Damashqda mikroavtobusga o‘rnatilgan bomba portladi. Qurbonlar bor

Olam

image

Suriyaning Damashq shahri yaqinidagi Jaramana tumanida mikroavtobusga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, yana 14 kishi jarohat oldi. Bu haqda Suriya rasmiylari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa paytaxt Damashq chetida joylashgan, asosan druzlar istiqomat qiladigan Jaramana hududida sodir bo‘lgan. Davlatga qarashli “Ekhbariya TV” telekanaliga xavfsizlik idorasi manbasi dastlabki ma’lumotlarga tayanib, portlashga transport vositasiga oldindan o‘rnatilgan portlovchi qurilma sabab bo‘lganini aytgan. Hodisa joyidan olingan tasvirlarda portlash natijasida vayron bo‘lgan oq rangli mikroavtobus olib ketilayotganini ko‘rish mumkin.

Jaramanada yashovchi Samer Abbosning aytishicha, u portlash vaqtida voqea joyidan bir necha metr uzoqlikdagi kiyim-kechak do‘konida bo‘lgan. Portlash oqibatida uchgan parcha uning do‘koni peshtoqiga kelib tekkan.

“Bu juda kuchli va g‘ayritabiiy tovush edi”, degan Abbos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, portlashdan so‘ng eng avval ko‘ngli tashqarida o‘tirgan o‘g‘li uchun xavotirga tushgan.

“O‘g‘limni ko‘rib, ovozini eshitmaguncha yuragim joyiga tushmadi”, degan u.

Damashqdagi Mujtahid shifoxonasida bo‘lgan Bassel Imad esa portlashni “vahshiyona harakat” deb atagan. Uning amakivachchasi Safuh portlagan mikroavtobusni boshqarib ketayotgan bo‘lib, jarohat olgan. Imadning aytishicha, hujum sodir etilgan Jaramana ko‘chasi tor bo‘lib, u yerda ko‘plab do‘konlar va ko‘cha savdogarlari faoliyat yuritadi.

“Yuz bergan voqea juda vaxshiy ish bo‘ldi”, degan u.

Suriyadagi druzlar jamoasining ayrim qurolli guruhlari mamlakatning yangi islomchi rahbariyati bilan to‘qnashuvlarga kirishgan. BMTning mart oyida e’lon qilingan tekshiruviga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida janubdagi Suvaydo viloyatida 1 700 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Ularning aksariyati druzlar jamoasiga mansub tinch aholi va ayrim beduinlar bo‘lgan.

Hisobotda Suriya hukumat qo‘shinlari, qabila jangarilari hamda druzlar qurolli guruhlari harbiy jinoyatlar sodir etgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Suriyaga tarixiy tashrif bilan borgan paytda Damashq markazida portlashlar yuz bergandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing