Chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoy oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
07 aprel 2023
5114Sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning mazkur yo‘nalishdagi yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ma’lum qildi.
Gap shundaki, davlat rahbari Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Uchinchi tashabbus doirasida Sirdaryoda irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga xitoylik investorlar jalb qilinadi. Xususan, viloyat hokimiga qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiya joriy qilish bo‘yicha Xitoydan 2 nafar maslahatchi olib kelinadi.
Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida qoramol va parrandachilik ekokomplekslari tashkil qilinadi, sho‘r va suvsizlikka chidamli makkajo‘xori, sorgo, beda kabi ozuqaga boy ekin navlari ekiladi. Intensiv anor, qovun, pekan yong‘og‘i va baliqchilik plantatsiyalari tashkil qilinadi, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning bu yo‘nalishdagi yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Ularning filiallari tashkil qilinib, qishloq va suv xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlanishi hamda yer o‘zlashtirish, cho‘llanish, irrigatsiya va ekologiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi