Cybertruck’ni portlatgan haydovchi tayyorgarlik uchun ChatGPT’dan foydalangan

Olam

image

AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahridagi Trump International mehmonxonasi yonida portlagan Cybertruck avtomobili haydovchisi 37 yoshli Mettyu Livelsberger tayyorgarlik jarayonida ChatGPT chatbotidan foydalangan. Bu haqda mahalliy politsiya sherifi Kevin Makmaxillga tayanib, NBC News xabar berdi.

Qayd etilishicha, Livelsberger sun’iy intellektdan qancha portlovchi modda kerakligi va ularni qanday sotib olish mumkinligini aniqlash uchun foydalangan. 

“Bu AQSH hududida ChatGPT insonga muayyan portlovchi qurilma yaratishda yordam bergan birinchi ma’lum hodisa bo‘lsa kerak”, deydi sherif.

ChatGPT dasturini ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasi vakili sun’iy intellekt hodisaga tayyorgarlik uchun ishlatilgani sabab afsus bildirgan.

“Bizning modellarimiz zararli kontentni minimallashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu holatda esa ChatGPT internetda allaqachon mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etgan”, deya ta’kidlagan u.

Eslatib o‘tamiz, Tesla kompaniyasining Cybertruck avtomobilini joriy yilning 1 yanvar kuni Las-Vegasdagi Trump International mehmonxonasi oldida portlagandi. Haydovchi halok bo‘lgan, bir necha yo‘lovchilar yengil jarohat olgan. Tesla asoschisi Ilon Mask portlashga avtomobil yukxonasida joylashgan “juda ko‘p miqdordagi mushaklar yoki bomba” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Uni portlatgan Layvelsberger AQSH armiyasida xizmat qilgan. FQB Cybertruck haydovchisining AQSHning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga nisbatan dushmanlik hissi bo‘lmaganini taxmin qilmoqda. Maxsus xizmat uning harakatlarini posttravmatik stress buzilishi bilan bog‘lagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh ChatGPT Cybertruck

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing