Chiqindidan qarzdor 205 mingga yaqin abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatildi
Jamiyat
−
13 dekabr 1876 2 daqiqa
2025 yil 6 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha chiqindi xizmatidan qarzdorligini qoplanmagan 204 895 ta abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov joriy etildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bungacha respublikada chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan umumiy 20,1 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 231 014 ta abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqamidan SMS-xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Shundan so‘ng, abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 (besh) kun muddat berilgan va ushbu davrda 9,4 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan.
Ayni paytda chiqindi xizmatlaridan respublika kesimida jami 18,2 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud.
“Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi. 2025 yil 7 martdagi 1044-sonli qonun bilan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi tartibga solingan. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilmoqda. Ushbu tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025 yilning 1 iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5 noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi