Dahshat kinoga ko‘chganda yoxud Ikkinchi jahon urushi haqida TOP filmlar
Madaniyat-san’at
−
09 may 2022
224879 may – Xotira va qadrlash kuni. Bu kunda Ikkinchi jahon urushida va front ortida tinchlik uchun kurashib, halok bo‘lgan jasur va matonatli ajdodlarimiz xotirasi yodga olinadi. Oramizda bo‘lgan urush faxriylari, ishtirokchilari va mehnat frontida jasorat ko‘rsatgan nuroniylar qahramonligiga hurmat bajo keltirilib, ularning holidan xabar olinadi.
Urushda g‘alabaga erishilganiga 77 yil to‘ldi. U insoniyat tarixidagi eng qonli, eng dahshatli urush sifatida tarixda qoldi. Bugungi avlodlar u haqidagi hikoyalar, tarixiy manbalarni o‘qish, filmlarni ko‘rish orqali urushning miqyosi va dahshatini his qilish imkoniyatiga ega. Bugun esa urush davrlari tasvirlangan filmlarni tomosha qilish va dahshatni oz bo‘lsa-da his qilish imkoni mavjud. Shu bois quyida o‘zbekistonlik kinoijodkorlar tomonidan Ikkinchi jahon urushi yillari aks etgan filmlar TOP-10 ro‘yxatini tuzdik. Quyida ushbu filmlar haqida ma’lumotlar taqdim etamiz.
Vatan sovg‘asi (1943)
Ikkinchi jahon urushida jang qilayotgan o‘zbek askarlariga o‘zbek san’ati ustalarining musiqali kinofilm shaklidagi tuhfasi. Rejissyorlar Komil Yormatov va Zohid Sobitov tomonidan ayni Ikkinchi jahon urushi yillarida suratga olingan. Ushbu musiqali filmda o‘zbek san’atining afsonaviy ijodkorlari Lutfixon Sarimsoqova, Xalima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Shukur Burxonov, Nabi Rahimov va Jo‘raxon Sultonovlar suratga tushishgan.
Sen yetim emassan (1962)
Film hayotiy voqealarga asoslangan bo‘lib, toshkentlik temirchi Shomahmud Shoahmedov va turmush o‘rtog‘i Baxri Akromovalarning Ikkinchi jahon urushi paytlarida SSSRning turli hududlaridan O‘zbekistonga keltirilgan turli millatga mansub 14 nafar bolani boqib olganliklari haqida hikoya qiladi. Film ekran yuzini 1962 yilda ko‘rgan bo‘lib, u rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan. Bosh rollarni Obid Jalilov va Lutfixon Sarimsoqova ijro etgan.
26-otilmasin (1966)
Eduard Arbenov va Lev Nikolayevning “Feniks” romani asosida rejissyor Ravil Botirov tomonidan 1966 yilda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan va 1967 yil 2 iyunda premerasi bo‘lib o‘tgan kinofilmda nemis armiyasi tarkibidagi sovet josusi haqida hikoya qilinadi. Film tomoshabinlar orasida yaxshigina ommalashgan va kinoteatrlarga 30 milliondan ortiq tomoshabin aynan ushbu kinoni tomosha qilish uchun kelgan.
"General Rahimov" (1967)
Ilk o‘zbek generali Sobir Rahimovning ikkinchi jahon urushi vaqtida jang maydonlarida ko‘rsatgan jasorati haqida hikoya qiluvchi film ssenariysi generalning harbiy tarjimai holidan olingan faktlar va real voqealarga asoslangan. Zohid Sobitov rejissyorligida suratga olingan kartinada Sobir Rahimov obrazini O‘zbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonov gavdalantirgan.
41-yil olmasi (1969)
Rejissyor Ravil Botirov tomonidan 1969 yilda suratga olingan film. Film 1941 yilning qishida, fashistlar Moskvaga yaqinlashganida, O‘zbekiston kolxozchilari tomonidan frontga jo‘natilgan olma va ana shu eshelonni qo‘riqlab borgan choyxonachi haqida hikoya qiladi. Bosh rollarni Nabi Rahimov, Usmon Salimov va Solijon Ahmedov ijro etgan.
Muhabbat mojarosi (1971)
Rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan ushbu kinofilm nihoyatda og‘ir syujetlarga asoslangan bo‘lib, unda o‘g‘lidan kelgan qora xat sabab kelinini kenja o‘g‘liga olib bergan ota epizodi bilan boshlanadi. Ammo bosh qahramon Mahkam urushda halok bo‘lmagan, balki asir tushgan edi. Mahkam rolini O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov ijro etgan.
Vatan (2006)
2006 yilda rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan ishlangan kinofilm. Karitina Ikkinchi jahon urushi yillari O‘zbekistondan ketib qolgan o‘zbekistonliklar hayotidan hikoya qiladi. AQSHda yashab kelayotgan Qurbon ismli keksa odamga Vatan sog‘inchi tinchlik bermaydi va u uzoq yillardan so‘ng O‘zbekistonga qaytadi. Bosh rollarni Abdumannon Ubaydullayev, Obid Yunusov, Muzaffar Sa’dullayev, Ra’no Shodiyeva va Bobur Yo‘ldoshev ijro etgan.
Berlin — Oqqo‘rg‘on (2018)
Zulfiqor Musoqov tomonidan Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlab suratga olingan yana bir ijodiy na’muna. Film voqealari urushdan oldingi va bizning davrimizdagi bir-biriga bevosita bog‘liq bo‘lmagan bir qancha syujetlar liniyasidan tashkil topgan. Bosh rollarni Hasan Shuhratov, Rayhon Asadova, Mahliyo Asqaraliyeva, Ra’no Shodiyeva, Seydula Moldaxanov va Nigora Karimboyeva ijro etgan.
101 askar (2020)
Filmda 101 nafar o‘zbek askarlarining Amersfoortdagi konslagerda mahbus qatorida boshdan kechirgan dahshatli azob-uqubatlari, matonat va milliy madaniyatimizga bo‘lgan sadoqati haqida so‘z boradi.
Ilhaq (2020)
Rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan "Ilhaq" filmi real voqea va hodisalarga asoslangan bo‘lib, Ikkinchi jahon urushida besh nafar o‘g‘lidan ayrilgan Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod qishlog‘idan bo‘lgan Zulfiya Zokirovaning oilasi haqida hikoya qilingan. Filmda bosh rolni O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova ijro etgan. Ilhaq kino kartinasi Belarusda bo‘lib o‘tgan "Listapad" xalqaro kinofestivalida "Grand-pri"ni qo‘lga kiritgan.
Ulug‘bek Xudoyberganov (Ulug‘bek Toshkandiy) tayyorladi
LiveBarchasi