Chorvoqni talashganlar: ikkita “ko‘cha” to‘dasi qo‘lga olindi (video)

3-sahifa

image

Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Bo‘stonliq tumanida zo‘ravonlik bilan shug‘ullanib kelgan ikki jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, Bo‘stonliq tumanida yashovchi ikki jinoiy guruh o‘rtasida Chorvoq suv ombori hududidagi plyajlarni kuch ishlatish orqali nazoratga olish, ularni noqonuniy egallash hamda ta’sir doirasini kengaytirish masalasida keskin mojaro kelib chiqqan.

Mazkur mojaro oqibatida birinchi jinoiy guruh a’zolari ikkinchi guruh vakillarini do‘pposlab, unga tan jarohati yetkazgan. Bildirilishicha, holat yuzasidan birinchi jinoiy guruhning to‘rt nafar a’zosi protsessual tartibda qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biroq voqealar shu bilan yakun topmagan. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 16 iyun kuni ikkinchi jinoiy guruh a’zolari qasos olish maqsadida birinchi guruhning qo‘lga olinmay qolgan vakiliga kastet va beysbol bitasi bilan hujum qilib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida joriy yilning 19 iyun kuni mazkur guruhning uch nafar faol a’zosi hamda voqeaga aloqador yana olti nafar shaxs, jami to‘qqiz kishi protsessual tartibda ushlangan.

Shuningdek, tergov harakatlari davomida ikkinchi jinoiy guruh vakillaridan birining Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatib kelgani ham aniqlanib, ushbu holat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan. 

Bildirilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor qidiruv tadbirida Buxoro shahrida sport bilan shug‘ullanuvchi bir guruh buxorolik voyaga yetmaganlarning “uyushgan to‘da”si faoliyati tugatilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing