Sirdaryoda O‘zbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri tuziladi
Jamiyat
−
07 aprel 2023
4928Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga O‘zbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Sirdaryoda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.
Birinchi tashabbusga ko‘ra, Ilg‘or innovatsiyalar hududida biofarmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika, tibbiyot, ta’lim sohalarining 20 ta yo‘nalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi:
• yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi;
• yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
• foiz to‘lovlarini qoplab berish stavkasi 2 baravar oshiriladi.
Shuningdek, birinchi tashabbus doirasida Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga O‘zbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Bu klasterda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro ta’lim va tadqiqot universiteti, Innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi.
Shuningdek, klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi. 10 ming talaba uchun o‘quv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.
LiveBarchasi