Chiroqchi IIBda odam o‘limiga sababchi bo‘lganlarga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
21 Sentabr 2020
11564Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida joriy yilning 23 yanvarida fuqaro Ichki ishlar binosida qiynoqqa solinishi natijasida vafot etgani bo‘yicha sud ishi boshlangan edi. Bugun, 21 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi binosida ushbu ish bo‘yicha sud jarayonining so‘nggi bosqichi yakuniga yetib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi binosida sudlanuvchilar:
• N.Ovlayev (1989 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan);
• A. Janqabilov (1985 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan);
• Sh. Rahmonov (1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan);
• A. Tojinorov (1994 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan);
• B. G‘ayratov (1995 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
• Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 21 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra:
• N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
• A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
• Sh. Rahmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan aybsiz deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. Sh. Raxmonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
• A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bilan aybsiz deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. A. Tojinorovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
• B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni o‘tgan navbatdagi sud majlisida Chiroqchida IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirilgan 32 yoshli Yusuf Abdurahmonovning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyeva sud hay’atidan sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev hamda Anvar Jonqobilovni kechirib, sud zalidan ozod qilishni so‘ragan edi.
Sudda davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etayotgan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Shahboz Abdiyev esa sudlanuvchilarga so‘rayotgan muddatini ma’lum qilib, garov evaziga ochiqda qolgan sudlanuvchilarni sud zalidan qamoqqa olishni so‘ragan edi.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMBning 2 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harkatlari olib borildi.
Mazkur ish bo‘yicha boshlangan tergov joriy yilning 22 iyun kuni nihoyasiga yetgan.
Ochilgan jinoyat ishi doirasida 5 kishiga ayblov e’lon qilingan. Jumladan Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB boshlig‘i JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan va qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIBning ikki nafar profilaktika inspektori va jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham yuqoridagi moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 iyun kuni o‘tgan odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar xususida videoselektor yig‘ilishida joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB, may oyida Andijon shahar IIBdagi tergovlar natijasida ikki kishining vafot etishiga e’tibor qaratib, mas’ullarni qattiq tanqid qilgandi.
“Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak.
Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi”, degan edi Mirziyoyev.
Prezident Qashqadaryo va Andijondagi jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob berayotgani, 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgani, yana 16 nafari intizomiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi