“Dalil yo‘q”. NASA rahbari o‘zga sayyoraliklar haqida gapirdi
Olam
−
11:40 5918 2 daqiqa
NASA rahbari Jared Ayzekman halokatga uchragan o‘zga sayyoraliklarning kemalari yoki kelgindilarning jasadlari haqida hujjatlar bilan tasdiqlangan biron-bir ma’lumotga ega emasligini aytdi. Bu haqda u Vashingtonda bo‘lib o‘tgan CNBC CEO Council Summit forumi paytida insoniyatning o‘zga sayyoraliklar sivilizatsiyasi bilan ehtimoliy aloqalari haqidagi savollarga javob berish davomida so‘z ochdi.
Ayzekmanning so‘zlariga ko‘ra, NASA AQSH hukumati tomonidan yashirib kelinayotgani aytiladigan noma’lum uchar jismlarning halokatlari haqidagi ommabop nazariyalarni tasdiqlay oladigan dalillarga ega emas. Shu bilan birga, u noma’lum kosmik hodisalar tabiati va kelib chiqishi hali aniqlanmagan ob’ektlar haqida materiallar mavjudligini qayd etgan.
“AQSH Prezidenti Donald Tramp ushbu tashabbusni butun hukumat bo‘ylab ilgari surmoqda: u “hujjatlaringizni, bu mavzuga ozgina bo‘lsa ham aloqador bo‘lgan barcha narsani yig‘ing va odamlar o‘zlari bir qarorga kelishlari uchun ommaviy ravishda e’lon qiling”, demoqda. Va menimcha, bu mutlaqo ajoyib tashabbus. Ammo menda halokatga uchragan kemalar yoki o‘zga sayyoraliklarning jasadlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Biroq biz qayd etayotgan noma’lum kosmik hodisalar bo‘yicha fayllar albatta mavjud va biz ularni ochiq taqdim etmoqdamiz”, deydi u.
Qayd etish joiz, o‘zga sayyoraliklar mavjudligi haqidagi mavzu Donald Trampning fevral oyidagi bayonotidan keyin yana diqqat markaziga qaytdi. O‘shanda u o‘zga sayyoraliklar, noma’lum anomal hodisalar va ushbu mavzuga oid boshqa materiallar bilan bog‘liq hukumat hujjatlarini chop etishni boshlashga va’da bergan edi. Buning uchun, uning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa vaziri Pit Hegset va tegishli idoralar tegishli topshiriqlarni olgan.
Arxivlarning ochilish jarayoni jamoatchilikka o‘nlab yillar davomida noma’lum uchar jismlar atrofidagi ko‘plab nazariyalar va bahs-munozaralarni avj oldirib kelgan, ilgari maxfiylashtirilgan ma’lumotlar bilan tanishish imkonini berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH noma’lum uchuvchi jismlar halokatga uchraganidan keyin o‘zga sayyoraliklarning to‘rtta turini topganini da’vo qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi