ChatGPT bir necha soniya ichida bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘ydi

Texnologiya

image

Garvardning axborot texnologiyalari va tibbiyot bo‘yicha mutaxassisi doktor Ayzek Koxeyn ikki hamkasbi bilan birga GPT-4 versiyadagi ChatGPT sun’iy intellektini tibbiy sohada sinab ko‘rdi. Tadqiqotchi GPT-4 tizimi ko‘plab shifokorlardan yaxshiroq ekaniga amin bo‘ldi. Bu haqda “3d news” xabar  berdi.

Doktor Ayzek Koxeyn tajriba natijalarini mustaqil jurnalist Keri Goldberg va Microsoft'ning tadqiqotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Piter Li bilan hammmualliflikda yozgan “Tibbiyotda sun’iy intellekt inqilobi” kitobida batafsil bayon qilgan. Mart oyida chiqarilgan GPT-4 modeli tibbiy litsenziyalash imtihonida 90% natija qayd etib, nafaqat GPT-3 va GPT-3.5 asosidagi ChatGPT sun’iy intellektini, balki litsenziyaga ega bo‘lgan ba’zi shifokorlarni ham ortda qoldirgan.

GPT-4 nafaqat faktlar bo‘yicha, balki tarjimon sifatida ham o‘zini yaxshi ko‘rsatgan. U bemorning portugal tilidagi kasallik tarixini saralab, jargonli matnni oltinchi sinf o‘quvchisi tushuna oladigan materialga aylantirgan. Sun’iy intellekt shifokorlarga palatada o‘zini qanday tutish va bemor bilan ularning ahvoli haqida aniq, ammo rahmdil tilda qanday gapirish bo‘yicha foydali maslahatlar bergan. Shuningdek, u katta hajmdagi ekspertiza hisobotlarini qayta ishlashga, ularning mazmunini bir zumda umumlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Doktor Koxeyn, bir tomondan, yaqin kelajakda bunday vosita millionlab odamlar uchun mavjud bo‘lishidan xursand bo‘lsa, boshqa tomondan, platformani foydalanuvchi uchun qanday qilib xavfsiz qilish kerakligini hali bilmaydi. Chunki GPT-4 har doim ham ishonchli emas va kitobda uning turli xil xatolariga ko‘plab misollar keltirilgan. Bundan tashqari, sun’iy intellekt ushbu xatolar ko‘rsatilganda, ular to‘g‘ri ekanini da’vo qiladi. Bu esa texnik “gallyutsinatsiya” deb nomlanadi.

“Mening niyatim hech kimni aldash yoki yo‘ldan ozdirish emas, lekin men ba’zan xato va to‘liq bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarga asoslanib taxminlar qilaman. Men klinik hukmlar chiqarmayman va shifokor yoki hamshira sifatida axloqiy javobgarlikka ega emasman”, degan GPT-4 modelidagi sun’iy intellekt o‘z himoyasi uchun.

Kitob mualliflari esa himoya choralaridan biri sifatida GPT-4 bilan bir nechta sessiyalarni o‘tkazishni taklif qilishgan. Shunda sun’iy intellektning o‘zi o‘z ishini  qayta o‘qiydi va tekshiradi. Bu esa ba’zida xatolarni aniqlashga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dekabr oyida GPT-5 modeli ishlab chiqilishi, bu esa sun’iy intellektga ma’lumotlarni qayta ishlash va kontent yaratish nuqtai nazaridan inson ongi imkoniyatlaridan ham oshib ketish imkonini berishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

tibbiyot sun'iy intellekt ChatGPT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made