ChatGPT auditoriyasi uch yilda 1 milliard foydalanuvchidan oshdi

Texnologiya

image

ChatGPT ishga tushirilganidan atigi uch yil o‘tib, uning oylik faol foydalanuvchilari soni 1 milliarddan oshdi. Bu uni tarixdagi eng tez o‘sgan ilovalardan biriga aylantirdi. Bu haqda “Sensor Tower” tahliliy kompaniyasi ma’lum qilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, ChatGPT oyiga 1 milliard faol foydalanuvchi ko‘rsatkichiga Google Maps, TikTok va YouTube kabi mashhur platformalardan ancha tez erishgan. Ushbu servislarga bunday natijaga chiqish uchun 5 yildan 8 yilgacha vaqt ketgan.

Shu bilan birga, tahlilchilar tadqiqot ma’lum cheklovlarga ega ekanini ham ta’kidlagan. Baholash OpenAI rasmiy statistikasiga emas, balki mustaqil tahlillarga asoslangan. Bundan tashqari, hisob-kitoblarda faqat ChatGPT mobil ilovasi foydalanuvchilari inobatga olingan bo‘lib, veb-versiya va dasturchilar uchun mo‘ljallangan vositalar hisobga kiritilmagan.

Statistika servisdan qay darajada foydalanilishini ham aks ettirmaydi. Masalan, har kuni ilovadan foydalanadigan inson ham, oyiga bir marta kiruvchi foydalanuvchi ham bir xil hisoblangan.

“Sensor Tower” ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda ChatGPT auditoriyasi 62 foizga oshgan.

Shu bilan birga, raqobatchi sun’iy intellekt xizmati Claude yil davomida taxminan 640 foiz o‘sishni namoyish etgan. Biroq uning auditoriyasi ancha kichik bo‘lib, hozirda taxminan 56 million foydalanuvchini tashkil qiladi.

Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, ayrim foydalanuvchilar bir vaqtning o‘zida bir nechta sun’iy intellekt platformalaridan foydalanmoqda. Masalan, AQSHda yilning birinchi choragida Claude ilovasini o‘rnatganlar orasida keyingi oyda undan foydalanish vaqti atigi 5 foizga qisqargan. Tahlilchilar bu holatni muqobil platformalarga bo‘lgan barqaror qiziqish belgisi sifatida baholamoqda.

Hozirda ChatGPT ommaviy bozorda yetakchilikni saqlab qolmoqda, Claude esa dasturchilar va korporativ mijozlar orasida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.

OpenAI avvalroq eng faol foydalanuvchilar uchun oyiga 110 dollarlik ChatGPT Pro obunasini ham ishga tushirgan.

Mutaxassislar sun’iy intellekt bozorining jadal o‘sishini suhbatlashuvchi yordamchilar millionlab odamlar uchun kundalik vositaga aylanib borayotgani bilan izohlamoqda. Ko‘plab foydalanuvchilar uchun sun’iy intellektdan ma’lumot izlash internetdagi an’anaviy qidiruv tizimlarining o‘rnini bosishni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT chat-botini ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasi AQSH boshchiligida sun’iy intellektni (SI) boshqarish bo‘yicha global organ yaratish taklifi bilan chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

ChatGPT OpenAI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing