“Chiroqchi voqeasi”: prokuror ayblanuvchilarni 10 yilga qamashni so‘radi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2020
12514“Chiroqchi voqeasi” aybdorlari ishi ko‘rib chiqilayotgan sudda davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etayotgan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Shahboz Abdiyev sudlanuvchilarga so‘rayotgan muddatini ma’lum qilib, garov evaziga ochiqda qolgan sudlanuvchilarni sud zalidan qamoqqa olishni so‘radi. Bu haqda “Daryo” ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, sud muzokarasida so‘z olgan prokuror Shahboz Abdiyev Chiroqchi tuman IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan sudlanuvchi Nurbek Ovlayev hamda Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Anvar Jonqobilovlar 3 yil muddatga IIB tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi lozimligini bildirgan.
Prokuror shuningdek, marhum Yusuf Abdurahmonov istiqomat qilgan va mol o‘g‘riligi bo‘yicha shikoyatlar ko‘paygan Langar qishlog‘ining sobiq profilaktika inspektori Sherzod Rahmonov ham 3 yil muddatga IIB tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil muddatga umumiy tartibli koloniyalarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashi lozimligini ma’lum qilgan.
Shahboz Abdiyev 2020 yil 21—22 yanvar kunlari IIB binosida o‘g‘rilikda gumonlangan marhum Yusuf Abdurahmonov bilan sheriklikda ayblanib, qiynoqqa solingan ota-bola Qurbon Ostonoyev hamda Bahrom Avliyoqulovlarni IIB binosiga olib borgan profilaktika inspektori Adham Tojinorovning ham IIBda ishlash huquqi 3 yilga cheklanishi va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishini so‘ragan.
Davlat qoralovchisi Langar qishlog‘idagi mol o‘g‘riligi bo‘yicha Prezident portaliga qilingan murojaatni o‘rganish maqsadida ushbu qishloqqa borib, murojaatchi nomidan tilxat yozgan va murojaatni soxta hujjatlar bilan yopishga uringan Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Boburmirzo G‘ayratov ham 2 yil 6 oy muddatga IIB tizimida ishlashdan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi lozimligini ta’kidlagan.
Prokurorning qo‘shimcha qilishicha, sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev, Anvar Jonqobilov, Sherzod Rahmonov hamda Adham Tojinorovlar hisobidan marhumning qonuniy vakili Go‘zal Abdiyeva foydasiga 52 million 750 ming so‘m moddiy va ma’naviy zarar undirilishi lozim.
Avvalroq, sud muzokarasida so‘z olgan marhumning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyeva sud hay’atidan sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev hamda Anvar Jonqobilovlarni sud zalidan ozod qilishni so‘ragandi.
Voqealar rivoji qanday?
Joriy yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMBning 2 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harkatlari olib borildi.
Mazkur ish bo‘yicha boshlangan tergov joriy yilning 22 iyun kuni nihoyasiga yetgan.
Ochilgan jinoyat ishi doirasida 5 kishiga ayblov e’lon qilingan. Jumladan Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB boshlig‘i JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan va qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIBning ikki nafar profilaktika inspektori va jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham yuqoridagi moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ushbu ish doirasida besh kishi sud qilinyapti. Bular:
N.Ovlayev (1989 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan),
A. Janqabilov (1985 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan),
Sh. Raxmonov (1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, uch nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan),
A. Tojinorov (1994 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlangan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan),
B. G‘ayratov (1995 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlangan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan).
Sudlanuvchilar:
N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish), 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) va 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) da;
A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi, 235-moddasi va 241-1-moddasida;
A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 241-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.