“Chyort poberi”. Biz Bakudamiz

Bu qiziq

Kasbiy dengizi bo‘ylab sayr, baland va chiroyli binolar, O‘zbekistonda uchramaydigan noodatiy muzeylar va mazali do‘lma. Anglaganingizdek QALAMPIR.UZ'ning galdagi sayohat manzili Ozarbayjonning go‘zal Baku shahri.

Baku – Ozarbayjon Respublikasining poytaxti va Kavkaz ortidagi muhim iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy markaz. Shuningdek, Kaspiy dengizidagi yirik port shahar. Baku shahrining nomi fors tilidan olingan bo‘lib, “shamol zarbi” degan ma’noni anglatadi.


Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida joylashgan shahar tarixiy binolarni bus-butunligicha saqlab qolgani va zamonaviy inshootlari bilan diqqatga sazovor.

“Chyort poberi” bu so‘z sizga tanishmi? Bu so‘zni aytishingiz bilan ko‘pchilikni yodiga rejissyor Leonid Gaydayning o‘sha mashhur “Brilliant qo‘l” filmi keladi. Filmning aynan ushbu sahnasi Bakuning qadimiy va navqiron markazi Ichkari shaharda suratga olingan. 

1968 yilda suratga olingan filmda Bakuning Ichkari shahar hududidagi tashlandiq hujradan dorixona sifatida foydalanilgan. Film qahramoni ko‘chada ketayotib, sirg‘alib yiqiladi va “Chyort poberi” so‘zini aytadi. Qarabsizki, film orqali ushbu so‘z tildan tilga o‘tadi va ayniqsa, postsovet mamlakatlarda mashhurlikka erishadi. Ko‘pchilik aynan shu film suratga olingan joyni ko‘rish uchun ham Bakuga keladi. Boshqacha qilib aytganda, film Bakuni, Baku filmni mashhur qilib kelmoqda. 

Film suratga olingan sahnada dorixona bo‘lgan hujra hozirda sayyohlar uchun qo‘l mehnati bilan yasalgan sovg‘abop buyumlar sotiladigan do‘konga aylangan. Agar siz Bakuga borsangiz yaqinlaringiz uchun aynan shu do‘kondan sovg‘alar xarid qilishingiz mumkin.

Hujraning yonginasida esa “Brilliantovaya ruka” kafesi bor. Ushbu kafeda filmning bosh qahramonlari haykallari ham o‘rnatilgan. Taomnomada esa film ishlatilgan eng mashhur so‘zlar qo‘yilgan taomlarga ko‘zingiz tushadi. Masalan, salatlardan birining nomi “Chyort poberi”.

Bulvar maydoni

Baku bo‘ylab sayr qilarkansiz eski shahar ko‘chalari sizni baland va zamonaviy binolar qad rostlagan katta trassalarga olib chiqadi. Dunyoning eng qimmatbaho liboslari, attorlik buyumlari sotiladigan do‘konlar, xalqaro restoranlar tarmoqlari, Germaniya, Fransiyada ishlab chiqarilgan avtomobillar do‘konlari, bir kecha tunash 1000 AQSH dollaridan oshadigan mehmonxonalar... 

Kaspiy dengizi qirg‘oqlarida joylashgan Bakuning tashrif belgisi va ramzi hisoblangan Bulvar maydoni sayyohlar va yoshlarning eng asosiy lokatsiyasi hisoblanadi.

Bulvar maydoni Bakuning eng chiroyli va gavjum ko‘chalaridan biri. Bu yerda teatr va kinozallaridan tortib, kutubxona, muzey va do‘konlarni uchratasiz. Rekonstruksiyagacha bulvarning uzunligi 16 kilometrni tashkil qilgan, to‘liq rekonstruksiyadan so‘ng esa 25 kilometrga yetdi.

Amalda, Baku Dengiz bo‘yi bulvari – bu Kaspiy dengizi ko‘rfazi bo‘ylab cho‘zilgan suv bo‘yidagi ko‘chadir, lekin uni Bakuning eng go‘zal joyidagi dam olish zonasi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Suv bo‘yidagi ko‘chaning kengligi 30 metrni tashkil etadi, lekin yonida yana sayr qilish uchun xiyobon, kanal, kafe va boshqa turli xil muassasalar mavjud.

