Cho‘chqaxonaga aylantirilgan masjidlar (foto+video)
Olam
−
04 may 2022
13799Shusha – Ozarbayjonning madaniy poytaxti. U nafaqat Ozarbayjon yoki Qorabog‘, balki Kavkaz madaniyatining beshigi, desak xato bo‘lmaydi. Qariyb 300 yillik tarixga ega mazkur shahar 2020 yil noyabr oyida 44 kun davom etgan harbiy harakatlardan so‘ng arman istilosidan ozod etildi. Bu tarixiy adolat tantanasi edi. Ozarbayjon xalqi va Turkiy dunyo uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu shahar 2023 yil Turkiy dunyo madaniy poytaxti maqomini oldi.
Qariyb 30 yil bosqindan aziyat chekkan Shushada foydalanishga yaroqli inshoot deyarli topilmaydi. Bu shaharda hatto Islom dinida muqaddas sanalgan masjidlar ham oyoqosti qilingan. Qorabog‘ hudida 30 dan ortiq tarixiy masjidlar bo‘lgan. Ularning aksariyatida chorva mollari boqilgan, madrasalar vayron qilingan. Shunday masjidlardan biri 1874 yilda bino qilingan Quyi Gavhar og‘a masjididir (Aşağı Gövhər ağa məscidi).
QALAMPIR.UZ O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi bilan Qorabog‘ga borib, 1768 yilda qurilgan Yuqori Gavhar og‘a masjidi (Yuxarı Gövhər ağa məscidi) bilan tanishdi. Ushbu masjidlar orasida faqatgina Yuqori Gavhar og‘a masjidi bus-butunligicha saqlab qolingan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, armanlar Yuqori Gavhar og‘a masjidini xorijiy yordam mablag‘lari evaziga ko‘zbo‘yamachilik uchun avaylab kelgan. Go‘yo bu yerda diniy bag‘rikenglik bo‘lgan, tarixiy obidalarga ziyon yetmagan. Umumiy tasvirlar esa buning aksini ko‘rsatadi.
Yillar davomida shahardagi Qorabog‘ tarixiga doir haykallar buzib tashlangan, ba’zilari sotib yuborilgan. 2020 yil tarixiy haqiqat qaror topib, Qorabog‘ Ozarbayjon nazoratiga o‘tgach, Gruziyaga sotib yuborilgan haykallardan bir nechtasini sotib olinib, o‘rniga qaytarildi.
Shahardagi abgor ahvolga keltirilgan yana bir bino – bu Qorabog‘ning so‘nggi malikasi Xurshidbonu Notavonning uyi. Malikaning uyidan devorlargina qolgan, xolos. Muxtasar qilib aytganda, bu yerlarda bir mamlakat va millatning butun boshli tarixi, urf-odat va qadriyatlari, e’tiqodi yo‘qqa chiqarilgan, oyoqosti qilingan, tahqirlangan.
Ayni vaqtda ushbu tarixiy qadamjolarni tiklash va restavratsiya qilish, ularni UNESCO’ning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun harakatlar boshlangan.
LiveBarchasi