, unga nisbatan hech qanday ayblov qo‘yilmaganini bildirgan.
Sobiq Prezident Poroshenko, hozirda uning ishi ko‘rib chiqilayotgan sudga, 2014-2015 yillarda Donbassning nazoratga olinmagan hududidan Kiyevga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha ochilgan jinoiy ishda ayblanuvchi sifatida chaqirilgan.
Bundan tashqari, unga nisbatan Ukraina Jinoyat kodeksining “Terrorizmni moliyalashtirish”, “Davlatga xiyonat” va “Terrorchi tashkilot tuzish” moddalari bo‘yicha ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Bugun bo‘lib o‘tgan sud jarayonida Poroshenkoning advokatlari suddan Prokurotura unga qo‘ygan “Davlatga xiyonat” ayblovini bekor qilib prokuraturaning shu jinoyat asosida uni qamoqqa olish haqidagi so‘rovini qaytarib yuborishni so‘ragan. Ammo sud ularning talabini qondirishdan bosh tortgan.
Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Prokurotura suddan yana Poroshenkoga qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlanguniga qadar uni ikki oy muddatga hibsga olish yoki 1 milliard griven (35,7 million dollardan ortiq) garov evaziga ozodlikda ushlab turishni so‘ragan.
Bundan tashqari, ayblanuvchi tergov yakuniga qadar mamlakatdan qochib ketmasligi uchun uning barcha shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bekor qilinishi va unga qayerda ekanini ko‘rsatib turuvchi maxsus braslet taqilishi so‘ralgan.
Qayd etilishicha, Poroshenkoni uning mol-mulki musodara qilingan yoki qilinmagan taqdirda ham kamida 15 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Poroshenko bugun, 17 yanvar kuni Ukrainaga qaytdi.
U Kiyev xalqaro aeroportida tarafdorlari bilan uchrashib, amaldagi Prezident Zelenskiyga tahdid qildi.
U mamlakatning amaldagi hukumati vakillari munosib jazoga tortilishiga va’da berdi.
“Zelenskiylar va Kolomoyskiylar, biz davlatimiz poydevorini qurayotganimizda, Ukrainani vayron qilishdi, soliq to‘lovchilar cho‘ntagidan o‘nlab million dollarlarni olib chiqib ketishdi, London va Italiyada villalar qurishdi. Hozir esa hokimiyat, ular bizni xiyonatda ayblamoqda, buning uchun hammasi javob beradi”, deydi u.
Behruz Saidov
LiveBarchasi