“Akutagava” mukofotini olgan yozuvchi ChatGPT'dan foydalanganini tan oldi
Madaniyat-san’at
−
23 yanvar
6925Yaponiyaning eng nufuzli adabiy mukofoti – "Akutagava" mukofotining 17-g‘olibi Riye Kudan o‘z romanini yozishda ChatGPT`dan foydalanganini tan oldi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muallifning "Tokiodan Dojoga" nomli oxirgi romani Akutagava mukofoti hay’atini hayratga solgandi va yozuvchi ushbu mukofotga munosib ko‘rilgandi.
Shundan so‘ng, 33 yoshli yozuvchi kitobning taxminan 5 foizi sun’iy intellekt tomonidan yozilgan jumlalardan iborat ekanligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt bilan tez-tez suhbatlashish unga hech kim bilan gaplasha olmaydigan eng samimiy fikrlarini aytishga imkon bergan. Ushbu suhbatlardagi ChatGPT`ning javoblari esa ba’zan yozuvchini romandagi dialoglarni yozishga ilhomlantirgan.
Kudanning romanida SI kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan xayoliy yaqin kelajakda tasvirlangan. Shuningdek, uning fikricha, sun’iy intellektning generativ dasturiy ta’minoti uning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam bergan. Yozuvchi ushbu hamkorlikni saqlab qolmoqchiligini ham bildirgan.
Ushbu bayonotlardan so‘ng, "Akutagava" mukofoti tashkiloti hozircha yozuvchining mukofoti olib qo‘yilishi yoki yo‘qligiga izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt yozuvchilar nomidan soxta kitoblar yoza boshlagani aytilgandi.