Dunyo bo‘ylab 800 kun. Sayohatda sevgisini topganlar O‘zbekistonda

Intervyu

Sayohat. Mutaxassislar bir davlatga sayohat qilishni kamida 10 ta kitob o‘qish bilan barobar deb hisoblaydi. Tushkunlikka, depressiyaga tushib qolgan odamlar, yolg‘izlikdan qiynalgan, bir xillikdan zerikkanlar uchun dunyo kezish ayni muddao.

Bugun Andijondan Qoraqalpog‘istonga qadar, O‘zbekistondan Makkayu Madinaga qadar xoh ulovda bo‘lsin, xoh yayov yo‘lga chiqqanlar haqida xabar tarqalgudek bo‘lsa, bu qahramonlarning manzillariga yetib olgunlarigacha kechayotgan hayoti va voqeliklar haqida qiziqish bildiramiz, ba’zilar bu noodatiy qarorlarga havaslansa, ba’zilar texnika davrida yo‘lni yaqin qiluvchi uchoqlar bo‘lgan bir vaqtda piyoda yoki velosipedda yo‘lga chiqayotganlarni malomat qiladi. 

Ming yilliklardan beri sarguzashtsevar sayohatchilar uchun an’anaga aylangan ushbu qadriyatga amal qilayotgan yana bir juftlik bor, ular ayni damda Toshkentda, O‘zbekistondan 5 ming kilometrdan uzoq masofada joylashgan Malayziyadan avtomobilda yo‘lga chiqqan er-xotin Gloriya va Fan Yuhu. 

Bugun QALAMPIR.UZ ushbu jahongashta juftlik bilan ham manfaatli, ham maroqli suhbat uyushtirishga qaror qildi.

Malayziyalik 35 yoshli Gloriya va xitoylik 54 yoshli Fan Yuhu bir yildan ziyod vaqt oldin, aniqrog‘i 2023 yil 16 sentyabrda Malayziyadan chiqib ketishgan va hozirgacha o‘nlab mamlakatlarda bo‘lib, O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali kirib, sayohatini davom ettirishni rejalashtirishmoqda. 

Ular havoni ifloslamasdan elektromobil orqali 800 kunda 100 mamlakatga borishni rejalashtirib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni maqsad qilishgan. Bu transport turini tanlashlari bejiz emas. Chunki ushbu er-xotin butun dunyoga atrof-muhitga zarar yetkazmasdan dunyo bo‘ylab sayohat qilish mumkinligini isbotlamoqchi.

Qayd etish joizki, ushbu sayohat Fan Yuhuda birinchi marotaba emas, u pandemiyadan oldin qilgan shunga o‘xshash sayohatdan keyin yozgan kitobini sotishdan tushgan pullar tufayli navbatdagi sayohatini ham amalga oshirmoqda.

Birinchi safar Fan Yuhu boshqa yo‘nalishda harakat qilgan va o‘shanda unga rafiqasi Gloriya hamrohlik qilmagan. Chunki u paytda qahramonimiz bo‘ydoq edi va sayohatining asosiy maqsadini o‘ziga umr yo‘ldosh qidirish ilinjida amalga oshirgan.

Xitoylik yigit o‘zining uzoq sayohatini umr yo‘ldoshini topishga bag‘ishlagan, unga do‘stlari Rossiyadan rafiqa topishni maslahat berishgan, chunki u yerda xitoydagidek katta qalin puli to‘lash kerak emas. Yekaterinburgda uchratgan qizi umuman sayohat qilishni istamagan, AQSHdan bo‘lgan yana bir ehtimoliy rafiqa esa undan o‘sha yerda qolishni, ishga joylashishni, farzandli bo‘lishni va barqaror hayotga o‘tishni talab qilgan.

Sevimli Gloriyasini esa u Malayziyada uchratgan: qiz sayohat qilishni orzu qiladi va jahongashta sayyohimiz Fan Yuhudan turmush qurish taklifini qabul qiladi. 

“Gloriya nafaqat sevimli turmush o‘rtoq, balki sayohatda yaxshi hamroh bo‘la oldi”, deydi qahramonimiz.

To‘ydan keyin ular birgalikda sayohat qilishni boshladilar. Er-xotin professional sayohatchilar bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali sayohatlari haqida hikoya qiladilar. Shundan beri ular birgalikda sayohat qilishmoqda va madaniyatlar turli bo‘lishiga qaramay, bir-birlari bilan yaxshi til topishib, tabiatga do‘stona munosabatda bo‘lish, uni asrab-avaylash g‘oyasini ommaga kiritish bo‘yicha bir xil qarashga ega. Chunki bu qarorga jiddiy sabab bor, Gloriyaning aytishicha, erining uch oila a’zosi o‘pka saratonidan vafot etgan.

“Erimning oilasida uch kishi o‘pka saratonidan vafot etdi: buvisi, otasi va ukasi. Biz ortiq insonlarning iflos havodan nafas olishini istamaymiz”, deydi u.

UNESCO olimlari havo yonilg‘ida harakatlanuvchi transport vositalarining chiqindi gazlari bilan ifloslanishini tasdiqlaydi. Uzoq muddatli tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ular o‘pka saratoni bilan kasallanishga hissa qo‘shadi. Elektr transport vositalari esa ekologik toza, chunki ular chiqindi gazlari, hid va tirnash xususiyatiga ega emas, shuning uchun o‘pka saratoni, bronxial va boshqa nafas olish kasalliklariga chalinish xavfi kamayadi.

Shunday qilib, ularning sayohati yana ikki yil davom etadi va so‘nggi manzil sifatida Kanada tanlab olingan. Shimoliy Amerika safaridan so‘ng ular uyga, Malayziyaga qaytadi.


Maqola muallifi

Teglar

sayohat elektromobil' jahongashta Fan Yuhu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing