“Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi
Jamiyat
−
02 avgust 2021
4679Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokamaga joylashtirildi.
Qonun loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad – qonun darajasida davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash, shuningdek davlat qarzini boshqarishda Parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali va yaxlit tizimni yaratish.
Kutilayotgan natijalar
Ushbu Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida:
1) davlat qarzini boshqarish jarayonining fragmentatsiyalashuvini oldini olish;
2) davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni boshqarish;
3) davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi;
4) davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan qonuniy mexanizmlarning yaratilishiga erishiladi.
Shuningdek, Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga, xorijiy kreditor va investorlarning mamlakatning qarzlarni to‘lay olish salohiyatiga bo‘lgan ishonchining ortishiga hamda davlat tomonidan qarzlarning qulay shartlarda va past narxlarda jalb qilinishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi o‘n bobdan va 55 ta moddadan iborat.
Birinchi bobda umumiy qoidalar, ushbu qonun loyihasining qo‘llanilish sohasi va asosiy tushunchalar keltirilgan.
Qonun loyihasining ikkinchi bobida davlat qarzini boshqarish sohasini davlat tomonidan tartibga solishga oid qoidalar aks ettirilgan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlari belgilangan.
Xususan, ushbu bobning 10-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasida yagona vakolatli organ ekanligi belgilanmoqda.
Uchinchi bob davlat qarzini boshqarish, davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari, maqsadlari va strategiyasiga bag‘ishlangan.
Unga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish davlat qarzi bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish, davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni boshqarish, davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish, davlat qarzini restrukturizatsiya qilish, davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni qaytadan kreditlash, davlat kafolatini rasmiylashtirish va taqdim etish, davlat qarzi shartnomalarining asl nusxalarini saqlash, davlat qarzi shartnomalari va davlat kafolatlari, shu jumladan bekor qilingan davlat kafolatlarining ro‘yxatini yuritish, davlat qarziga xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va davlat kafolati bo‘yicha majburiyatlarni bajarish, davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritishga oid operatsiyalarni amalga oshirishdan iboratdir.
To‘rtinchi bobda davlat qarzining ustuvorligi, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish uchun shartlar, davlat qarzini qaytadan kreditlash va restrukturizatsiya qilish, davlatning shartli majburiyatlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qarz jalb qilish va moliyaviy kafolatlarni berishga oid qoidalar keltirilgan.
Beshinchi bobda davlat qarzining cheklangan hajmlarini va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha yillik limitlarni belgilashga oid qoidalar keltirilgan.
Unga ko‘ra, davlat qarzi summasi joriy yildagi nominal yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi lozimligi belgilanmoqda. Bunda, davlat qarzi summasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat qarzi ushbu me’yordan oshmasligini ta’minlovchi choralarni o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi.
Oltinchi bobda O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlari turlari, shuningdek ularni chiqarish va joylashtirish bo‘yicha qoidalar keltirilgan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlari turlari sifatida davlat g‘aznachilik obligatsiyalari va O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan xalqaro obligatsiyalar ko‘rsatilgan.
Yettinchi bobda davlat kafolatini berish tartibi, davlat kafolati berilmaydigan holatlar, qarz oluvchi-rezidentlarning majburiyatlari, davlat kafolatini bekor qilishga oid qoidalar aks ettirilgan.
Sakkizinchi va to‘qqizinchi bobda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari, qaytadan kreditlangan qarzlar bo‘yicha to‘lovlar, davlat kafolati bo‘yicha majburiyatlarni bajarish, davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritish va ma’lumotlar ochiqligini ta’minlashga oid qoidalar keltirilgan.
O‘ninchi bob yakuniy qoidalarga bag‘ishlangan. Ushbu bobda davlat qarzi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik, nizolarni hal etish, davlat qarzi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va yahamiyati tushuntirilishini ta’minlash va ushbu Qonunning kuchga kirishiga oid qoidalar aks ettirilgan.
LiveBarchasi