Davlat qashshoqlashib qolmaydi: Andijon viloyati “kattasi” proyektor uchun 1 mlrd ajratdi

Jamiyat

image

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov majlislar zaliga lazerli videoproyektor sotib olish uchun 1 milliard so‘m ajratdi. Hokimning shu haqdagi tegishli qarori kecha, 8 aprel kuni qabul qilingan. 

Qarorda yozilishicha, viloyat byudjetining 2025 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Andijon tuman mahalliy byudjetiga Yangi Andijon majlislar zaliga lazerli videoproyektor texnikalarini sotib olish xarajatlari uchun 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. 

“Viloyat byudjetining 2025 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, Andijon tuman hokimining 2025 yil 7 apreldagi xatini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 73-moddasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunining 6-, 21-1 -moddalariga asosan Andijon tuman mahalliy byudjetiga Yangi Andijon majlislar zaliga lazerli videoproyektor texnikalarini sotib olish xarajatlari uchun 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilsin”, deyiladi hokim qarorida. 

Shuningdek, Abdurahmonov viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga qabul qilgan qaroriga muvofiq 2025 yil xarajatlar rejasiga o‘zgartirish kiritilishini ham qo‘shimcha qilgan.  

Abdurahmonov Andijon tuman hokimi Boburbek Yuldashevga ajratilgan mablag‘larni maqsadli va samarali ishlatilishini hamda xarid qilingan qurilmalarni tuman hokimligi balansida saqlanishi ta’minlanishini buyurgan. 

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshodbek Karimovga yuklatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

byudjet Shuhrat Abdurahmonov Andijon viloyati hokimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing