Darding – dardimiz, Turkiya!

Jamiyat

Joriy yilning 6 fevral tongi Turkiya xalqi uchun ayanchli boshlandi. 7,4 (ba’zi manbalarda 7,9) balli zilzila odamlar uyquda vaqti – soat 04:17 da sodir bo‘ldi. Minglab kishilar ko‘zlarini ochishga ulgurmay bu dunyoni tark etdi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuchli zilzila oqibatida ko‘plab talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi. Shundan so‘ng ikkala davlat rahbarlarining telefon orqali muloqoti ham bo‘lib o‘tdi.

Zilziladan so‘ng 70 ta davlat va 14 ta xalqaro tashkilot Turkiyaga yordam berishini ma’lum qildi. Shu o‘rindi O‘zbekiston ham barcha imkoniyatlar bilan qardosh va do‘st Turkiyaning yonida turib, navbatma-navbat o‘z yordamlarini ko‘rsata boshladi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan, 7 fevral kuni qardosh Turkiya davlatiga insonparvarlik yordami va zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, 100 nafar qutqaruvchi hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi, 9 fevral kuni esa yana 71 kishidan iborat qo‘shimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi jo‘natildi.

Jabrlanganlarga yordam berish uchun guruhga qo‘shib to‘qqizta alohida bo‘linmadan iborat ko‘chma shifoxona majmuasi yuborildi. Ushbu dala shifoxonasi barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlanadi. Qidiruv-qutqaruv ishlari  boshlanganidan buyon shu kunga qadar O‘zbekiston FVV xodimlari 13 nafar jabrlangan va 64 nafar halok bo‘lganlarni vayronalar ostidan chiqardi.

O‘zbeklar Turkiyadagi zilziladan jabrlanganlarga osh ham tarqatdi. Yurtdoshlarimiz qardosh xalqning og‘ir kunida o‘z yordamlarini ayamadi.

Toshkentda esa Savdo-sanoat palatasi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan zilziladan talafot ko‘rgan turkiyaliklarga insonparvarlik yordamini to‘plash markazi tashkil qilinib, kundalik ehtiyojlarga kerak bo‘ladigan 100 dan ortiq mahsulotlar yig‘ilmoqda. Xayriya ishlarida tashkilotning 250 nafardan ortiq xodimi va 150 nafar ko‘ngilli ishtirok etmoqda.

Prezident Mirziyoyev 9 fevral kuni Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga borib, qardosh xalqqa yana bir bor hamdardlik bildirdi.

Parvardigordan marhumlarni o‘z rahmatiga olishini, ularning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik berishini so‘radi. Jarohat olgan insonlar tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tiladi. Mirziyoyev O‘zbekiston barcha zarur yordamga tayyorligini bildirgan. Elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarini yozib qoldirgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, ushbu mamlakatda sodir bo‘lgan va ko‘plab odamlarning o‘limiga olib kelgan zilzila sabab hamdardlik bildirdi. Shu bilan birga yana bir qator hukumat vakillari ham Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga borib o‘z ta’zilayalarini bildirdi.

Akobir Misiraliyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Turkiya Turkiyadagi zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing