Chilonzorda o‘quvchini kim, nega pichoqladi?
3-sahifa
−
22 fevral 2023 10392 2 daqiqa
Kecha, 21 fevral Toshkentda 11-sinf o‘quvchisi sinfdoshini pichoqlab qo‘ydi.
Gap shundaki, poytaxt Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan 162-sonli maktabda o‘qib, ayni vaqtda ta’limni Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi maktabda davom ettirayotgan M.A. baholar tabelini olish maqsadida avvalgi maktabiga kelgan.
M.A. maktabda sobiq sinfdoshlari bilan o‘tirgan vaqtida 11-“V” sinf o‘quvchisi R.I. unga tashqariga chiqishini aytgan. Chiqqanidan so‘ng “maktabga nega meni ruxsatimsiz kelasan”, deb zo‘ravonlik qilgan. U M.A.ga tarsaki tushirgan va shu payt o‘rtog‘i S.A. ularni ajratmoqchi bo‘lganida uni ham urgan.
S.A. yonida bo‘lgan pichoq bilan sinfdoshi R.I.ning qorin qismiga jarohat yetkazgan.
Mazkur holatni o‘rganish maqsadida “QALAMPIR.UZ” muxbiri Chilonzor tumanidagi 162-maktabga bordi.
Avvaliga maktab ma’muriyati eshikni yopib, izoh berishdan bosh tortdi.
“Maktabga begonalar kirishi mumkin emas, izoh beradigan direktor ham yo‘q. Chiqib keting”, deya javob berdi maktab xodimlari.
Maktab direktorini 1 soat kutsak ham natija bo‘lmadi, yopilgan eshiklar yopiqligicha qoldi. Shu orada 162-umumta’lim maktabiga biriktirilgan inspektor-psixologga ham qo‘ng‘iroq qilindi, lekin IIB xodimi ham qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirdi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, maktab ma’muriyati xodimi izoh berish maqsadida eshiklarni ochib, holat haqida gapirib berdi.
“Haqiqatdan ham 21 fevral kuni 2 nafar o‘quvchi o‘rtasida kelishmovchilik yuz berdi. Sizni ichkariga kiritmaganimiz sababi hali maktab rahbarlari kelmaganida. Ular mana shu holat bo‘yicha yig‘ilishdan kelsalar batafsil savollaringizga javob beradi”, deydi maktab xodimi.
Uning aytishicha, pichoqlangan o‘quvchi ayni vaqtda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limida davolanyapti.
“Bemor shu kunning o‘zida qorindagi turli jarohatlar bilan markazga olib kelindi. Kelganda ahvoli og‘ir edi. Og‘irlik darajasi qon ketish bilan bog‘liq bo‘lgan. Bola zudlik bilan jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilib, muolaja ishlari amalga oshirildi. Davolash vaqtida haqiqatdan ham bola o‘tkir tig‘li jism bilan jarohatlangani ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida bolada ichki qon ketish kuzatilgan. Shu o‘rinda ichaklar ham shikastlangan. Hozirda bolaning holati stabil og‘ir”, deydi Bolalar jarrohlik bo‘limi mudiri Nozimjon O‘rmonov.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Akobir Misiraliyev
Live
Barchasi