“COVID-19 dan ham battarroq virus bor...” (fotogalereya)
Olam
−
07 iyun 2020
27811Afroamerikalik Jorj Floydning o‘limi munosabati bilan namoyishlar dunyoning turli mamlakatlarida davom etmoqda. Yevropa va Amerikaning o‘nlab shaharlarida minglab odamlar ko‘chaga chiqdi.
Buyuk Britaniyada namoyishlar London, Manchester, Kardiff va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tdi. Londonda namoyishchilar tiz cho‘kib, baqirishdi: "Adolat yo‘q, tinchlik yo‘q!".
Hukumatning koronavirus bilan kasallanish ehtimoli tufayli odamlar yig‘ilmasin, degan ko‘rsatmalariga qaramay, namoyishlar davom etmoqda.
Kecha, 6 iyun kuni deyarli barcha namoyishlar tinch o‘tdi. Ammo kechqurun Dauning-Stritdagi Bosh vazirning qarorgohi oldida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, norozilik namoyishlari paytida kamida 23 politsiya xodimi jarohatlangan.
Londondagi ko‘plab namoyishchilar niqob va qo‘lqop kiyib chiqishdi. Ba’zilar "COVID-19 dan ham battarroq virus bor va u irqchilik deb ataladi", degan yozuvlarni ko‘tarib olishdi.
Shimoliy Irlandiya politsiyasi ko‘plab odamlarni jarimaga tortdi, chunki odamlarning to‘planishi mamlakatda hali ham taqiqlangan.
6 iyun kuni ertalab minglab avstraliyalik "Qora hayot muhim" shiori ostida namoyishga chiqdi. Floyd bilan yuz bergan fojiali voqeadan tashqari, ishtirokchilar avstraliyalik aborigenlar jamiyatidagi tengsiz mavqe va politsiyaning ularga munosabati haqida gapirib berishdi.
Namoyishchilar qo‘llariga "Men nafas ololmayapman!" (Jorj Floydning so‘nggi so‘zlariga ishora) so‘zlari tushirilgan plakatlardan tashqari, "Yer boshqacha, voqea bir xil!", degan plakatlarni ham ko‘tarib olishdi.
Vashingtonda minglab odamlar irqchilik va politsiya zo‘ravonligiga qarshi norozilik namoyishi bilan yana ko‘chalarga chiqdi. Namoyishlar Kapitoliy vodiysi va Oq uy yaqinida bo‘lib o‘tdi. AQSHda norozilik namoyishlari 12 kundan beri davom etmoqda.
Kanadaning Toronto shahrida 6 iyun kuni bir necha ming kishi ko‘chalarga chiqdi. Mahalliy politsiyaning ta’kidlashicha, barcha namoyishlar tinch o‘tdi. Miting ishtirokchilari "Adolat yo‘q, tinchlik yo‘q" va "Ha, bu yerda ham" yozuvli plakatlar bilan aksiyada ishtirok etdi.
Fransiyada 20 mingdan ortiq namoyishchi irqchilik va politsiya zo‘ravonligiga qarshi aksiyada ishtirok etdi. Lill shahri politsiyasi 6 iyun kuni namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi.
Germaniya poytaxti Berlinda irqchilikka qarshi mitingda 15 mingga yaqin odam qatnashdi.
Afinadagi AQSH elchixonasi yaqinida afroamerikalik Jorj Floydning o‘ldirilishiga qarshi politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tartibsizlik bir guruh yoshlar politsiyachilarga tosh va molotov kokteyli uloqtirganidan so‘ng boshlandi. Politsiya bunga javoban shovqinli granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob qaytardi.
Irqchilikka qarshi namoyishlar Meksika poytaxti Mexiko shahrida ham bo‘lib o‘tdi. AQSH elchixonasi yaqinida tartibsizliklar vujudga keldi. Odamlar karantin qoidalariga amal qilmagan holda, ko‘chalarga guruh-guruh bo‘lib chiqishni boshladi. Politsiya namoyishchilarni tarqatishga qilgan harakati samara bermadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Minneapolis politsiyasi afroamerikalik Jorj Floydni hibsga oldi. Qo‘lga olish paytida politsiyachi erkakning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turadi. Floyd “men bo‘g‘ilyapman”, deb bir necha marta aytgan. Ammo huquq-tartibot idoralari xodimlari bunga e’tibor bermagan. Oqibatda, erkak reanimatsiyada vafot etgan. Bu AQSHda ommaviy norozilik va tartibsizliklarni keltirib chiqardi.