Chet elga ketayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Jamiyat
−
21 aprel
21581Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov O‘zbekiston fuqarolarini chet elga chiqishdan oldin barcha zaruriy hujjatlar, qonuniy talablar va tashkiliy masalalarga to‘liq aniqlik kiritishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Burhonovga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ayrim fuqarolar xorijga chiqishda turli muammolarga duch kelayotgani, ayniqsa hujjatlarda kamchiliklar, mehnat shartnomalarida noaniqliklar yoki xorijdagi noqonuniy faoliyatlar oqibatida murakkab holatlarga tushib qolayotgani kuzatilmoqda.
Shu boisdan, TIV voizi chet elga safar qilishdan oldin quyidagilarga e’tibor qaratishni so‘ragan:
- Borilayotgan mamlakatning vizasi, migratsiya tartib-qoidalari va boshqa qonunchilik talablarini diqqat bilan o‘rganish;
- Agar ishlash uchun borilayotgan bo‘lsa, mehnat shartnomasi qonuniy va rasmiy ekaniga ishonch hosil qilish;
- Xorijiy shaxslar yoki firmalar orqali taklif etilgan ish yoki o‘qish imkoniyatlarini rasmiy resurslar orqali tekshirib ko‘rish.
“Oila a’zolaringizni va yaqinlaringizni safaringiz haqida xabardor qiling hamda zarurat bo‘lsa, diplomatik vakolatxonalarimiz bilan bog‘lanish ma’lumotlarini oldindan bilib oling. Tashqi ishlar vazirligi sizning huquqlaringizni himoya qilish va xavfsizligingizni ta’minlash bo‘yicha doimiy ish olib boradi. Biroq har bir fuqaroning ongli va mas’uliyatli yondashuvi – muhim kafolatlardan biridir”, deydi xabarda TIV matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha parlament so‘rovi yuborilgandi. Ushbu so‘rovga vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov munosabat bildirib, Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo himoya qilib kelgani va bu faoliyati ustuvor bo‘lib qolishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi