Sirdaryoda 1 milliard dollarga ega investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
07 aprel 2023
4136Sirdaryoda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston-Xitoy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Sirdaryoda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ma’lum qilindi.
Gap shundaki, davlat rahbari Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. O‘zbekiston-Xitoy investitsiya jamg‘armasi ikkinchi tashabbus doirasida Xitoyning nufuzli Ipak yo‘li fondi va boshqa moliyaviy tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamg‘armaga 1 milliard dollar sarmoya olib kelinadi.
Shuningdek, ikkinchi tashabbus doirasida viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi. Ularda:
• elektrotexnika, biofarmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi;
• erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi;
• ishlab chiqarish binolari namunaviy loyihalar asosida qurilib, tadbirkorlarga “sanoat ipotekasi” orqali tayyor holda beriladi;
• joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.
LiveBarchasi