Chempionlik paradida “Liverpul” muxlislarini mashina bosib ketdi (video)
Sport
−
27 may 7047 1 daqiqa
Kecha, 26 may kuni tunda Angliya Premer-ligasidagi g‘alabasini nishonlayotgan “Liverpul” futbol klubi muxlislari ustiga 53 yoshli shaxs avtomobilini haydadi. Oqibatda taxminan 50 kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, “The Telegraph” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, voqea Liverpul shahrida jamoaning chempionlik sharafi uchun o‘tkazilgan tantanali parad chog‘ida yuz bergan. Tez yordam xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 27 kishi shifoxonaga yetkazilgan, ulardan ikkisining ahvoli og‘ir. Yana 20 nafar kishiga hodisa joyining o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
BBC xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar yetib kelganida, mashina ostida to‘rt kishi, jumladan bir bola qisilib qolgan bo‘lgan.
Mashina haydovchisi – 53 yoshli mahalliy aholi vakili, “oq tanli britaniyalik” hibsga olingan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u ataylab muxlislar ustiga avtomobilini haydagan. Avtomobil to‘xtaganidan so‘ng, atrofdagi odamlar haydovchiga hujum qilgan, biroq politsiya ularni orqaga surishga muvaffaq bo‘lgan. Rasmiylar voqeani terrorchilik harakati sifatida ko‘rib chiqmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Shtutgart shahrida Mercedes Gelandewagen bir guruh odamlarni bosib ketgan edi. Hodisa oqibatida 3 kishi og‘ir, yana 5 kishi yengil jarohat olgan. Haydovchi hodisa joyida qo‘lga olingan. Voqea vaqtida og‘ir tan jarohatlari olgan 46 yoshli ayol shifoxonada vafot etgan.
Live
Barchasi