Cho‘chqaning yuragi odamga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi
Olam
−
11 yanvar 2022
32803Amerikalik shifokorlar geni o‘zgartirilgan cho‘chqaning yuragini ilk bor odamga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazdi. Bu haqda “The New York Times” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, sakkiz soatlik operatsiya Baltimorda joriy yilning 7 yanvar kuni o‘tkazilgan. Merilend universiteti tibbiyot markazi jarrohlariga ko‘ra, 10 yanvar kuni bemor — 57 yoshli Devid Bennettning ahvoli yaxshi bo‘lgan. U hali apparatga ulangan, ammo yangi yurak ishlamoqda va ishning katta qismini bajarmoqda.
Nashr bemor uchun prognoz hali aniq emasligi haqida ogohlantiradi, ammo operatsiyadan keyingi eng xavfli 48 soat ichida donor yurak rad etilmagan.
Ta’kidlanishicha, Bennett bu operatsiyaga ahvoli og‘irligi tufayli murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Merilend universiteti tibbiyot markazi shifokorlariga ko‘ra, Bennett operatsiyadan oldin “yoki o‘lim, yoki transplantatsiyani qilish”, degan, va jarrohlik yo‘lini tanlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili 41 mingdan ortiq amerikalik organ transplantatsiyasi operatsiyasidan o‘tgan, biroq donor organlarning keskin tanqisligi saqlanib qolmoqda va har kuni o‘nga yaqin odam transplantatsiya navbatini kutmasdan vafot etadi.
Olimlar kelajakda geni o‘zgartirilgan hayvonlardan organ transplantatsiyasi ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishiga umid qilmoqda, birgina AQSHning o‘zida yarim milliondan ortiq odam organ donorligiga muhtoj.
LiveBarchasi