Daniya Yevropada eng yuqori pensiya yoshini joriy qilmoqda

Olam

image

Daniya parlamenti mamlakatda pensiya yoshini 70 yoshga oshirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 22 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda 81 deputat qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan, 21 nafari esa unga qarshi chiqqan.

Yangi qonun 1970 yil 31 dekabrdan keyin tug‘ilgan fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladi. Hozirgi kunda Daniyada pensiyaga chiqish yoshi o‘rtacha 67 yoshni tashkil etadi. Ammo 1967 yil 1 yanvarda yoki undan keyin tug‘ilganlar uchun bu ko‘rsatkich 69 yoshgacha oshirilgan.

Bandlik vaziri Ane Xalsboe-Yyorgensen bu o‘zgarishlar “kelajak avlodlarga munosib farovonlikni ta’minlash uchun zarur” ekanini ta’kidlagan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Daniyada 6 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ulardan 713 ming nafari 60–69 yosh oralig‘ida, yana 580 ming nafari 70–79 yoshda.

Daniya sug‘urta va pensiya fondlari assotsiatsiyasiga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlatda pensiya yoshiga yetgan va undan keyin ham ishlashda davom etayotgan fuqarolar soni sezilarli darajada oshgan.

OAVga ko‘ra, hozirda Daniyada pensiya yoshidan katta bo‘lgan 80 mingga yaqin kishi faol mehnat qilmoqda. Bunga yaxshi iqtisodiy sharoitlar, ish beruvchilarning moslashuvchanligi, moliyaviy rag‘batlar va mehnat qilish istagi sabab bo‘lmoqda.

“2040 yilgacha pensiya yoshining 70 yoshga ko‘tarilishi ko‘pchilik uchun qo‘rqinchli tuyulishi mumkin, lekin statistik ma’lumotlar odamlar tobora uzoqroq ishlayotganini ko‘rsatmoqda. Yaxshi tomoni shuki – ko‘plab daniyaliklar nafaqat sog‘lom, balki ishlashni xohlaydi”, degan mamlakat rasmiylaridan biri.

Ma’lumot uchun, Daniya 60 yoshdan yuqori milliy pensiya yoshini belgilagan ilk Yevropa davlati bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Liviya bilan bir darajada, dunyodagi eng yuqori pensiya yoshiga ega mamlakatlar qatoriga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Belgiya poytaxti Bryussel shahrida 60 mingga yaqin odam Vazirlar Mahkamasining pensiya yoshini oshirish va harbiy xizmatga taalluqli bo‘lgan majburiy ish stajini 11 yilga uzaytirish rejalariga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Daniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing