“Charlie hebdo” endi Erdo‘g‘anning karikaturasini chop etdi

Olam

image
Erdo‘g‘an va Makron mojarosi: gap faqat dindami? north_east

Erdo‘g‘an va Makron mojarosi: gap faqat dindami?

Fransiyadagi haftalik “Charlie Hebdo” hajviy jurnalining yangi soni muqovasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning karikaturasini chop etdi. Jurnalning bu soni bugun, 28 oktyabrda savdoga chiqadi. Bu haqda nashrning “Twitter” sahifasida xabar qilingan.

Karikatura rasmiy Anqara va Parij o‘rtasida diplomatik mojaro avj olgan bir vaqtda e’lon qilindi. Erdo‘g‘anning Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga qarata aytgan keskin tanqididan keyin Parij Anqaradagi elchisini chaqirib oldi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqidan Turikyaga nisbatan sanksiya joriy qilishni talab qildi.

Shu bilan birga, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi kunlarda Erdo‘g‘anning bayonotlarining “tajovuzkor va toqat qilib bo‘lmas”ligiga qaramay, Fransiya bunday darajada tortishmoqchi emasligi haqida bir qator bayonotlarni bergandi.

Xususan, 25 oktyabrda Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo‘yicha davlat kotibi Klement Bon, 27 oktyabrda Yevropa ishlar va tashqi ishlar vazirligi huzuridagi vazir-delegat Frank Riyester shunday bayonot bergandi. Shu bilan birga, avvalroq, Prezident Makron Parij payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalarini nashr etishdan bosh tortmoqchi emasligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin komunnasida tarix fani o‘qituvchining o‘ldirilishi ortidan yanada sovuqlashdi. O‘qituvchi darsda o‘quvchilarga buyuk payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning "Charlie Hebdo" jurnalida chop etilgan karikaturasini ko‘rsatadi. Chechenistonda tug‘ilgan 18 yoshli Abdulak Anzorov o‘qituvchi Samyuel Patiga pichoq bilan hujum qilib, uni o‘ldiradi. Oradan ko‘p o‘tmay, politsiya qotilni otib tashlaydi. Ushbu voqea Makronning Islom olamiga qarshi bayonotlar bilan chiqishi va mamlakatda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashiga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Turkiya va arab davlatlari fransuz mahsulotlariga boykot boshladi.

"Charlie Hebdo" ishi

Fransiyaning "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri 2015 yil yanvar oyida tahririyatga qilingan hujumga sabab bo‘lgan payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalarini joriy yilning 1 sentyabr kuni qayta chop etdi. Nashr buni 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt bo‘yicha sud jarayoni boshlanishi arafasida amalga oshirdi. 

Gap shundaki, bundan 5 yil avval "Charlie Hebdo" jurnali Muhammad (s.a.v.)ni hajv qilib chiqqani uchun, tahririyat terrorchilik harakati nishoniga aylangan edi. Unda 12 kishi qurbon bo‘ldi.

Hujum 2015 yilning 7 yanvar kuniga to‘g‘ri kelgan. 

2 sentyabr kuni Fransiyada ilk hujum bilan bog‘liq sud ishi boshlandi. Unda 14 gumondor hozir bo‘ldi. Sud tinglovchi 10 noyabrga qadar davom etadi.

"Charlie Hebdo” jurnalida muqaddas Islom dinining so‘nggi payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ning karikaturasi chop etilishi musulmon mamlakatlarning Fransiyaga qarshi e’tiroziga sabab bo‘lib, ziddiyatlarni oshirmoqda. Bunga nisbatan Turkiya va Eron munosabat bildirdi.

Prezident Emmanuel Makron tahririyat harakatlarini so‘z erkinligining ifodasi deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

1510

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing