Chavusho‘g‘li Blinken bilan AQSH va Turkiya muammolari haqida gaplashib oladi
Olam
−
18 may 2022
4425Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 18 may kuni Nyu-Yorkda “Strategik muloqot mexanizmi”ning birinchi Anqara-Vashington vazirlar yig‘ilishi doirasida uchrashadi. Ushbu mexanizm kelishmovchiliklarni bartaraf etish va hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ishga tushirildi. Bu haqda “Anadolu” yozmoqda.
Ta’kidlanishicha, Chavusho‘g‘li va Blinken iqtisodiy hamkorlikning holati va istiqbollari, terrorizmga qarshi kurash, mudofaa sohasida sheriklik masalalarini muhokama qiladi, mintaqaviy kun tartibining asosiy jihatlari yuzasidan fikr almashadi.
Vashington va Anqara o‘rtasidagi asosiy kelishmovchilik AQSH tomonidan PKK terrorchi tashkilotining Suriyadagi qanoti bo‘lgan YPG'ga ko‘rsatilayotgan yordamga taalluqlidir. AQSHning Suriyadagi terror tashkilotlari bilan hamkorligi Turkiya bilan munosabatlarni jiddiy sovuqlashtirgan.
Shuningdek, Anqarada Amerika rasmiylarining FETO terrorchilik tashkilotiga nisbatan pozitsiyasi hamda Rossiyaning S-400 havo mudofaa tizimlarini Turkiyaga yetkazib berishga salbiy munosabati tanqid qilinmoqda.
Qayd etilishicha, Vashingtondagi Turk-Amerika muzokaralarida ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan yana bir mavzu Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi muloqotdir.
Ta’kidlanishicha, Chavusho‘g‘li Nyu-Yorkka tashrifi doirasida BMT Bosh Assambleyasi shafeligida ilk bor o‘tkaziladigan Xalqaro migratsiya forumida ham ishtirok etadi.
Avvalroq, Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga kirishini ma’qullash uchun F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish dasturiga kiritilishini kutayotgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi