Chusovitina faoliyatini qachon tugatishini ma’lum qildi
Sport
−
27 Oktabr 2019
5079Sport gimnastikasi bo‘yicha 1992 yilgi Olimpiada chempioni, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oksana Chusovitina Olimpiada 2020 da medal yutishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada 44 yoshli sportchining faoliyatidagi so‘nggi musobaqa bo‘ladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Bu mening so‘nggi Olimpiadam bo‘ladi, men katta sportni tark etaman, faol sportchi bo‘lmayman, lekin sportda qolaman. Men O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirishga yordam beraman va qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman, bundan keyin ham sportda yashashda davom etaman”, dedi sportchi.
Chusovitina Tokiodagi o‘yinlarda qatnashish rejalarini oktyabr boshida ma’lum qilgan edi. 2020 yilgi Olimpiada uning faoliyatidagi sakkizinchisi bo‘ladi. Musobaqa vaqtida gimnastikachi 45 yoshda bo‘ladi.
“Men tanlanganimadan (tahr. Olipiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimadan) xursandman. Jahon chempionati ruhan og‘ir bo‘ldi, ayniqsa, ikkinchi sakrashda xato qilganimdan keyin kayfiyatim tushib ketdi. Biroq davom ettirish va Olimpiadaga chiqish kerak edi. Men uddalaganimdan mamnunman. Men shunchaki ishtirok etishni xohlamayapman, hozir qiyin sakrashlarga tayyorlanyapman, Olimpiadaga medal uchun boraman”, dedi Chusovitina.
Ma’lumot uchun Tokioda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari 2020 yilning 24 iyulidan 9 avgustiga o‘tkaziladi.
2016 yilda Chusovitina sport gimnastikasi tarixida yettita Olimpiadada qatnashgan yagona sportchi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Rio-de-Janeyroda o‘tgan Olimpiadada u tarixdagi eng yoshi ulug‘ gimnastikachi bo‘lgandi.
Chusovitina uch karra jahon va Yevropa chempioni hisoblanadi. Faoliyati davomida u Sovet ittifoqi, Germaniya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari safida ishtirok etgan. Chusovitina 1992 yilgi Olimpiadada debyut qilgan va sobiq ittifoq davlatlarining birlashgan jamoasi safida oltin medalni qo‘lga kiritgan.