Daniyadagi Iroq elchixonasi oldida Qur’on yoqib yuborildi
Olam
−
23 iyul 2023
24421Daniya poytaxti Kopengagendagi Iroq elchixonasi oldida o‘ta millatchi “Daniyalik vatanparvarlar” guruhi vakillari miting o‘tkazib, Qur’on kitobini yoqib yubordi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Namoyishchilar buni Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga yaqinda uyushtirilgan hujumga norozilik sifatida uyushtirganini aytgan.
Kopengagen politsiyasiga ko‘ra, voqea shu yilning 21 iyul kuni yuz bergan.
“Hech qanday tergov boshlanmaydi, chunki hech qanday jinoyat sodir bo‘lmagan. Bir kishi, ehtimol, bu odamga tegishli bo‘lgan kitobga o‘t qo‘ydi va bu noqonuniy emas. Qolaversa, bu rasman qayd etilgan namoyish edi”, deydi huquq-tartibot idorasi xodimi.
Iroq Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning Daniyadagi elchixonasi oldida Qur’on va bayroqni yoqilishini qoralagan.
“Vazirlik o‘z fikrini bildirish va namoyish o‘tkazish erkinligi kontekstida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lmagan ushbu dahshatli voqealarni tergov qilishga to‘liq sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, deyiladi Iroq TIV xabarida.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 iyul kuni Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya bo‘lib o‘tdi. Unda 37 yoshli iroqlik muhojir Salvan Momika musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepdi, shuningdek, krossovkasini Iroq milliy bayrog‘i va taniqli arboblarining suratlari bilan artdi. Aytish joizki, u oldin ham Stokgolmda Qur’onni tahqirlagan edi.
Shundan so‘ng Eron, Iroq va Livanda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Iroq poytaxti Bag‘doddagi Shvetsiya elchixonasiga namoyishchilar bostirib kirdi, elchixona xodimlari evakuatsiya qilindi. Shuningdek, Iroq Shvetsiya elchisini mamlakatdan chiqarib yuborib, bunday holat yana takrorlansa, Shvetsiya bilan aloqalarini uzishini ma’lum qildi.
Livan va Erondagi norozilik chiqishlari esa nisbatan tinch o‘tdi. Tehrondagi Shvetsiya elchixonasi oldiga yig‘ilgan odamlar binoga tuxum va pomidor uloqtirib, diplomatik missiya rahbari Erondan chiqib ketmaguncha o‘sha yerdan ketmasligini e’lon qildi. Eron hukumati esa Shvetsiya elchisini mamlakatdan ketkazib yubordi va bunday holat qayta takrorlansa, diplomatik aloqalar uzilishini bildirdi.
LiveBarchasi