Daniya bir oydan beri hukumat tuzolmayapti
Olam
−
08:48 1440 2 daqiqa
Joriy yilning mart oyidagi saylovlardan so‘ng Daniya parlamentiga kirgan partiyalar bir oydan ortiq vaqt o‘tsa hamki yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha kelisha olmayapti. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Daniyada 24 mart kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan. Saylovchilarning ishtiroki 84 foizni tashkil etgan, bu esa 1990 yildan beri eng past ko‘rsatkichdir. Sotsial-demokratlar 21,8 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, bosh vazirlikka nomzodlarning birortasida hukumatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ko‘pchilik ovozi mavjud emas. Saylov kunidan beri jami 38 kun o‘tdi.
Daniya parlamenti — Folketingning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, zamonaviy Daniya tarixidagi eng uzoq davom etgan muzokaralar 2022 yilda bo‘lib o‘tgan va 45 kun davom etgan. O‘shanda ham, hozirgidek, muzokaralarga keyinchalik Bosh vazir bo‘lgan Mette Frederiksen boshchilik qilgan. Bungacha bo‘lgan rekord 1975 yilga tegishli bo‘lib, o‘shanda hukumat tuzish 36 kun vaqt olgan. Hozirgi muzokaralar esa allaqachon bu muddatdan oshib ketdi.
“Albatta, hali yakuniga yetmagan murakkab muhokamalar, jumladan, iqtisodiyot bo‘yicha bahslar davom etmoqda. Siyosiy kelishuvga erishish mumkinmi yoki yo‘qmi, rostini aytsam, bilmayman”, deydi Frederiksen.
U bu gal daniyaliklar 12 ta partiyani saylaganini eslatib o‘tgan.
“Ko‘pchilik hukumat tarkibiga kirishni istaydi, faqat bir-birlari bilan emas. Siz bizning ishimizni osonlashtirmadingiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Frederiksen saylov oldidan uning Sotsial-demokratik partiyasi tomonidan taklif etilgan badavlat fuqarolar uchun mulk solig‘i boshqa partiyalar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmaganini va uni amalga oshirib bo‘lmasligini tan olgan.
Ma’lumot uchun, fevral oyi oxirida Frederiksen o‘z partiyasining reytingi pasayib ketgani fonida o‘tgan asrning oxirida bekor qilingan badavlat shaxslar uchun mulk solig‘ini qayta joriy etishni taklif qilgan.
Live
Barchasi