COVID-19 ga chalingan odam qancha vaqt davomida uni atrofidagilarga yuqtirishi mumkin?
Salomatlik
−
21 iyul 2020
17270O‘zbekistonda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov o‘zi ham koronavirus kasalligini boshdan o‘tkazgach, “Tez yordam” teledasturini yo‘lga qo‘ydi.
Dasturning ikkinchi sonida COVID-19 ga chalingan odam virusni atrofdagilarga yuqtirishi xavfi qancha vaqt davom etishi haqida mutaxassislardan javob olindi. Savolga SSV Virusologiya instituti xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Ra’no Qosimova, Virusolog, molekular genetik tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis, tibbiyot fanlari nomzodi Dildora Sekler va Defactum laboratories tibbiyot klinikasi klinik immunolog-infeksionist, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jaqulova javob berdi.
“Kasallik boshlanishidan ikki kun oldin va kasallik avjiga chiqqanining 1, 2, 3 kunlari virus yuklamasi bemorda juda yuqori bo‘ladi. O‘sha vaqtda yuqtirish xavfi judayam yuqori. 4-5 kundan boshlab virus yuklamasi kamayadi va yuqtirish xavfi ham pasayib boradi. Lekin tadqiqotlar 21 kungacha yuqishi mumkinligini ko‘rsatdi”, dedi Ra’no Qosimova.
Komiljon Allamjonov mutaxassislarga virus 21 kun davomida yuqumli bo‘lsa, nega Germaniya ahvoli yaxshilangan bemorni test qilmay qo‘yib yuboryapti, degan savol berdi.
“Menimcha, ular o‘zini yakkalaydi. Chunki ularda intizom degan narsa bor”, dedi Dildora Sekler bunga javoban.
Aziza Xo‘jaqulova bu savolga qo‘shimcha tarzda shunday dedi:
“Mana 6 oydan beri koronavirus bilan yashab kelyapmiz. Bilimimiz sekin asta oshyapti. O‘sha vaqtda Germaniyaga xos bo‘lgan bilimimiz yo‘q edi. O‘sha paytda Xitoy taktikasini olganmiz. Juda jiddiy qaraganmiz, odamlarni kuzatganmiz. Biz uchun shifxonadan faqatgina PZR yo‘q bo‘lganda chiqishi mumkinligi muhim edi. Lekin hozirgi davrda bilimimiz o‘zgardi. Hozir tushunib turibmiz, “Plakvenil” bermasligimiz mumkin. Turli induktor-interferonlarni bermasligimiz mumkin. Testlarni ham zaruriyat bilan qilmasligimiz mumkin ekan. Chunki taxminan 14 kungacha inson organizmida o‘zini himoya qiluvchi oqsillar rivojlanib kelar emish. O‘sha oqsillar rivojlanib kelsa, odam kimgadir zarar keltirolmas ekan. Biribir kasalxonadan chiqqanidan keyin 14 kun uyda o‘tirishi shart. Niqobda, ishga chiqmasdan”.
LiveBarchasi