Chempionlikdan mahrum qilingan Senegal CAS'ga shikoyat yo‘lladi
Sport
−
13:16 1597 1 daqiqa
Senegal futbol federatsiyasi milliy terma jamoani Afrika kubogi chempionligidan mahrum qilish haqidagi qaror ustidan Xalqaro sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat kiritishini ma’lum qildi. Bu haqda federatsiyaning rasmiy sayti xabar berdi.
“Kecha, 17 mart kuni CAF apellyatsiya qo‘mitasi tomonidan chiqarilgan qaror bilan tanishdik. Ushbu qaror adolatsiz, misli ko‘rilmagan va qabul qilib bo‘lmaydigan holat bo‘lib, Afrika futboli obro‘siga putur yetkazadi. Senegal futbol federatsiyasi o‘z huquqlari va milliy futbol manfaatlarini himoya qilish maqsadida Lozannadagi Sport arbitraj sudiga zudlik bilan murojaat qiladi”, deyiladi federatsiya bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) Apellyatsiya qo‘mitasi Senegalni Marokashga qarshi final uchrashuvida mag‘lub deb topib, chempionlikni Senegaldan Marokashga bergan edi.
Joriy yilning 18 yanvar kuni Afrika kubogi final bahsida esa Senegal mezbonlarni qo‘shimcha vaqtda 1:0 hisobida yenggandi.
Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda bosh hakam Senegal darvozasi tomon penalti belgilagan. Hakam qaroridan norozi bo‘lgan senegallik futbolchilar maydonni tark etgan. Ma’lum qilinishicha, bu holat musobaqa reglamentining 82-moddasiga zid hisoblanadi. Unda jamoa o‘yin yakunlanmasdan hakam ruxsatisiz maydonni tark etsa, musobaqadan chetlashtirilishi mumkinligi belgilangan. Shu sababli Senegalning chempionligi Marokashga berildi.
Live
Barchasi