“Chiroqchi voqeasi”: IIBdan o‘ligi chiqqan fuqaro ishi bo‘yicha 5 kishiga ayblov e’lon qilingan
Jamiyat
−
01 iyul 2020
10537Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida joriy yilning 23 yanvarida fuqaro Ichki ishlar binosida qiynoqqa solinishi natijasida vafot etgani haqida xabar bergan edik. Hodisa bo‘yicha ikki kishi hibsga olinib, tergov harakatlari boshlangandi.
Mazkur ish bo‘yicha boshlangan tergov joriy yilning 22 iyun kuni nihoyasiga yetgan. Bu haqda bugun, 1 iyul kuni Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ma’lum qildi.
Ochilgan jinoyat ishi doirasida 5 kishiga ayblov e’lon qilingan. Jumladan Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB boshlig‘i JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan va qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIBning ikki nafar profilaktika inspektori va jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham yuqoridagi moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqilishi uchun sudga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.
LiveBarchasi