COVID-19 insoniyat uchun oxirgisi emas – BMT
Olam
−
27 dekabr 2021
4972COVID-19 pandemiyasi insoniyat uchun oxirgisi emas, keyingisiga tayyorgarlik ko‘rish zarur. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining “Twitter” sahifasida aytib o‘tdi.
Bugun butun dunyo 2020 yil noyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro epidemiyaga qarshi tayyorgarlik kunini nishonlamoqda.
“COVID-19 insoniyat duch keladigan so‘nggi pandemiya bo‘lmaydi. Ushbu sog‘liq inqiroziga qarshi kurashar ekanmiz, biz keyingi inqirozga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”, deb yozgan Guterrish.
Ma’lumot o‘rnida, JSST 2020 yil 11 martda yangi koronavirus infeksiyasining (COVID-19) tarqalishini pandemiya deb e’lon qildi. Jons Xopkins (AQSH) universitetining ma’lum qilishicha, joriy yil 26 dekabr holatiga ko‘ra, dunyoda 279 milliondan ortiq koronavirusga chalinish holati qayd etilgan, 5,3 milliondan ortiq kishi vafot etgan.
Hozir dunyoda 168 ta vaksina klinik sinovdan o‘tkazilmoqda, ulardan 40 tasi birinchi sinov bosqichida, 58 tasi ikkinchi, 62 tasi uchinchi bosqichda.
JSST tomonidan tasdiqlangan yoki hali ham ekspertizadan o‘tayotgan dorilar ro‘yxatiga Rossiya, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Hindiston, Janubiy Koreya va Kubadan 24 tasi kiritilgan. Joriy yil 17dekabr holatiga ko‘ra, JSST favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun to‘qqizta COVID-19'ga qarshi vaksinani ro‘yxatga olgan.
Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 26 dekabr holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ro‘yxatga olingan vaksinalarning umumiy dozasi 8,9 milliarddan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus butun dunyoga “omicron” shtammi xavf solayotganiga qaramay, 2022 yilda koronavirus pandemiyasi tugashini bashorat qilgandi.
LiveBarchasi