Bulvar maydonida qayiqlar to‘xtash joyi mavjud, bu yerda dam oluvchilar qayiqlarga o‘tirib, Baku dengiz bo‘yi bulvarida qurilgan kanallar tizimida sayohat qiladilar. Kanallar bo‘ylab Venetsiya uslubida qurilgan uylar bo‘lib, ulardan nafis kichik ko‘priklar o‘tgan. Xullas, Bakuning go‘zalligiga qayiq orqali sayohatda ham guvoh bo‘lasiz.

Gilam muzeyi

Bulvar maydonida sayyohlar eng ko‘p keladigan maskanlardan biri Gilam muzeyidir. Ozarbayjon Milliy gilam muzeyi Ozarbayjon SSR Vazirlar kengashining 1967 yil tashkil etilgan. 1967-1993 yillarda Ozarbayjon gilam va xalq amaliy san’ati davlat muzeyi, 1993-2014 yillarda Latif Karimov nomidagi Ozarbayjon gilam va xalq amaliy san’ati davlat muzeyi, 2014-2019 yillarda Ozarbayjon gilam muzeyi, 2019 yildan hozirgi kungacha Ozarbayjon gilami muzeyi deb yuritiladi. Uning faoliyatini mamlakatning madaniyat va san’at homiysi – birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva nazorat qilib boradi. 

Ozarbayjon milliy gilam muzeyining birinchi ekspozitsiyasi 1972 yil 26 aprelda Eski shaharda joylashgan 19 asr me’moriy yodgorligi Juma masjidi binosida ochilgan. Ko‘rgazmaning ochilish marosimida muzey tashkil etilganidan beri uni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Ozarbayjon xalqining milliy yetakchisi Haydar Aliyev ishtirok etgan. 

Muzey bir nechta zalardan iborat bo‘lib, unda turli yillarga oid gilamlar, tarixiy zargarlik buyumlari, Ozarbayjonning tarixiy liboslari va turli ko‘rinishdagi eksponatlar ham joy olgan.

Shirvonshoh muzey-restorani

 

Agar siz kechki ovqat tanovul qilish va shu vaqtning o‘zida milliy va tarixiy atmosferaga tushib qolishni istasangiz Shirvonshoh muzey-restoraniga borishingiz shart. Bakuning eng qadimiy ko‘chalaridan birida joylashgan ushbu restoran, sizni eski Baku atmosferasiga sho‘ng‘ishga taklif qiladi. Restoran XIX asr o‘rtalarida qurilgan binoda joylashgan. 

Bu yerda taniqli sozandalar va mug‘om ustalari ijrosidagi milliy va etnik musiqalardan bahramand bo‘lishingiz, ozarbayjonlik rassomlar tomonidan turli yillarda yaratilgan san’at asarlarini tomosha qilishingiz, misdan yasalgan hunarmandchilik, gilamchilik va zargarlik san’ati, uy-ro‘zg‘or buyumlari va zargarlik buyumlari, shuningdek, boshqa san’at namunalari bilan tanishishingiz mumkin.

Bibi-Haybat masjidi

Bakudan 20 km masofada joylashgan Bibihaybat masjidi XIII asrning ikkinchi yarmida Shirvonshohlar tomonidan bunyod etilgan. U Elxoniylar davlati tarkibida bo‘lgan paytda qurilgan shu nomdagi masjidning tiklangan versiyasidir. Mahmud ibn Sa’d tomonidan qurilgan masjid 1936 yilda, SSSR bosqini ostida bolsheviklar tomonidan butunlay vayron qilingan.

Bibihaybat majmuasida masjiddan tashqari, Sayyidlar avlodi Hakima Xonum kabi ulug‘vorlarning maqbaralari va qabrlari mavjud. Ushbu yodgorlik Ozarbayjonda islom me’moriy yodgorliklarining eng muhim namunasidir. Ozarbayjon shoiri Abbosguli og‘a Bakixonov, taniqli fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyuma va Xurshidbanu Notavon, Qorabog‘ xonligining so‘nggi hukmdori Mehdiguli xon Javanshirning qizi bu yerga tashrif buyurishgan. Hozirgi kunda ham Ozarbayjonga kelgan xorijiy davlatlarning vakillari masjidni ko‘rmay ketmaydilar. 

Masjid xodimining aytishicha, u birinchi qurilganda bitta minora, uchta gumbazli bo‘lgan. 1937 yilda masjid buzilgan, 1997 yilda esa Prezident Haydar Aliyev farmoni bilan qayta qurilgan.

