ChatGPT’ni yaqinda odamdan ajratib bo‘lmay qoladi 

Texnologiya

image

GPT-4 modelidagi kuchli yangilanish olgan ChatGPT platformasi yangi funksiyalar bilan boyidi. OpenAI esa allaqachon keyingi yangilash, GPT-5 modeli ustida ishlamoqda, u kelgusi qishda chiqarilishi mumkin. Bu esa ChatGPT’ni kuchli sun’iy intellekt (Artificial General Intelligence – AGI), ya’ni odamdan farq qilmaydigan darajagacha rivojlanishini anglatadi. Bu haqda “3d news” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirgi GPT-4 yangilanishi ChatGPT imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirgan. Masalan, platforma multimodal kiritishni qo‘llab-quvvatlay boshlagan, ya’ni unga matn ko‘rinishida ham, tasvir ko‘rinishida ham so‘rov yuborilishi mumkin. Bundan tashqari, u bir nechta tillarda ishlaydi va internetga ulana oladi. Natijada GPT-4 odamlar uchun mo‘ljallangan ko‘pgina imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tadi va oldingi versiyaning imkoniyatlarini oshiradi.

Texnik jihatdan inson darajasidagi ko‘pgina vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellektning GPT-5 bilan yangilanishi esa ChatGPT’ning ma’lumotlarni qayta ishlash va kontent yaratish nuqtai nazaridan inson ongi imkoniyatlaridan ham oshib ketishiga yordam beradi. Joriy yilning dekabr oyida GPT-5 sinovlari yakunlanishi rejalashtirilgan. 

Soha mutaxassisi, dasturchi Siqi Chenning fikricha, OpenAI model AGI darajasiga yetisha oladi.  Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilik hozirgi model AGI’ga yetganmi yoki yo‘qligini qizg‘in muhokama qilmoqda – bu esa jarayon haqiqatdan ham sodir bo‘lishini anglatadi. Ushbu bosqichga erishgandan so‘ng, tizim tushuncha va vazifalarni odam bilan teng ravishda o‘zlashtirishni o‘rganadi va u bilan suhbat jonli tarzda bo‘layotganga o‘xshaydi.

Hozircha bu faqat taxminlar, chunki insoniyat hali yangilangan ChatGPT’ni solishtirish mumkin bo‘lgan AGI modeliga ega emas. Biroq bu GPT-4’ga nisbatan sezilarli darajada yaxshilanish bo‘ladi: yangi versiya o‘zidan oldingi versiyaga qaraganda tezroq va aniqroq javoblarni taklif etadi. Ammo OpenAI GPT-5’dan oldin sentyabr yoki oktyabr oylarida GPT-4.5 modelini chiqarishni rejalashtirmoqda, bu esa platformaning keyingi rivojlanish yo‘nalishini ko‘rsatishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

sun'iy intellekt ChatGPT AGI GPT-5

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing