COVID-19`ni davolash uchun moslashtirilgan Virusologiya ITI klinikasi odatiy ishiga qaytdi
Jamiyat
−
16 noyabr 2020
6954O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi ilk bor qayd etilgan shu yilning 15 martidan beri kasallikni davolash bilan shug‘ullanib kelayotgan Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi kasallik hajmining kamayishi sababli shu oyning boshidan odatiy ish faoliyatiga qaytdi. Bu haqda SSV xabar berdi.
200 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxona surunkali gepatit, sirroz va boshqa turdagi infeksion kasalliklarga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatadi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Shifoxona dunyo talablariga javob beradigan noyob laboratoriya qurilmalari bilan jihozlangan. Bundan tashqari klinikada kuniga 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika ham ishlab turibdi.
Qo‘shimcha qilinishicha, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasi ham odatiy ish faoliyatiga qaytib, koronavirusdan boshqa turdagi yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishga o‘tgan.
SSV Matbuot kotibi Furqat Sanayevning ma’lum qilishicha, hozirda Toshkentda Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va “O‘zekspomarkaz”dagi taqsimlash markazi koronavirusga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatyapti.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 70 381 ga yetgan. Ularning 67 655 nafari sog‘aygan. Hozirda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foiz bo‘lib turibdi.
LiveBarchasi