Haydar Aliyev markazi

Ozarbayjon umummilliy lideri Haydar Aliyev nomidagi markaz. Agar zamonaviy dunyomizning yetti mo‘jizasi ro‘yxati tuzilsa edi, ushbu inshoot o‘zining noodatiy va murakkab me’moriy yechimi bilan albatta, ushbu reytingdan o‘rin olar edi. Baku markazidagi inshootga qaraganingizda oppoq marmar toshlar yopinchiq yopgandek ko‘rinadi.  

Markaz muzey, ko‘rgazma zallari, konsert zali va ma’muriy idoralarni o‘z ichiga olgan. U 2007 yilda arxitektor Zaha Hadid tomonidan loyihalashtirilgan va dunyoning eng murakkab arxitektura namunalaridan biri hisoblanadi. 

Markazda ozarbayjon tarixiga oid ko‘plab muzeylar bor. Ulardan biri milliy liboslar muzeyi bo‘lsa, ikkinchisida milliy cholg‘u asboblari namoyish etiladi. Undagi zamonaviy yondashuv shuki, cholg‘u asboblarining yoniga borganingizda, ular o‘zidan ovoz chiqarishni boshlaydi. Shu tariqa qaysi musiqa asbobidan qanday ovoz chiqishini bilish mumkin. 

Qo‘g‘irchoqlar muzeyi esa dunyodagi eng qimmatbaho va haybatli qo‘g‘irchoqlarni to‘plagani bilan ahamiyatli. Unda zamonaviy haykaltroshlarning yuzlab san’at asarlari, qimmatbaho qo‘g‘irchoqlar saqlanadi. 

Muzeyning -3 qavati esa erkaklarni birlashtiruvchi nuqta. Bu yerda dunyoda ilk ishlab chiqarilgan avtomobildan tortib, ot aravalargacha, eng mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchilarining ko‘p yillik tarixga ega mashinalari original versiyalarini topishingiz mumkin. 

Shuningdek, markazda Ozarbayjonning marhum Prezidenti Haydar Aliyev yurgan avtomobil ham namoyishga qo‘yilgan.

Loyiha 2014 yilda "Design of the Year" taqdimotida dunyodagi eng yaxshi bino deb topildi.

Markaz faoliyatini bevosita Prezidentning to‘ng‘ich qizi Leyla Aliyeva va rafiqasi Mehribon Aliyeva nazorat qilib boradi. 

“Suraxaniy” tanker-muzeyi

Yuqorida aytganimizdek, Baku o‘zining muzeylari bilan ajralib turadi. Ochiq osmon ostidagi Gobuston tosh bitiklar muzeyi, tarixiy gilamlarni o‘zida jamlagan muzey, dunyoning eng qimmatbaho va noyob avtomobillari saqlanadigan klassik avtomobillar ko‘rgazmasi, shular jumlasidan. Sayohatimiz davomida Ozarbayjonning mashhur va noodatiy muzeyidan biri – “Suraxani” tanker-muzeyi.


2021 yil 1 mart kuni Bakuda “Suraxaniy” tanker-muzeyi ochilgan. Uni tashkil etish dengizchilikni rivojlantirish, shuningdek, dengizchilik an’analarini muhofaza qilish, uning tarixini tadqiq etish, o‘rganish va saqlash borasida amalga oshirilayotgan asosiy loyihalardan biridir. Muzey kasbiy dengizi qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, siz unga kirishingiz bilan dengiz bo‘ylab sayohatga chiqqandek bo‘lasiz.

Tankerining muzey sifatida tanlanishi bejiz emas. Bu kema o‘z davrining eng yirik va eng zamonaviy tankerlaridan biri edi.

Muzeyga tashrif buyuruvchilarni kapitan va bosh ofitser kutib oladi va ularni ekipaj a’zolarining vazifalari bilan tanishtiradi. Tanker-muzeyi qiziqarli eksponatlarga boy. Muzeyda dunyoga mashhur uchta mayoq maketlari bilan tanishish imkoniyati ham mavjud. Muzey-tankerining qiziqarli ekspozitsiyalaridan biri okean va dengizlardan to‘plangan o‘simlik va hayvonot dunyosi namunalari namoyish etiladigan burchakdir.

Sayohat qilish yaxshi, do‘st orttirasiz, ko‘rmagan joylaringizni ko‘rasiz, dunyoni kashf qilasiz. QALAMPIR.UZ'ning Baku bo‘ylab sayohati shu zaylda yakuniga yetdi. Sizga quyidagi videopleyer yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi kanalida maroqli sayohatni tomosha qilishni tavsiya qilamiz.


Maqola muallifi

Teglar

sayohat Kavkaz orti

Baholaganlar

147

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing