Senegalning JCHdagi shifokori ginekolog bo‘lib chiqdi
Sport
−
14 iyul 1995 2 daqiqa
Senegal milliy terma jamoasi shifokori sportchilar bilan ishlash uchun zarur malakaga ega mutaxassis emas, ginekolog ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda kecha, 13 iyul kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti Abdulay Fall ma’lum qildi.
“Bizning doimiy shifokorimiz futbolchilarimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun zarur ixtisoslikka ega emas. Doktor Fedior ginekolog va men bu haqda juda kech bildim”, deydi Fall.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Senegal terma jamoasi futbolchilari ham shifokorning ish uslubiga shubha bilan qaragan va ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga to‘liq ishonmagan.
Nashrning yozishicha, federatsiya 2026 yilgi Jahon chempionati davomida tibbiy shtabni kuchaytirish maqsadida qo‘shimcha ravishda sport tibbiyoti bo‘yicha mutaxassisni ishga jalb qilgan.
Shu bilan birga, Senegal sport tibbiyoti assotsiatsiyasi mazkur ayblovlarni rad etib, ularni “asossiz va tuhmat” deb atagan. Assotsiatsiya bayonotida qayd etilishicha, doktor Fedior ginekologiya bo‘yicha diplomdan tashqari, Sheyx Anta Diop universitetida sport tibbiyoti bo‘yicha ham maxsus diplom olgan.
Eslatib o‘tamiz, Senegal terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida 1/16 finalda Belgiyaga qo‘shimcha bo‘limlarda 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan edi. Senegalliklar uchrashuvning 86-daqiqasiga qadar 2:0 hisobida oldinda borayotgan bo‘lsa-da, asosiy vaqtda ikki, qo‘shimcha bo‘limlarda esa yana bir gol o‘tkazib yubordi.
Jamoa mundialni tark etganidan so‘ng federatsiya bosh murabbiy Pap Tiavni o‘z lavozimidan ozod qildi.
Live
Barchasi