Daniya askarlarini Ukrainaga o‘qishga yuboradi

Olam

image

Bir necha guruh daniyalik askarlar uchuvchisiz texnikalardan foydalanishni o‘rganish uchun Ukrainaga yuboriladi. Bu haqda kecha, 16 aprel kuni Daniyaning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Peter Boysen TV 2 telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, yuboriladigan askarlar soni va kurs formati aniq belgilanmagan. O‘qish shu yilning yoz mavsumida boshlanishi rejalashtirilgan. Daniya harbiylari Ukraina g‘arbidagi o‘quv markazlariga yuborilishi mumkin.

“Biz ukrainaliklar qanday tajriba orttirganini shaxsan ko‘rish uchun bir nechta guruhlarni yubormoqdamiz”, degan Peter Boysen.

Rossiyaning Daniyadagi elchisi Vladimir Barbinning so‘zlariga ko‘ra, daniyalik harbiylarning Ukrainaga, jumladan, Ukraina Qurolli kuchlarining jangovar tajribasini o‘rganish uchun yuborilishi katta xatodir.

“Bu Daniyani mojaroga yanada chuqurroq tortadi va nazorat qilib bo‘lmaydigan keskinlashuvni keltirib chiqaradi. Qo‘mondonning bu qarori Ukrainadagi mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan hozirgi urinishlarga ziddir”, degan Rossiya vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina hududining ichkarisida ham, front chizig‘ida ham harbiy ob’ektlar, jumladan, shtablar, o‘quv va ta’lim markazlari, shuningdek, harbiy xizmatchilar va harbiy texnikalar joylashgan joylar Rossiya Qurolli kuchlari uchun qonuniy nishondir va Daniyadan askarlar yuborilgan taqdirda ular ham Rossiyaning nishoniga aylanib qolishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Daniya 1949 yildan beri NATO a’zosi va o‘z iqtisodiyoti hajmi bo‘yicha Ukrainaga harbiy yordamning eng yirik donorlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat, shuningdek, Gollandiya va AQSH bilan birgalikda Ukraina havo kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan koalitsiyani boshqaradi. 

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning oxirida Daniya F-16 qiruvchilarining ikkinchi partiyasini Ukrainaga yetkazib bergandi. Ularning birinchi partiyasi o‘sha yilning noyabr oyida amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Daniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing