Chexiya Prezidenti mototsiklda avariyaga uchradi
Olam
−
24 may
5637Chexiya Prezidenti Petr Pavel kecha, 23 may kuni mototsikl haydayotganida avariyaga uchrab, jarohat oldi va shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Uning jarohatlari jiddiy emas, lekin u Praga harbiy universiteti gospitalida qisqa muddat kuzatuv ostida qolishi kerak", deyiladi xabarda.
Politsiya holat yuzasidan tergov o‘tkazish niyatida emas. Chunki hodisa yo‘lda emas, balki yopiq poyga joyida sodir bo‘lgan. OAV Chexiya Prezidenti odatda BMW R1200GS rusumli nemis mototsiklida yurishini yozmoqda.
Qayd etish joizki, 62 yoshli Pavel mototsikllarni yaxshi ko‘rishi bilan tanilgan. Sobiq yuqori martabali NATO generali bo‘lgan Pavel 2023 yil mart oyida Chexiya Prezidenti etib saylangan. Inauguratsiyadan bir necha hafta o‘tib, u qo‘shni Germaniyaga mototsiklda bordi.
U o‘z sevimli mashg‘uloti tufayli birinchi marta muammoga duch kelayotgani yo‘q. Aprel oyida u o‘q otish poligonida quroldan o‘q otish chog‘ida jarohat olgan. Sobiq general optika bilan jihozlangan miltiqdan o‘q otish chog‘ida qoshlari yaqinida mayda jarohat olgan. O‘tgan yili esa u shlemsiz velosipedda ketayotganini payqab qolishganidan keyin omma oldida kechirim so‘rashga majbur bo‘lgan.
LiveBarchasi